MOQ Bosh kotibi Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi Sport direktorini qabul qildi

  • 8 oktabr, 2022, 18:42
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Boshqalar
BEPUL PROPAN

Toshkentda o‘tayotgan dzyudo bo‘yicha jahon chempionatiga bir qator martabali mehmonlar tashrif buyurmoqda. Ular orasida Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining Sport direktori Kit Makkonel ham bo‘lib, bugun Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov ushbu mutaxassis bilan hamkorlik aloqalarini yanada yuksaltirish mavzusida suhbat o‘tkazdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar tarqatmoqda.

Manbaga ko‘ra, Oybek Kasimov janob Makkonelga Qo‘mita tarixi va uning faoliyati, o‘zbek sportining yutuqlari haqida ma’lumot berdi. Shundan so‘ng tomonlar bir qator mavzularda muzokara olib borishdi.

Kit Makkonel 2014 yildan XOQ Sport direktori sifatida samarali ishlab kelmoqda. Faoliyati davomida bir qator xalqaro federatsiyalarda yuqori menejerlik salohiyatini ko‘rsatgan. Faxriy mehmon suhbat davomida o‘zbek sportining so‘nggi yillardagi yutuqlarini alohida e’tirof etib, mamlakatimizda Olimpizm va uning pok g‘oyalari targ‘ibotini yanada kuchaytirishda hissa qo‘shishga tayyor ekanini bildirdi. Qolaversa, Kit Makkonel poytaxtimizda o‘tayotgan dzyudo bo‘yicha jahon chempionatining yuqori saviyada tashkil etilayotganini alohida ta’kidladi.

O‘z navbatida, MOQ Bosh kotibi muhtaram Prezidentimizning yurtimizda barcha yo‘nalishlar qatori sport sohasida olib borayotgan islohotlari, Olimpiya sport turlari rivojiga qaratayotgan e’tibori haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, 2025 yil poytaxtimizda o‘tadigan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlariga olib borilayotgan ulkan tayyorgarlik ishlari, yirik musobaqalarni qabul qilish orqali mamlakatimiz aholisi orasida sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotini kuchaytirishga qaratilayotgan e’tibor xususida ham to‘xtaldi.

Suhbat davomida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish borasida kelishib olishdi. Tashrif yakunida mehmonga O‘zbekiston MOQning esdalik sovg‘asi topshirildi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!