
Maydonda Ravshan Ermatov, Valijon Shamsiev, Server Jeparov, Xasanboy Do‘smatov yoxud Andijondagi futbol shousi qanday o‘tdi?
Kutilganidek, “Andijon” klubining 60 yillik yubileyi uchun futbol shousi juda ko‘tarinki hamda qiziqarli ruhda o‘tkazildi. Kuz faslining yomg‘iri esa o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Turli yillarda “Andijon” sharafini himoya qilgan sobiq futbolchilar shu kuni “Bobur arena”da jam bo‘ldilar. Lekin ularni barchasi ham kela olganlari yo‘q. Masalan, Tohir Mo‘minov, Qahramon Abduqodirov, Andrey Shipilov kabi sobiq futbolchilar turli sabablarga ko‘ra etib kela olmadilar va buning uchun uzr so‘radilar.
Futbol shousiga tabiiyki, “Andijon”ning hozirgi avlod vakillari ham tashrif buyurdilar. Aynan bahs avvalida hozirgi “Andijon” jamoasi kiyinish xonasida “Andijon” faxriylari bilan uchrashdi va omad tiladilar. O‘z navbatida faxriy jamoa nomidan Rustam Abdiev klubni Kubok bilan tabriklab, motivatsiyaga boy so‘zlarni aytib, hozirgi avlod jamoaga ezgu tilaklarini bildirdi.
O‘zbekiston faxriylar terma jamoasining kiyinish xonasidagi muhit chindan retro ko‘rinishda edi. Birodar Abduraimov murabbiy sifatida garchi bu futbol shousi bo‘lsa-da, faxriy futbolchilarni o‘yinga tayyorlab, ularga tegishli ko‘rsatmalar berayotganiga guvoh bo‘ldik.
“Andijon”ning hozirgi avlodi O‘zbekiston Kubogi bilan yana bir bor muxlislar oldida ko‘rinish berdilar. Jamoaning 60 yillik yubileyidagi futbol shousini boshlanishiyoq ko‘tarinkilik bag‘ishladi. “Andijon” faxriylari safida shuningdek, so‘z ustalari Valijon Shamsiev, G‘ayrat Ahmedov, ikki karra Olimpiada chempioni Xasanboy Do‘smatov va yana boshqalarni ko‘rish mumkin.
O‘yin sobiq futbol hakami, viloyat futbol faxriyisi Muhammadqosim To‘xtasinovning xushtagi bilan boshlandi. Keyinchalik undan keyingi hakamlar zinapoyasi sifatida Aleksandr Popov, Temur To‘xtasinov va hozirgi avlod vakili tariqasida Xushnud Suyunboev futbol shousidagi o‘yinga hakamlik qildilar.
O‘zbekiston faxriylar terma jamoasi safida O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatovning to‘liq maydonda to‘p surgani e’tiborga molik. Futbol shousida “Andijon” faxriysi Asqar Jadigerov hisobni ochgandi va uning o‘zi uchrashuvdagi oxirgi golni ham urdi. Yakuda jangovar 5:5 hisobi qayd etildi. Stadionga kelgan minglab muxlislar o‘zbek futboli va “Andijon” klubi afsonalarining ajoyib o‘yinlaridan bahramand bo‘ldilar hamda yaqin o‘tmishni xotirlagan bo‘lsalar ajab emas.
Shuningdek, tanaffus chog‘ida ishtirokchilarga, mehmonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi. O‘yin davomida taniqli sharhlovchi Mirzahakim To‘xtamirzaev bevosita stadionni o‘zida futbol shousida qiziqarli tarzda sharhlab bordi. O‘yin yakunida mushakbozlik futbol shousining bezagiga aylandi.
“Andijon” faxriylar jamoasining boshlang‘ich tarkibi: Qobil Olimjonov, Orif Mamatkazin, Rustam Abdiev, Ibrohim Otaxonov, Bekzod Karimov, Shavkat Mullajonov, Bahodir Rahmonov, Zaxriddin Akbarov, Asqar Jadigerov, Shuxrat Mirxoldirshaev, Baxtiyor Hamidullaev.
O‘zbekiston faxriylar terma jamoasining boshlang‘ich: Anvar Jabborov, Farhod Magomedov, Baxtiyor Ashurmatov, Gennadiy Denisov, G‘ulom Halimtoev, Leonid Koshelev, Server Jeparov, Ravshan Ermatov, Azamat Abduraimov, Rustam Do‘rmonov, Pavel Solomin.
Fikrlar