"Men uchun ajoyib tramplin bo‘ladi, bu erda boshqa o‘zbekistonlik futbolchi yo‘q, faqat o‘zimman" - legionerimiz Evropada o‘ynaydi

  • 5 aprel, 2023, 11:46
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Xorijda doim o‘zbek o‘yinchilariga qiziqish bo‘lib kelgan. Natijada kimdir kutilmagan mamlakatga ketib qolishi ham hech gap emas. Xuddi shu holat iqtidorli futbolchi Malikshoh Rasulov bilan kuzatildi. Bu hujumchi o‘tgan mavsumni pro ligada “Andijon” safida o‘tkazdi va 19 ta uchrashuvda 2 ta gol muallifi bo‘lgan.

Tecno

24 yoshli futbolchi chempionat yakunlangach, “Andijon” bilan xayrlashdi va endilikda faoliyatida oldinga qadam tashlagan holda legionerga aylandi. Aytish lozimki, bu kutilmagan yangilik bo‘ldi. Rasulovni yana o‘zimizni chempionatda to‘p surishini kutgandik. Ammo futbolchi Gruziya chempionatiga yo‘l oldi. U erda “Kolxetti xobi” jamoasining yangi a’zosiga aylandi. Bu klub ikkinchi divizionda (bizning pro liga kabi) ishtirok etadi. Rasulov legionerga aylangach, Sports.uz sayti uchun intervyu berdi.

- O‘tgan yili “Andijon” safida to‘p surganingizni bilamiz. Bu yil esa Gruziya chempionatiga ketdingiz. Aslida chetga ketishga tayyorlanayotganmidingiz yoki siz uchun barchasi kutilmaganda sodir bo‘ldimi?

- Albatta, xorijga ketishga niyatim bor edi. Ammo aynan bu yil chetga yo‘l olishimni bilmagandim, kutmagandim. “Andijon” men uchun o‘tgan yili yaxshi tramplin bo‘ldi, deb o‘ylayman. Chunki pro liga g‘olibi bo‘ldik va chempionatni ham yaxshi o‘tkazdik. Shu o‘rinda "Andijon" rahbariyatiga va muxlislariga minnatdorchilik bildiraman.

- Gruziyadan ilk taklif qachon bo‘ldi? U erga yo‘l olishga ikkilanmadingizmi?

- Gruziyaga ketishimga agentlar sabab bo‘ldi. Ularga katta rahmat aytaman. Gruziya jamoasiga hujumchi kerak edi. U erda chempionat ham boshlandi. Agentlarim ular bilan gaplashishgan ekan, o‘yinlarimni ko‘rib yoqtirib qolishgan. Shunda agentlar menga Gruziyaga borasanmi deb so‘rashdi. Albatta, yaxshi chempionat va bu Evropa futboli. 2-3 kundan so‘ng gruziyaliklar menga bilet jo‘natishdi. Darhol ketdim.

malik1

- Yangi klubda qanday kutib olishdi? Dastlabki taassurotlaringiz qanaqa?

- Kelganimda meni zo‘r kutib olishdi. Odamlari ham juda yaxshi. Xuddi bir oiladek. O‘tgan yili “Andijon”da to‘p surganimda biz ham xuddi bir oiladek edik. Gruziyada ham shunisi menga yoqib qoldi.

- Ayting-chi, yangi mamlakat va yangi chempionatga ketishingiz siz uchun tavakkalchilik emasmi? Umuman, kim bilan maslahatlashdingiz? Legioner sifatida to‘p surishga tayyormisiz?

- Ketishim aniq bo‘lganida birinchi navbatda oila-a’zolarim bilan maslahatlashdim. So‘ng agentlar bilan gaplashdim. Meni tayyor ekanimga ishonishdi. Bilamanki, Evropada o‘ynab ketish uchun menga yaxshi imkoniyat. Gruziya – yaxshi chempionat. O‘z kuchimni ko‘rsatishga tayyorman.

malik2

- Yangi jamoangiz oldiga qo‘yilgan maqsad qanday?

- “Kolxetti xobi” Erovnuli liga 2 da ishtirok etadi. Maqsadi albatta yaxshi natijalar ko‘rsatish va yuqori divizionga chiqish. Men bu yo‘lda yordam bermoqchiman.

- Klub bilan qancha muddatga shartnoma tuzdingiz va u erda legioner sifatidagi asosiy maqsadingiz qanday?  

- Bir yilga shartnoma tuzdim. Chempionat mart oyida boshlandi. Gruziyaga kelishim men uchun ajoyib tramplin bo‘ladi, deb o‘ylayman. O‘z ustimda jiddiy ishlayman va harakat qilaman.

malik3

- Debyutingizni o‘tkazdingizmi? Qaysi raqamni tanladingiz?

- Hali debyut qilmadim. Chunki xujjatlarim tayyor emasdi. Mana, endi barchasi tayyor bo‘ldi. Xudo xohlasa, 7 aprel kuni debyut qilaman. Yangi klubimda 15-raqamda o‘ynayman.

- Klubingizda nechta legioner bor?

- Klubimda legioner faqat o‘zim. Chunki ular qolgan legionerlarni zayavka qilishga ulgurishmadi. Gruziya chempionatida boshqa o‘zbekistonlik futbolchilar yo‘q, faqat o‘zimman.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Ботир
05/04/2023 18:52
Омадингни берсин.