
Mourino: "Bu faoliyatimdagi eng yomon start ekanidan xabarim bor. Biroq yaxshilab eslang, "Roma" tarixda ilk bor ketma-ket ikki evrokubok finalida o‘ynadi"
Kecha Italiya A Seriyasi 6-turi doirasida "Roma" safarda "Jenoa"ga 4:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Uchrashuvdan so‘ng rimliklar bosh murabbiyi Joze Mourino fikrlarini batafsil bildirib o‘tdi.
"Hozir jurnalistlar bilan gaplashishni istamayman. Men yigitlar bilan gaplashmadim. Shunday ekan, hech narsani muhokama qila olmayman va savollarga javob bera olmayman.
O‘yinni yomon boshladik, bunisi aniq. Dahshatli gollar o‘tkazib yubordik, "Verona" bilan o‘yinda ham shunday bo‘lgandi. Birinchi golga javob qaytara oldik, ammo keyin yana raqib gol urdi. Lorentening jarohati ham ko‘p narsani o‘zgartirib yubordi.
Manchini sariq kartochka oldi va biz hakam Daniele Orsatoning "qobiliyatlarini" inobatga olgan holda, futbolchini almashtirishga majbur bo‘ldik. Bu esa yana rejalarimizning o‘zgarishiga sabab bo‘ldi.
To‘g‘ri, himoyada o‘tgan mavsumdagidek ishonchli harakat qilmayapmiz. Biz mudofaada muhim vakillarimizni yo‘qotdik. Shu sabab ko‘p gol o‘tkazib yuborishimizni ham tushunsa bo‘ladi.
Ammo hamma narsani aybdor qilib ko‘rsatish - insofsizlik bo‘ladi. Biz jamoa sifatida yomon harakat qilyapmiz. Bunga har birimiz javobgarmiz va mag‘lubiyatlarga ham barcha birdek mas’uldir.
Bu faoliyatimdagi eng yomon start ekanidan xabarim bor. Biroq yaxshilab eslang, "Roma" tarixda ilk bor ketma-ket ikki evrokubok finalida o‘ynadi.
Yig‘lab o‘tirishga vaqtimiz yo‘q. Ertaga yana ishga qaytamiz. Navbatdagi ochkolar biz uchun o‘ta muhim!", - dedi portugaliyalik mutaxassis.
Fikrlar