
Leo Messining “Kamp Nou”dagi eng zo‘r 5 mavsumi (reyting)
“Barselona” klubi etakchisi va afsonasi Lionel Messi katta extimol bilan yozgi transferlar oynasida jamoani tark etadi. U Kataloniya markaziga tashrif buyurgan ilk kezlarda kelajakka kichik umidlari bo‘lgan yoshgina bolakay edi. Argentinaning Rosariosidan kelgan Leo o‘shanda o‘zi ham bu qadar katta natijalarga erishishini kutmagani aniq.
Sabablar xususida ko‘p suhbatlashdik. Uning ketishiga ham, qolishiga ham juda ko‘p sabablar mavjud. Keling, bugun yuqoridagi mavzularni chetga surib qo‘yamiz. Vaqti kelganda, olti karra “Oltin to‘p” sohibi faoliyati uchun foydali bo‘lgan qarorni o‘zi qabul qilib olaveradi. Biz, buguncha, uning eng yaxshi 5 ta mavsumini reytingga joylashtirib, chiroyli damlarni yodga olamiz.
5) 2009/2010 yilgi mavsum
Titullar: La Liga, Ispaniya Superkubogi, UEFA Superkubogi, Klublar o‘rtasidagi jahon chempionligi
Shaxsiy sovrinlar: “Oltin butsa”, “Oltin to‘p”, La Liganing eng yaxshi futbolchisi
Gollar: 47 ta gol
Xosep Gvardiolaning “Barselona”dagi ikkinchi mavsumida Messi klubdagi mavqeyini yanada ko‘tarishda davom etdi. Ispaniya va UEFA Superkubogida qahramonlik amalga oshirgan futbolchi jamoasiga muhim sovrinlarni olib berdi.
Ushbu mavsum “Barselona”ning dunyo rekordini o‘rnatgan yillariga to‘g‘ri kelgandi. O‘shanda, “blaugranas” bir kalendar yili davomida 6 ta kubokni qo‘lga kiritgandi.
O‘sha mavsum Messi jami 58 ta golda ishtirok etgan. Ularning 47 tasini uning o‘zi joylagan bo‘lsa, 11 ta aktiv assistentlik hisobiga qo‘lga kiritilgan. Ispaniya Primerasining 35 ta bahsida argentinalik hujumchi 34 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan.
U o‘sha mavsumda kiritgan 8 ta goli bilan UEFA Chempionlar Ligasining to‘purari bo‘lgan. E’tiborlisi, ularning 4 tasi “Arsenal”ga qarshi chorak final bahsida urilgan. Ammo “Inter”ga qarshi bellashuvda “Barselona”ga aynan uning gollari etishmagan.
4) 2011/2012 yilgi mavsum
Titullar: Ispaniya Superkubogi, Qirol kubogi, UEFA Superkubogi, Klublar o‘rtasidagi jahon chempionligi
Shaxsiy sovrinlar: “Oltin butsa”, “Oltin to‘p”, La Liganing eng yaxshi futbolchisi
Gollar: 73 ta gol
Ha, Messining individual ko‘rsatkichlari uchun ushbu mavsum eng yaxshilaridan biri bo‘lgandi. Klub bilan u 4 tagina musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritgan (!). Albatta, bu yilni ham u qadar omadsiz, deb ayta olmaymiz. Har holda, so‘nggi yillardagi omadsizliklardan oldin o‘sha mavsum “ko‘k-anorranglilar” nazdida muvaffaqiyatsizdek gavdalanardi.
Joze Mourinoning “Real”iga qarshi La Ligada bahs olib borgan “Barselona” 100 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘lgan. O‘sha mavsum avvalida kataloniyaliklar poytaxt klubini 5:4 hisobida taslim etgan. Gollarning uchtasi Leo hisobiga yozilgan.
Xo‘sh, nega omadli yillar qatorida bu qadar sermahsul mavsum 4-o‘rinda? Boisi, Evropa Chempionlar Ligasi yarim final doirasida “Chelsi”ga qarshi o‘yin Messining penaltini aniq amalga oshira olmagani sabab boy berilgan. Ha, ushbu o‘yinda boshqa aybdorlar ham bor edi. Ammo “Barsa”ning asosiy etakchisi sifatida muxlislar argentinalikdan ko‘prog‘ini kutgandi.
Penaltidan gol ura olmagan bo‘lsa ham, o‘sha yilda Messi futbol tarixidagi yagona rekordga ega bo‘lgandi. Shu paytgacha hech bir futbolchi bir mavsum davomida Lionelchalik ko‘p gol ura olmagan. O‘sha mavsumda 14 marotaba raqib darvozasiga yo‘l topa olgan Messi EChLning asosiy musobaqasida bir yil davomida eng ko‘p gol urgan futbolchiga aylangandi. Bugun ushbu rekord boshqa bir buyuk futbolchiga tegishli. O‘shanda Leo barcha musobaqalarda 102 ta gol urgandi va Gerd Myullerning rekordini yangilagan.
3) 2008/2009 yilgi mavsum
Titullar: La Liga, Qirol kubogi, UEFA Chempionlar Ligasi
Individual sovrinlar: “Oltin to‘p”, La Liganing eng yaxshi futbolchisi
2008-2009 yilgi mavsum Messi faoliyati mobaynidagi unutilmaslaridan biri. Sababi, aynan mana shu musobaqada Leo 21 yoshda bo‘lishiga qaramay, klubning haqiqiy etakchisi sifatida namoyon bo‘lgan. Klub o‘sha mavsum yutgan har uchala titulda argentinalik bo‘lg‘usi afsonaning o‘rni katta edi.
Bu Gvardiolaning ilk mavsumi va shu yilning o‘zidayoq “ko‘k-anorranglilar”ning La Liga chempionligini qo‘lga kiritgan edi. Yana bir jihati, o‘sha mavsum Primeradagi ikkala bahsda ham “Real” taslim etilgandi. “Santyago Bernabeu”dagi 6:2 hisobi esa, hamon kataloniyaliklarning yodida. Har ikki o‘yinda ham Messi “blankos” postiga yo‘l topa olgan.
Qirol kubogi finalidagi “Atletik” Bilbaoga qarshi bellashuvda ham, Chempionlar Ligasi finalida “Manchester Yunayted”ga qarshi to‘qnashuvda ham Leo gol urishga erishdi. Eto’Oning golida asosiy rolni o‘ynagan pasni uzatgan futbolchi bahs yakuni arafasida Rio Ferdinanddan balandroq sakrab Edvin van der Sar darvozasiga to‘pni tushirib qo‘ygan.
2006 yilgi finalni o‘tkazib yuborishga majbur bo‘lgan hujumchi uchun bu galgi g‘alaba haqiqiy zavq bag‘ishlay olgan. Uning atrofida o‘zi kabi yorqin yulduzlar: Xavi, Andres Inesta, Eto’O va Terri Anri kabilar mavjud edi.
Yil yakunida Leo ikkinchi o‘rindagi Ronaldu bilan rekord darajadagi tafovutni hosil qilib “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritdi. Shu paytgacha bo‘lib o‘tgan hech bir marosimda g‘olib eng yaqin ta’qibchisi bilan bu qadar katta farqni yuzaga keltira olmagan.
2) 2014/2015 yilgi mavsum
Titullar: La Liga, Qirol kubogi, Chempionlar Ligasi
Individual sovrinlar: “Oltin to‘p”, La Liganing eng yaxshi futbolchisi
Gollar: 58 ta
2014 yilgi Jahon chempionati finalidagi Germaniyadan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng, Messi yangi mavsumni super sermahsullik bilan o‘tkazdi. Mundialdagi alamli mag‘lubiyat uning ruhiy holatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishini kutganlar adashdi. O‘sha mavsumda Leo “Barsa” bilan 2-treblni qayd etdi. Raqiblari yuqori formada bo‘lishiga qaramay, “ko‘k-anorranglilar” liga g‘olibligini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan. Ayniqsa, Diego Simeone boshliq “Atletiko” mavsumni ancha yaxshi o‘tkazgandi. O‘shanda “matraschilar”ning “Real”ga qarshi o‘yini “Barselona”ga chempionlikni amalda naqd qilib bergan edi. “El-klasiko”da Messi 2 ta golli uzatma amalga oshirib, kataloniyaliklarga chempionlik poygasida katta ustunlik taqdim etgandi. Yakunda, ular 2 ochkolik farq bilan uloqni ilib ketgan.
Kubok finalidagi “Atletik”ka qarshi o‘yinda ham Leo dubl qayd etgan. UEFA Chempionlar Ligasi finalidagi gollarda u yaqqol ishtirok etmagan bo‘lsa-da, amalda ko‘p jihatdan bahs taqdiri unga bog‘liq bo‘ldi.
Mavsum davomida Messi 85 ta golda ishtirok etgandi (58 ta gol, 27 ta assist).
1) 2010/2011 yilgi mavsum
Titullar: La Liga, Ispaniya Superkubogi, UEFA Chempionlar Ligasi
Individual sovrinlar: “Oltin to‘p”, La Liganing eng yaxshi futbolchisi
Gollar: 53 ta
Gvardiolaning “Barselona”si o‘zining eng gullagan davrini mana shu mavsumda o‘tkazgani aniq. Ushbu ajoyib mavsumda Messi allaqachon Pep qurgan futbolning asosiy figurasi bo‘lib ulgurgandi. O‘shanda “Real”dan 4 ochko oldinda yilni yakunlagan “Barsa” La Liga chempionligini ketma-ket ikkinchi marotaba qo‘lga kiritgan.
Ushbu mavsum haqida xotirlaganda ko‘ngilni xira qiladigan yagona jihat Qirol kubogi finalida “qirollik klubi”ga boy berilgan uchrashuv bo‘lgandi. Ammo ushbu final alami Messi tomonidan UEFA Chempionlar Ligasi yarim finalida olingan. “Blankos”ning yarim tarkibini aldagan ko‘yi Kasilyas darvozasiga to‘p kiritgan Messi haqiqiy shoh asar yaratishga muvaffaq bo‘lgandi. O‘sha mavsumda yilning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishiga eng katta qadamni shu gol orqali qo‘ygan desak, adashmagan bo‘lamiz. Sababi, o‘sha yilda Andres Inesta va Xavida ham Leonikidan kam bo‘lmagan miqdorda “Oltin to‘p”ni yutish imkoni mavjud edi. Kelgusida “France football” o‘sha yilgi shubhali tanlov uchun uzr so‘raganligi haqida ham gap-so‘zlar yuradi. Ammo fakt shundaki, Messi o‘sha yili “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan va bunga etarli asoslari mavjud edi.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar