"Mundialda kamida yarim finalgacha bormoqchimiz, jahon chempionati faoliyatimdagi burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin" - Abbos Fayzullaev

  • 26 mart, 2023, 12:49
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston U20 terma jamoamizning Osiyo chempionatidagi muvaffaqiyati shubhasiz futbolimiz tarixidagi yorqin lahzalardan biriga aylandi.

Tecno

Hammasi o‘z-o‘zidan bo‘lib qolgani yo‘q. Chunki buning zamirida juda katta mehnat yotibdi. Mazkur terma jamoamiz safida futbolimizning ertangi kun yulduzlari to‘p surishyapti.

Ana shunday kelajagi porloq, hammani qoyil qoldirayotgan iste’dodlarimizdan biri Abbos Fayzullaevdir. “Paxtakor” klubi tarbiyalanuvchisi U20 terma jamoamizning muhim figuralaridan biri va albatta chempionlik qo‘lga kiritilishida ulkan hissasini qo‘shdi. 

Sports.uz jurnalisti Fayzullaev bilan Osiyo chempionati va undagi taassurotlari haqida suhbatlashdi.

- O‘zbekiston U20 terma jamoamizning Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgani katta yutuq bo‘ldi. Sizdan dastlab qit’a chempionati haqida so‘ramoqchiman. Motivatsiya, qo‘shimcha kuch kabi hislatlar jamoamizda sezilib turdi. Taassurotlaringiz qanday bo‘ldi?

- Barchani chempionlik bilan tabriklayman. Osiyo chempionatiga keladigan bo‘lsak, biz bu turnirga ikki yil tayyorgarlik ko‘rdik. Jamoamiz bilan turli xil yig‘inlar o‘tkazdik, o‘rtoqlik uchrashuvlarida o‘ynadik. Bu nafaqat Osiyo chempionati musobaqasi, balki jahon chempionatiga yo‘llanma beradigan muhim turnir edi. Aynan shunisi bilan bu ikki karra muhim musobaqa edi. Hammasini yaxshi tushunib turgan holda qattiq tayyorgarlik olib bordik. Maqsadimizga erishish uchun maydonda borimizni berdik. Buni o‘zingiz ham ko‘rdingiz. Jamoaviy o‘yinni yaxshi yo‘lga qo‘yganimiz maydonda bilinib turdi, deb o‘ylayman. Asosiy kuchimiz mana shunda edi.

abbos1

- Final betakror bo‘ldi. Bu siz uchun ham muhim edi, chunki birinchi marta mana shunday finalda edingiz. Muhtaram Yurtboshimizdan oltin medalni olishingiz, jamoamizni qo‘llab-quvvatlagani, umuman barchasi ajoyib lahzalar edi. Buni xuddi shirin tushga o‘xshatish mumkinmi?

- Buni tush deb ayta olmayman. Chunki yoshligimdan o‘z oldimga aniq-aniq maqsadlar qo‘yganman. Shuning uchun maqsadlarimni aniq bilardim. Menimcha, buni oldimga qo‘ygan vazifalarimni birin-ketin bajarishim deb o‘ylayman. Lekin bu muvaffaqiyatimizni hech qanday tushga o‘xshatmayman.

- Finalgacha va finaldan keyingi holatingiz qanday edi?

- Finaldan oldin va finaldan keyingi kechani bir xil o‘tkazdim. Chunki har bir uchrashuvga bir xil tayyorgarlik ko‘ramiz. Bu xoh final, xoh guruhdagi o‘yin bo‘lsin, ajratmasdan odatiy tarzda tayyorlandik.

- Osiyo chempionatida siz uchun eng hayajonga boy va murakkab o‘yin sifatida qaysi uchrashuvni aytgan bo‘lardingiz?

- Eng hayajonga boy yoki murakkab o‘yin bu Avstraliyaga qarshi uchrashuv edi. Chunki buning mas’uliyati juda katta edi. O‘rtada jahon chempionati yo‘llanmasi turgandi. Ushbu bellashuvni eng qiyini bo‘ldi, deb o‘ylayman.

abbos2

- Osiyo chempionligining qo‘lga kiritilishi faoliyatingizda yangi sahifa ochayotgani rost. Ayting-chi, mazkur muvaffaqiyat faoliyatimga qanchalik ta’sir qiladi, deb o‘ylaysiz?

- Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi va bu faoliyatimdagi burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin. Mundialda juda ko‘p skautlar kuzatishadi. Menimcha, dunyoning deyarli barcha skautlarining e’tiborida bo‘ladi. Shu sababli ham ushbu jahon chempionati faoliyatimdagi burilish nutqasiga aylanishi mumkin.

- Osiyo chempionatidan keyin ko‘plab skautlar siz bilan jiddiy qiziqib qolishgani haqida eshityapman. Sir bo‘lmasa, aynan qanday klublardan takliflar kelib tushmoqda?

- Qiziqishlar bo‘layotgan bo‘lishi mumkin, bu tabiiy holat. Lekin hozircha bularga e’tibor bermadim. Bu haqida o‘ylamadim.

- Mendagi ma’lumotga qaraganda, “Bavariya” sizni kuzatyapti...

- Hali “Bavariya”ning qiziqishi haqida hech nimani bilmayman. Bu narsalarni agentimga qoldiraman.

abbos4

- Ikki oydan keyin jahon chempionatida ishtirok etamiz. Terma jamoamizni mundialdagi potentsialini qanday baholaysiz va nimaga qodir deb o‘ylaysiz?

- Ha, yaqinda, may oyida Indoneziyada jahon chempionati boshlanadi. Jamoamizning potentsialini juda yuqori deb o‘ylayman. Oldimizga katta maqsad qo‘yganmiz. Kamida yarim final va finalgacha bormoqchimiz.

- Umuman olganda, jahon chempionatidan so‘ng faoliyatimni legioner sifatida xorijda davom ettirish fursati etdi, deb o‘ylaysizmi yoki “Paxtakor”da yana biroz qolishim kerak, degan fikrdamisiz?

- Qachon legioner bo‘lishimni vaqt ko‘rsatadi. Lekin ketishimdan oldin bunga tayyor bo‘laman, Xudo xohlasa.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!