Maranning “bo‘g‘iq” futboli tugadi, Ballardini “Jenoa”ni qutqara oladimi?

  • 22 dekabr, 2020, 15:58
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, kecha “Jenoa” klubi rasmiy sayti va barcha OAVda bosh murabbiy Rolando Maranning iste’foga chiqarilgani rasman e’lon qilindi. Bu nafaqat klubning Italiyadagi muxlislari, balki O‘zbekistondagi futbol ixlosmandlari tomonidan ham kutilayotgan xabar edi. Oxirgi 10 ta uchrashuvdan bittasidagina g‘alabaga erishgan murabbiy uchun chiqish eshiklarining ochilishi aniq edi. A Seriya doirasidagi so‘nggi g‘alaba sentyabr oyida qayd etilgandi. Klub rahbariyati unga etarli sharoitlarni yaratib berish maqsadida juda ko‘p ishlarni amalga oshirdi. Eldor Shomurodov, Janluka Skamakka va Davide Zappakosta xaridlari genuyaliklarga ozmuncha summaga tushmadi. Xarajat qilgan taraf natija talab etishi azaldan bor bo‘lgan holat. Bugun Maranning ketish sabablari, Ballardini klubga nima bera olishi va yangi murabbiy uslubiga Shomurodovning qanchalik mos kelishi haqida so‘z yuritamiz. 

Tecno

photo_2020-12-22_15-50-34

Rolando Maran

57 yoshli italiyalik mutaxassis o‘z millatiga xos konservativ futbol bilan natijalarga erishishni xohladi. Ammo zamonlar o‘zgarmoqda. Har qanday uslub qanchadir davr o‘tgach eskiradi, aniqrog‘i, ularga qarshi taktikalar o‘ylab topila boshlaydi. Apennin yarimoroli vakillari tarixan “katenacho” bilan nom qozongan va himoyadagi tartib natija keltirishiga ishonadilar. Ammo Maran qo‘l ostidagi futbolchilar bilan buni amalga oshirish imkonsiz edi. Avvalo, markaziy himoya vakillari talabga javob beradigan darajada kuchli emas. Himoyadan o‘ynashni istovchi klubda mudofaa markazi ancha baquvvat bo‘lishi lozim. Vaholanki, “Jenoa”da eng ojiz nuqta himoya hisoblanadi. A Seriya so‘nggi yillarda dunyo darajasidagi markaziy hujumchilar bilan kuchaydi: Ronaldu, Immobile, Lukaku, Ibragimovich… Avvalo, bu kabi individual mahorat egalariga qarshi harakat qilar ekansiz, himoyadagi jipslikni boy berishingiz tayin. Rolando Maran ikki chiziqli himoya bilan raqibni jarima maydoniga kiritmaslikni asosiy vazifasi etib belgilaydi. Biroq, buni u juda noto‘g‘ri bajarib keldi. Bu kabi himoyani targ‘ib etgan ko‘plab murabbiylarni kuzatish orqali ko‘rishimiz mumkinki, ular mudofaaning so‘nggi to‘rtligini jarima maydoni ichiga u qadar kirgazib yubormaydi. Ya’ni, jarima maydoniga uchib kiradigan to‘plarning 60 foiziga darvozabon javob beradi. Ushbu murabbiy taktikasida esa Perin faqat tepilgan to‘plarni qaytaradigan posbonga aylanib qoldi. Jarima maydonida uning o‘zi bajara oladigan ishlarga ham himoyachilar biriktirib qo‘yildi. Ikki chiziqli himoya raqibni qanotga siqib chiqarishi va ikkinchi qavatdan to‘p uzatishga majbur etishi lozim. Maran qo‘l ostidagi markaziy himoyachilardan birgina Mattia Bani 190 santimetr bo‘yga ega. Masello (185 sm) va Bexrami (184) u qadar bo‘y bilan maqtana olmaydi. Ular bir amallab ikkinchi qavatdan uzatilayotgan to‘plarni qaytarayotgan bo‘lishi mumkin, ammo bu to‘plar yana raqib jamoaga borib tushmoqda. Mana shunday pallada darvozabonning qo‘llari yordamga kelishi lozim. 

“Jenoa” himoyachilariga hujumga o‘tish, birinchi aniq pasni uzatish orqali jamoani oldinga boshlash kabi bugungi tezkor futbolda muhim bo‘lgan xususiyatlar etishmaydi. U yarim himoyachilar va hujumchilardan ham mudofaa tashkil etish vositilari sifatida foydalandi. Bir so‘z bilan aytganda, uning qo‘l ostida futbolchilar xato qilmaslik uchun o‘ynadi. Ularga o‘zi biriktirilgan zonani tark etmaslik, o‘z vazifasini bexato bajarish yuklandi. Futbol kompyuter o‘yini emaski, unda faqat belgilab qo‘yilgan hodisalar sodir bo‘lsa! 

gettyimages-1230108523-2048x2048

Davide Ballardini

56 yoshli italiyalik murabbiy “Jenoa”ga begona emas. U to‘rtinchi marotaba klub murabbiyligiga tayinlanmoqda. U futbolchilik davrida yarim himoyachi bo‘lgan va hujumni yaxshi ko‘radi. Rolando Maran esa tug‘ma himoyachi. Demak, uslub jihatidan yaqin orada genuyaliklarda katta o‘zgarishlar ko‘ramiz. 

Davide 2010/2011 yilgi mavsumda jamoani juda yaxshi boshqarganini e’tirof etish joiz. Uning qo‘l ostida klub A Seriyani 10-pog‘onada yakunlagan. Evropa Ligasiga yo‘llanma beradigan o‘rinlardan sanoqli ochkolar uni ajratib qolgan. Shu yil yakunida Davidening klubni tark etishi mutlaqo kutilmagan tarzda sodir bo‘lgan. “Jenoa” prezidenti Enriko Preziosi uni hech bir asosli sababsiz bo‘shatib yuboradi. Yana bir yillik shartnomasi bo‘lishiga qaramay, o‘zaro kelishmovchilik uning klubdan ketishiga sababchi bo‘ldi. 

2013 yilda genuyaliklar bosh murabbiyligiga qaytgan Ballardini oldiga qulayotgan klubni elitada olib qolish vazifasi yuklandi. U kelgunicha jamoa ancha qiyin holatga kelib qolgan bo‘lsa-da, oldiga qo‘yilgan vazifani bajardi va klub A Seriyada qoldi. Yozda Enrikoning eski “kasal”i xuruj qilib, jamoasini qutqargan murabbiyni yana ketkazib yuboradi. 

2017/2018 yilgi mavsumda yana “grifonlar”ni boshqargan murabbiyning jamoadan nima sababdan ketgani ham noma’lum. Klub A Seriyada 12-o‘rinni egallagan, tarkibga nisbatan natija u qadar yomon emasdi. 

Demakki, Ballardinining kelishi doim xayrli bo‘lgan. Undan yana natija va chiroyli futbol kutishga haqlimiz. 

Uning uslubi qanday? Yuqorida aytib o‘tganimdek, u hujumni yaxshi ko‘radi. Kuchsizroq jamoalarni boshqarish metodikasini to‘liq anglab etgan holda, hujumlar uyushtirishni ham esidan chiqarmaydi. U targ‘ib etadigan futbolda ikki qanot loteral himoyachilarining o‘rni katta. Baxtiga, “Jenoa”da to‘p surayotgan futbolchilar orasidagi eng kuchlilari ayni shu pozitsiyadagilar. Domeniko Krishito va Davide Zappakosta Evropa futbolida nom taratgan himoyachilardan sanaladi. Har ikkalasi grand jamoalar safida o‘zini ko‘rsatishga erishgan. Ballardini uslubida qanot himoyachilarining jarima maydoni tomon uzatadigan to‘plari katta o‘rin tutadi. Uning taktikasida futbolchilar Maran uslubidagi kabi o‘z zonasida qat’iy turishga majbur bo‘lmaydi. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, raqib hujumini to‘xtatib qolinsa bo‘lgani. Ballardini uslubining kamchilik tarafi ham shunda: futbolchilar bir-birlarining o‘rnini yopishga intilishi natijasida o‘z zonasidagi ishlarga ulgurmay qolishi mumkin. O‘zi yarim himoyachi bo‘lganigami, ushbu pozitsiyadagi futbolchilarning erkin ijod qilishiga qo‘yib beradi. Ular endi bemalol uzoq masofalardan zarba berib ko‘rishi, kutilmagan, original paslarni ijro etishga urunib ko‘rishi mumkin. Bir safar o‘tmasa, boshqa safar o‘xshab qolishi mumkin. Muhimi, ular bu kabi tavakkalchilik uchun Maran davridagi kabi zaxiraga kiritib qo‘yilmaydi. 

Eldor Shomurodov

Hamyurtimizning yangi murabbiy qo‘l ostida qanday to‘p surishi mumkinligi haqida bosh qotirayotgan muxlislarni tinchlantiradigan jihatlar mavjud. Ballardini davrida jamoa hujumida Luka Toni asosiy figura bo‘lgan. U qanday tipdagi futbolchi bo‘lganini katta yoshdagi muxlislar yaxshi eslashadi. Eldor singari u ham jarima maydoni ichidagi kutilmagan zarbalari bilan raqib darvozasiga gol urib ketgan. Shomurodovning “Rostov”dagi gollarini ko‘rib chiqsak, u uzoq masofadan ikkinchi qavatga etkazib beriladigan to‘plarni ustalik bilan darvozaga joylay olishining guvohi bo‘lamiz. Uning nostandart zarbalari ushbu murabbiyga manzur kelib qolishi ehtimoli yuqori. 

Uslubni istisno etganda ham, hujumni yaxshi ko‘ruvchi murabbiyning kelishi yurtdoshimizning o‘zini ko‘rsatishi uchun yaxshigina sharoit yaratib berishi aniq. O‘z yarim maydonidan raqib postini ishg‘ol etish holatlari noyob sanaladi. Gollar urish va natijaga erishish uchun hujumga o‘tish talab etiladi. Jamoaga to‘rtinchi qayta kelayotgan murabbiy bularni bizdan ham yaxshiroq tushunishidan umidvormiz.

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Marufjon
22/12/2020 16:20
Биз хам умидвормиз