"Metallurg" bosh direktori Ispaniyadagi xalqaro turnir haqida: "To‘g‘risi, taassurotlarimni so‘z bilan ifodalash qiyin"

  • 7 iyul, 2023, 00:04
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bekobodning “Metallurg” PFK qoshida faoliyat yuritayotgan futbol akademiyasi tarbiyalanuvchilari Ispaniya mamlakatiga ketma-ket ikkinchi yil safar uyushtirmoqda. Safarga futbol akademiyasida tahsil olayotgan eng namunali, intizomli, a’lochi o‘quvchilar olib ketilyapti.

Tecno

Piriney oroliga yo‘l olgan bu yilgi delegatsiyaga “Metallurg” PFK bosh direktori Shavkat Saidov boshchilik qilyapti. Biz Ispaniya safaridan ko‘zlangan maqsad, xalqaro turnirdagi yoshlarimizning ishtiroki, futbol festivali taassurotlar hamda dastlabki xulosalarni bilish maqsadida Shavkat Saidov bilan bog‘landik.

- Ispaniyaga omon eson etib keldik. Mamlakat poytaxti Madrid shahrida ikki kun bo‘ldik. Barchaga ma’lum, klubimiz qoshida faoliyat yuritayotgan “El Golazo” futbol akademiyasi Qirollik klubi – “Real” (Madrid) akademiyasi bilan uzviy aloqalarni o‘rnatgan. Akademiyamiz Nizomiga binoan har yili 50 nafar eng namunali tarbiyalanuvchilarni Madridga jo‘natishimiz, qirollik klubi akademiyasidagi sharoitlar bilan tanishtirishimiz, ularga yangi cho‘qqilarni zabt etish uchun qo‘shimcha motivatsiya berishimiz kerak. Bu yil o‘zim ham guvohi bo‘lyapman, jahonning top klubi sanaluvchi “Real” (Madrid) akademiyasiga tashrif buyurish o‘quvchilarimizga qanchalik ijobiy ta’sir ko‘rsatishini. Barcha yigitlarimiz o‘zlarining kumirlari bo‘lgan futbolchilarni etishtirib bergan mashhur akademiyadagi har bitta detalni ko‘zlari chaqnab kuzatishyapti. O‘rganishyapti, o‘rnak olishyapti. Kelajakda qirollik klubining mashhur namoyondalari – Zidan, Ronaldu, Benzema kabi taniqli futbolchi bo‘lib etishishni dillariga tugishmoqda. Nufuzli chempionatlarda, etakchi klublarda to‘p surishni orzu qilishyapti. Tom ma’noda “Real” futbol akademiyasiga kelib, “Santyago Bernabeu” bilan tanishib, ulkan taassurotlarga ega bo‘lishmoqda. Ular Vatanimizga qaytgandan so‘ng, o‘z ustlarida tinimsiz ishlashlariga, izlanishlariga shubha qilmayman. “Metallurg” futbol akademiyasini orzular akademiyasiga, orzular oshyoniga aylantirayotgan TA’SISChIMIZ – O‘zbekiston metallurgiya kombinati aktsionerlik jamiyati boshqaruvi rahbariyatiga imkoniyatdan foydalanib alohida minnatdorchilik bildiraman.

Ikkinchi yildirki, O‘zmetkombinat “Metallurg” futbol akademiyasi delegatsiyasini Ispaniya safariga o‘z vaqtida jo‘natyapti. Tarbiyalanuvchilarimizning dunyoga dong‘i ketgan “Real” (Madrid) futbol akademiyasi bilan yaqindan tanishib, katta futbol olami sari dadil, ishonch bilan parvoz qilishlariga zamin yaratyapti. Bu yil qo‘shimchasiga yoshlarimizning xalqaro maydonlarda o‘z kuch va mahoratlarini sinab ko‘rish imkoniyati taqdim etildi. 31-marta o‘tkazilayotgan yirik xalqaro futbol festivali – “Donosti Cup – 2023” qatnashishimizga sharoitlar yaratib berildi, deydi Shavkat Ne’matjonovich.

shavkat saidov1

- “Donosti Cup – 2023” turniri haqidagi taassurotlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz?

- To‘g‘risi, taassurotlarimni so‘z bilan ifodalash qiyin. “Donosti Cup – 2023” musobaqasining tantanali ochilish marosimi hamda masshtabini ko‘rib lol qoldim. Turnirning tantanali ochilish marosimi xuddi Olimpiada, Osiyo o‘yinlari, jahon chempionatlarinikidek ulug‘vor tashkillashtirilgan. Sig‘imi 32000 tomoshabinga mo‘ljallangan “Real Arena” muxlislar bilan gavjum bo‘ldi. Har bitta delegatsiyaga alohida e’tibor qaratilgan. Qatnashchilar sharafiga stadionga mamlakat bayroqlarining olib kirilishi, jamoalarning tantanali paraddan o‘tishi, hamma-hammasi tomoshabinni hayajonda ushlab turdi. Shaxsan o‘zim mazkur marosim bir soat atrofida davom etgan bo‘lsa, paraddan o‘tgan yigitlarimiz, tinimsiz hilpirab turgan Muqaddas bayrog‘imizdan ko‘z uzolmay, to‘lqinlandim. Delegatsiyamizning barcha a’zolari singari hayajonimning cheki bo‘lmadi.

- “Donosti Cup – 2023” turnirining tashkiliy jihatlaridan yana nimalarni e’tirof etgan bo‘lardingiz?

- “Donosti Cup – 2023” aytib o‘tganimdek juda katta masshtabdagi – Futbol festivali. Musobaqada sayyoramizning barcha qit’alaridan – 26 mamlakatdan, 870 ga yaqin qizlar va yigitlar jamoalari ishtirok etishyapti. Betakror tabiat qo‘ynida barpo etilgan “Futbol shaharchasi” desam ham mubolag‘a bo‘lmaydi – 50 ta ideal futbol maydonlari qatnashchilar ixtiyoriga berib qo‘yilgan. Musobaqani kuzatishgani kelayotgan tomoshabinlardan tashqari, ishtirokchilarning o‘zi 20000 kishidan ziyodroqdir. Endi tasavvur qilavering, shuncha katta hajmdagi ishlarni boshqarish, namunali o‘tkazish uchun qancha kuch va mehnat talab etiladi. Biz musobaqaga kelishimizdan avval turnir direktsiyasi bilan bog‘langan, barcha tashkiliy ishlarimizni kelishib, rejalashtirib olgandik. San Sebastyan shahriga etib kelgach, bizga va’da qilingan sharoitlar ortig‘i bilan taqdim etilganini ko‘rib, juda xursand bo‘ldik. Mashg‘ulot o‘tkazish, turnirda yuqori saviyada qatnashish uchun hamma sharoitlar ishtirokchilarga muhayyo etib qo‘yilgan.

shavkat saidov2

- “Metallurg” yigitlarining turnirdagi muvaffaqiyatli ishtirokini ta’minlash, ularni qo‘llab-quvvatlashdan tashqari boshqa rejalarni ham amalga oshirayotgandirsiz?

- To‘g‘ri ta’kidladingiz, bunday yirik tadbirdan qatnashib, tajriba orttirmaslik, o‘rganmaslik mumkin emas. Kuni kecha biz “Donosti Cup – 2023” turniri tashkiliy qo‘mitasi rahbariyatining qabulida bo‘ldik. Turnir asoschisi va bosh direktori Inigo Olaizola hamda uning yordamchisi Mayte Rodil del Ser bilan bir yarim soat davom etgan muloqotimiz mobaynida mezbonlar “Metallurg” klubimiz, futbol akademiyamiz xususida batafsil ma’lumot olishga intilishdi. O‘zbekiston futboli, infratuzilmamiz, uning yutuqlari haqida atroflicha so‘zlab berdik. O‘z navbatida “Donosti Cup – 2023” turnirining tashkiliy ish jarayonlarini ulardan so‘rab, bilib, o‘rgandik. Tajriba almashdik, desak ham bo‘ladi. Ispaniya futboli juda yuqori darajada taraqqiy etgan mamlakat. Ulardan o‘rganadigan jihatlarimiz ko‘p. San Sebastyan shahri futbol mutasaddilari bilan muloqot chog‘ida biz ularni yurtimizga taklif qildik. Hamkorligimizni yanada uzviy, mustahkam davom ettirish, yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldik.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!