Muhammadiev iste’foga chiqariladimi? "Buxoro" qachon o‘z maydoniga qaytadi? Yoxud klub bosh direktori savollarga javob berdi

  • 18 mart, 2020, 21:48
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

“Buxoro” klubi “Mavsum-2020”ni ketma-ket uchta yirik hisobdagi mag‘lubiyatlar bilan boshlagani muxlislarini ham, rahbarlarini ham ranjitdi. Shu boisdan bosh murabbiy Muhsin Muhammadievning o‘z lavozimidan ozod etilishi mumkinligi borasidagi gap-so‘zlar ham yo‘q emas. Bunday vaziyatda esa faqat klub rasmiylaridan masalaga oydinlik kiritish mumkin edi. Shu sababli biz “Buxoro” klubining bosh direktori Jamshid Botirov bilan suhbatlashdik. Avvalo shuni aytish kerakki, u bungacha “Mash’al” klubida faoliyat olib borgan. “Buxoro” klubida ish boshlashidan oldin esa ushbu klub qoshidagi bolalar futbol maktabida direktor lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. O‘zaro suhbat davomida klubning natijalari, murabbiy masalasi, qachon o‘z maydoniga qaytishi borasidagi savollarga javob oldik. Dastlab “Buxoro”ning chempionatdagi ishtiroki haqida gapirdi.

Tecno

- Qur’a bizga dastlabki turlarda qiyin raqiblarni ro‘baro qilgandi. Natijada boshidanoq top-klublarga qarshi o‘ynashimizga to‘g‘ri keldi. Buning ustiga uy maydonimiz ham yangilanyapti. Shuning evaziga biz asosan safarda o‘ynashimizga to‘g‘ri kelyapti. Axir aytishadi-ku, o‘z uyingda devorlar ham yordam beradi deb. Baribir minglab muxlislarning qarshisida o‘ynash boshqa-da. Xohlaymizmi-yo‘qmi, “Paxtakor”, “Lokomotiv” kabi klublar chempionatimizning eng kuchlilari hisoblanishadi. Lekin biz vaziyatni yaxshilashga va keyingi o‘yinlarda ijobiy natijalar ko‘rsatishga harakat qilamiz.

- “Buxoro” mavsumni ketma-ket uchta yirik hisobdagi mag‘lubiyat bilan boshlagani sababli bosh murabbiyning iste’foga chiqarilishi mumkinligi borasida ham gap-so‘zlar bor...

- Bizda ham yuqorida turuvchi rahbarlarimiz bor. Chempionatimizda tanaffus e’lon qilindi va biz murabbiy masalasida maslahatlashib bir qarorga kelamiz. Ammo Muhsin Muslimovichning jamoada katta xizmatlari bor. U o‘tgan yili “Buxoro”ni Superligada saqlab qoldi.

- Ammo dangal aytadigan bo‘lsak, Muhammadiev iste’foga chiqariladimi yoki unga yana imkoniyat beriladimi? Har xolda bu muxlislar uchun ham qiziq.

- Uni mutaxassis sifatida hurmat qilamiz. Qanaqa futbolchi bo‘lganini ham barcha biladi. Boya aytganimdek, o‘tgan yili jamoani kuchlilar orasida saqlab qolishida katta xizmatlari bor. Rahbarlarimiz bilan maslahatlashgan holda yuzaga kelgan tanaffusdan foydalanib murabbiy masalasini ijobiy hal qilamiz. Yaqin kunlarda klubda ushbu holat bo‘yicha yig‘ilishimiz bo‘ladi. Bilasiz, buxorolik ishqibozlar futbolni juda yaxshi ko‘rishadi. Ular doim jamoamizdan g‘alabani kutishadi. Menimcha, hammasi shu haftada hal bo‘ladi.

- Aslida bosh murabbiylikka boshqa nomzodlar ham ko‘rib chiqilyaptimi?

- Bu mavzuda hozircha gapirmay turaylik.

- Lekin bunday salbiy natijalardan keyin rahbariyat ham yangi nomzodlar ustida bosh qotirishi tabiiy-ku?!

- Albatta, bunday natija bo‘laversa ehtimoldan holi emas. Masalan, oltita mag‘lubiyat bo‘lsa ham murabbiyning yana ishlashiga hech kim ruxsat bermasa kerak.

- Aslida klub oldiga bu mavsumda qanday vazifa qo‘yilgandi?

- Superligada raqobatbardosh jamoa tuzish va yoshlarga ko‘proq e’tibor berish vazifasi qo‘yilgan. O‘zim klubda bosh direktor lavozimida ishlayotganimga bir oy bo‘lib qoldi. Mening oldimga ham shunday vazifa qo‘yilgan. Bizda iqtidorli yoshlarimiz ko‘p. Mana, hozirda U-21 hamda U-18 jamoalarimizda 100 foiz buxorolik yoshlarimiz o‘ynashyapti. Yaqin kelajakda “Buxoro” jamoasini mahalliy iqtidorlar bilan to‘ldirishimiz kerak.

- Umuman aytganda, joriy mavsum boshida klubda olib borilgan selektsiya ishlari to‘g‘ri olib borildi deb o‘ylaysizmi?

- Hozir aytganimdek, men klubga yaqinda keldim. Selektsiya ishlari esa asosan yanvar hamda fevral oylarida bajariladi. Kimni olib kelish esa avvalo bosh murabbiyning istagi bilan bog‘liq. Aslida esa bu yil yomon jamoa tuzilmagan.

- “Buxoro”ning uy stadioni qachonga tayyor bo‘ladi?

- Nasib qilsa, ikkinchi davraga tayyor bo‘ladi.

- Ungacha uy uchrashuvlarni qaerda o‘tkazasizlar?

- Mana shunisi muammo bo‘lib turibdi. Ammo biz Muborakning “Mash’al” jamoasi bilan kelishdik. O‘z maydonimizdagi ayrim uchrashuvlarni Muborakda o‘tkazib turamiz. Masalan, “Paxtakor”ni o‘z maydonimizda qabul qilishimiz kerak edi. Ammo ular bilan kelishgan holda uchrashuvni Toshkentga ko‘chirdik. Endi esa “Andijon” bilan o‘yinni “Mash’al”ning maydonida o‘tkazamiz.

- Nega o‘z maydoninglardagi ayrim uchrashuvlarni Muborakda o‘tkazamiz deyapsiz?

- Aslida “Mash’al”ning stadioni ham bizga qarashli emas. Shunchaki Muborak Buxoroga yaqinroq. U erda biz nominal mezbon vazifasida o‘ynaymiz. Hammasi avvalo raqib jamoa bilan qanday kelishishimizga bog‘liq. Ayrimlari bilan Muborakda o‘ynashimiz mumkin yoki bo‘lmasa birinchi davrada raqib jamoa maydonida o‘ynab, so‘ng ikkinchi davrada ularni Buxoroda qabul qilamiz.

- Endi jamoani qachon to‘plamoqchisizlar?

- Bizga uch haftagacha tanaffus deb aytishdi. Futbolchilarni esa taxminan 22 martga to‘plamoqchimiz. Ammo buni avvalambor O‘FA va PFL bilan gaplashib, ularning ruxsati bilan amalga oshiramiz. Hozirda futbolchilar bilan doimiy ravishda telefon orqali gaplashib turibmiz. Balki keyinroq yig‘ilarmiz. Hammasi PFL bilan gaplashib olgach keyin aniq bo‘ladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Расулжон Тоштемиров
19/03/2020 12:10
Бухоро мухсин алмаштирса кейин кучайади акс холда биз узи зурмиз факат бизга уйин бермайабди деб бахона килиб юраверади бахоначи лутивоз
&
Azalshoh
19/03/2020 05:14
BUXORO da futbol muxlislar uchun o'ynalmaydi!!!