
Mag‘lubiyat qattiq zarba bo‘ldi, ishqibozlar oldida qarzdormiz yoxud Davron Hoshimovga bir jihat yoqmadi...
Namanganning “Navbahor” jamoasi o‘z oldiga chempionlik vazifasini qo‘ydi. Shunga yarasha klubning shijoati ham, ishtiyoqi ham baland edi. Ammo ilk turda “So‘g‘diyona”ni qabul qilgan mezbonlar stadionga yig‘ilgan minglab jonkuyar muxlislari qarshisida uch ochkoni raqibiga “sovg‘a” qilib yuborishdi. Bu esa namanganliklarni ranjitgani aniq.
Lekin “Navbahor” futbolchilari ham noqulay ahvolga tushib qoldilar, desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Chunki mag‘lubiyatni o‘zlari ham kutmagandi. Axir g‘alabadan boshqasi ularni qoniqtirmasdi. Ammo futbolda shunaqasi ham bo‘lib turadi. E’tiborlisi, jizzaxliklar jimgina o‘yinga tayyorgarlik ko‘rib, hech qanday ortiqcha va’dalarsiz Namanganga kelib, mezbonlarni yutib qaytdi. Bunga shunchaki qoyil qolish kerak. Bu albatta “So‘g‘diyona” murabbiyining topqirligi bilan bog‘liq. Ammo tarkib bo‘yicha qaraganda, albatta “Navbahor” ustun edi.
Maydonda haqiqiy jangchi qiyofasida gavdalanadigan himoyachi Davron Hoshimovga ham ushbu mag‘lubiyat qattiq ta’sir qilgan ko‘rinadi. Futbolchi sports.uz muxbiri bilan uchrashuvni tahlil qilish jarayonida boy berilgan o‘yinga munosabatini bildirdi.
- “So‘g‘diyona” bilan o‘yinga qattiq tayyorgarlik ko‘rgandik. Bu biz uchun ochilish marosimidagi muhim uchrashuv edi. Stadionga ko‘plab muxlislar kelishini ham bilgandik. Afsuski, ishqibozlarimizning ishonchini oqlay olmadik. Futbolda omad katta ahamiyat kasb etadi. O‘sha kuni omadimiz kelmadi. Murabbiylarimiz tomonidan hujumkor taktika tanlangandi va shunga asosan ko‘plab hujumlar uyushtirdik. Ammo yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalana olmadik. Aksiga olib o‘zimiz bitta vaziyatda gol o‘tkazib yubordik. Bosh murabbiy tomonidan ruhiy tushkunlikka tushib qolmaslik uchun ko‘rsatmalar berildi. Mavsum endi boshlandi. Hali yaxshi o‘yinlarimiz bilan muxlislarimizni xursand qilishga harakat qilamiz. Albatta, birinchi turda o‘zimiz ham yutishni va stadionga yig‘ilgan ishqibozlarni xursand qilishni juda istagandik. Shunchalik bizni qo‘llab-quvvatlaganlari uchun barchasiga rahmat aytaman.
Oldinda “Navbahor”ni “So‘g‘diyona”danda jiddiy raqib kutib turibdi. Toshkentda “Lokomotiv”ga qarshi maydonga tushishadi. Aksiga olib “temiryo‘lchilar” ham ilk turda mag‘lub bo‘lishdi. Demak, har qanday holatda ham ikkala jamoani g‘alabani boshqa natija qanoatlantirmaydi. Davron Hoshimov esa “Navbahor”ga “Loko”dan kelib qo‘shilgan.
- “Lokomotiv” bilan uchrashuvga jiddiy tayyorlanyapmiz va safardan g‘alaba bilan qaytishni niyat qilyapmiz. To‘g‘ri, mana shunday muhim uchrashuvlarda futbolchilarning mahoratlari ham bilinadi. “Lokomotiv” chempionatimizdagi top-jamoalardan biri. Bunday raqibga qarshi ikki-uch barobar katta ishtiyoq bilan maydonga tushib g‘alaba qozonishimiz kerak. Endi ortga yo‘limiz yo‘q. Ilk turda yutqazganimiz uchun bu safar uch ochkoni qaytarishga harakat qilamiz, - deydi Hoshimov.
Yakuniga etgan birinchi turda yo mezbonlar, yo mehmonlar g‘alaba qozonishganiga guvoh bo‘ldik. Umuman durang natija kuzatilmadi. Davronga ilk turdagi kutilmagan natija qaysi o‘yinda yuz berdi, deya so‘raganimizda, javobi quyidagicha bo‘ldi.
- Menimcha, birinchi turda eng kutilmagan natija bizning o‘yinda yuz berdi, deb o‘ylayman. Qolgan uchrashuvlarda hammasi joyida bo‘ldi. Lekin chempionat endi boshlanganini unutmasligimiz kerak. 5 ta turgacha barcha klublar bir xil holatda bo‘lishadi. Ana shundan keyin kim chempionlikka, kim ligada qolish uchun kurashishi ko‘rinadi.
Davronning gapida jon bor. “Navbahor”ning g‘alabasini deyarli barcha kutgandi. Lekin futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkinligini ushbu o‘yin yana bir bor ko‘rsatib berdi. Hoshimovning so‘zlaridan anglash ayonki, bu mag‘lubiyat jamoaga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Bunga futbolchi yana quyidagilarni qo‘shimcha qildi.
- Ochilish o‘yinida va o‘z uyingdagi shuncha muxlislar qarshisida bunday mag‘lubiyatga uchrash albatta jamoaga qattiq ta’sir qildi, deb o‘ylayman. Ichki muhitga ham ta’siri bo‘ldi. Endi bizda boshqa yo‘l yo‘q. “Lokomotiv” bilan yaxshi o‘yin ko‘rsatib uch ochkoni qo‘lga kiritsak, shundagina jamoamiz o‘ziga keladi. Afsus, “So‘g‘diyona”dan uchralgan mag‘lubiyat jamoamizga qattiq zarba bo‘ldi. Agar mehmonda yutqazganimizda ham bunchalik alamli bo‘lmasdi. Chempionlik uchun kurashayotgan klubning o‘z uyida muxlislari qarshisida yutqazishi baribir o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
Mag‘lubiyatga yarasha futbolchilarga nisbatan tanqid toshlari otildi. Bu futbolning bir qismi ekanligini bilamiz. Lekin Davronga bu borada yoqmagan jihatlar ham bo‘ldi.
- Mag‘lubiyatdan keyin muxlislar tomonidan turli xil e’tirozlar va tanqidlar bo‘ldi. Ayniqsa, haqorat qilishgani qattiq ta’sir qildi. Biz bu erga aynan namanganlik muxlislarni hurmat qilganimiz uchun kelgandik. Ular ham bizni to‘g‘ri tushunishlarini istardim. Chunki ataylab yutqazganimiz yo‘q. G‘alaba uchun kurashgandik. Muxlislarning esa shaxsiyatga tegadigan gaplari yoqimsiz bo‘ldi, aynan menga. Oldimda boshqa variantlar bo‘lishiga qaramay, “Navbahor”ni tanlab kelganman. Ammo haqoratlarini eshitish uchun kelmagandik. Aytmoqchimanki, ishqibozlar tomonidan bo‘lgan haqoratlar ruhiy tomondan ta’sirini ko‘rsatdi, - deya fikr bildirdi, futbolchi.
Yana bir gap: mavsum boshlanishidan avval o‘tkazilgan klubning taqdimot marosimida “Navbahor” bosh murabbiyi No‘’mon Hasanovning bu yil jamoasi “Barselona” bo‘lishi haqida aytgan gaplari o‘ziga yarasha reaktsiya keltirib chiqardi. Gapning ochig‘i, 9 mart kuni ikkita o‘yin bir xil vaqtda boshlandi. AGMK – “Lokomotiv” va “Navbahor” – “So‘g‘diyona”. Kamina aynan Namangandagi o‘yinni kuzatdim. Bunga sabab Hasanovning aytgan so‘zi bo‘ldi. Chindan ham “Navbahor” “Barselona” uslubida o‘ynarmikin, degan savolga javob topish edi. Balki murabbiyning o‘sha balandparvozdek tuyulgan gapi futbolchilarga qo‘shimcha bosim yuklab qo‘ygandir? Bu masalada Davron Hoshimov munosabat bildirdi.
- No‘’mon Hasanov o‘yin uslubiga moslab futbolchilarni yig‘di. Turkiyadagi yig‘in davomida ham bizdan shunday o‘yin talab qildi. No‘’mon aka xohlagan o‘yin aynan uchrashuv davomida yuz beradigan holat. Bu birdaniga bo‘lmaydi. O‘yin uslubini yaxshilab shakllantirish uchun vaqt kerak bo‘ladi. Tayyorgarligimizdan kelib chiqib bosh murabbiy “Navbahor”ni “Barselona” uslubida o‘ynamoqchiligi haqida aytgan.
Uning gapi bizga bosim o‘tkazmadi. Qisqa paslar bilan o‘ynashga tayyorgarlik ko‘rgandik. Raqibning himoyasini yorib o‘tishni reja qilgandik. Ko‘rdingiz, biz qo‘limizdan kelganicha harakat qildik. “So‘g‘diyona”da goldan boshqa vaziyat bo‘lmagandi. Kecha o‘sha o‘yinni tahlil qildik. Boshida ta’kidlaganimizdek, jamoamizdan omad yuz o‘girdi. Keyingi o‘yinlarda Hasanov xohlagan uslubda to‘p surib muxlislarimizni xursand qilamiz, degan umiddaman. Yana bir gap: biz ishqibozlarimiz oldida qarzdor bo‘lib qoldik. O‘sha qarzni tez orada qaytaramiz, - deb so‘zini yakunladi Davron Hoshimov.
Fikrlar