Mundial debyutantlari ishtirokidagi o‘yinlar zerikarli bo‘ladi?! Karragerga e’tirozlarimiz bor (2-qism)

  • 18 oktabr, 16:02
  • Muhammadqodir Ruzmatov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

FIFA Jahon chempionatida ishtirok etadigan jamoalar sonini 48 taga etkazdi. Bunga asosiy sabab — geografik jihatdan musobaqani kengaytirish hamda Afrika, Osiyo va Shimoliy Amerikadagi futbolga bo‘lgan yuqori qiziqishdir.

Tecno

Masalan, Markaziy Osiyodan faqat O‘zbekiston mundialga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi, biroq uning o‘yinlarini qo‘shni davlatlar — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston muxlislari ham intiqlik bilan kuzatadi. Xuddi shunday holatni Iordaniya yoki Kabo-Verde misolida ham kuzatish mumkin.

Shuningdek, Marokash 2022 yilgi Jahon chempionatida yarim finalga chiqib, tarix yozdi — Afrikadan bunday natijaga erishgan ilk jamoa bo‘ldi. Ularning o‘yinlarini butun dunyo bo‘ylab 200 milliondan ortiq tomoshabin kuzatgan. Bu esa Afrikadagi jamoalarning o‘yinlariga Evropa va boshqa qit’alardagi futbol ishqibozlari ham katta qiziqish bildirayotganini ko‘rsatadi.

Saudiya Arabistonining Argentina (2:1) ustidan qozongan g‘alabasi esa futbol tarixidagi eng katta sensatsiyalarning biri sifatida esda qoldi. Ushbu o‘yin 100 dan ortiq mamlakatda trendga aylangan edi.

Demak, yangi jamoalar — xususan O‘zbekiston, Kabo-Verde va Yordaniya — kelajakda shunday kutilmagan natijalarni qayd etishi ehtimoldan xoli emas. Shuning uchun ham “syurpriz” terma jamoalarning uchrashuvlari futbol olamida e’tibordan chetda qolmaydi. Natijalar o‘zini ko‘rsatgan paytda Karragerning “bunday o‘yinlarni faqat aqldan ozganlar tomosha qiladi” degan so‘zi o‘zi kulgili tuyuladi.

Quyidagi raqamlar esa jahon chempionatlariga bo‘lgan qiziqish yildan-yilga ortib borayotganini ko‘rsatadi:

2022, Qatar — har bir o‘yinni o‘rtacha 175 million kishi ko‘rgan; finalni esa 1,42 milliard tomoshabin kuzatgan. (FIFA)

2018, Rossiya — har bir o‘yinni o‘rtacha 191 million kishi, finalni esa 1,12 milliard kishi tomosha qilgan. (FIFA)

2014, Braziliya — har bir o‘yinni o‘rtacha 186,7 million kishi, finalni esa 1,01 milliard kishi ko‘rgan. (ESPN.com)

Bu raqamlarning o‘sib borishi, “hech kim intiqlik bilan kutmaydi” deb hisoblangan o‘yinlar ham aslida katta auditoriyani o‘ziga tortayotganini isbotlaydi.

“Futbol vatani”, ammo...

Angliya terma jamoasi oxirgi marta jahon chempionatining bosh sovrinini 1966-yilda yutgan. “Futbol vatani” sanalgan mamlakat uchun bu, shubhasiz, salbiy statistika.

1990 yildan buyon Angliya sakkiz marta yirik turnirlar — jahon chempionati yoki Evropa chempionati yarim final bosqichiga chiqqan. Ulardan ikkitasida — “Evro-2020” (2021-yilda o‘tkazilgan) va “Evro-2024” musobaqalarida finalga chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Biroq ikkala finalda ham Angliya mag‘lubiyatga uchradi: dastlab Italiyaga, so‘ngra Ispaniyaga qarshi.

Mutaxassislar “uch sherlar”ning oltin davri deyishganda Jerrard, Lempard, Bekxem, Runi va Terri kabi yulduzlarni eslaydi. Ammo bu tarkib ham kutilgan natijalarni bera olmadi — “oltin avlod”dan futbol tarixiga faqat chiroyli intervyular va reklama suratigina qoldi, xolos.

2022 yil Qatardagi Jahon chempionatida esa Angliya Frantsiyaga imkoniyatni boy berdi. Albatta, bu natijalar ayrim jamoalar uchun yaxshi ko‘rinar, ammo Angliya kabi “gigantlar” uchun bunday holat — mag‘lubiyat sifatida qabul qilinadi.

Jeymi Karragerning o‘zi esa 2006 va 2010 yillardagi mundialarda Angliya terma jamoasi safida bor-yo‘g‘i 6 ta o‘yinda maydonga tushib, 299 daqiqa o‘ynagan va 3 ta sariq kartochka olgan.

Xulosa

Maydonda to‘p va futbolchilar bor ekan, futbolga bo‘lgan qiziqish aslo o‘lmaydi.

 

Ruzmatov Muhammadqodir
                                                                                                                                                 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!