Legionerlarimiz kerak bo‘lmay qolishdi...mi yoxud endi kimni kuzatamiz?

  • 19 fevral, 2022, 22:18
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 3
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbek futbolchilarining xorijda to‘p surishini kim ham xohlamaydi, deysiz?! Legionerlarimizni ayniqsa, saviyasi baland chempionatlarda faoliyat ko‘rsatishi futbolimiz uchun foydali. Hozirgi paytda eng zo‘r legionerimiz kim, degan savolga hamma bir ovozdan Eldor Shomurodov deb javob beradi. Axir u Italiya A seriyasida kimsan Mourino boshchiligidagi “Roma”da o‘ynayapti.

Tecno

Shunday ekan, Shomurodov O‘zbekistonning bugungi kundagi birinchi raqamli futbolchisi. Qolgan legionerlarimiz-chi? Rossiya chempionatidan tashqari bizda aksariyati asosan Osiyo maydonlarida o‘ynaydilar. Ayniqsa, milliy terma jamoamizga nomzod futbolchilar arab chempionatlarida va Koreyada to‘p surishini bilasiz. Ammo o‘tgan yaqin bir oy mobaynida o‘zbek legionerlari soni kamaydi.

Gap Janubiy Koreya chempionatidagi futbolchilarimiz haqida ketmoqda. Avvalo, koreyslar birinchiligi Osiyoda nufuzli, reytingi baland chempionatlardan biri. U erda oldindan o‘zbek futbolchilari mahoratlarini ko‘rsatib kelishgan. Server Jeparov, Timur Kapadze, Aleksandr Geynrix...Ulardan keyin ham yana bir qancha hamyurtlarimiz Koreyaga kelib-ketdilar. Shuning uchun o‘zbek muxlislari va matbuoti ham hamisha “K1” chempionatini kuzatib kelgan. Chunki hamyurtlarimizning ishtirokini kuzatish biz uchun ham qiziq tuyulardi. Lekin endi u erda kimni kuzatamiz? Qaysi futbolchimiz haqida yozamiz? Hech kim!

Gap shundaki, Janubiy Koreya chempionatida to‘p surayotgan o‘yinchilarimiz birdaniga u erdan ketib qolishdi. Rosti, bu hol bizni xursand qilgani yo‘q. Chunki yuqorida aytganimizdek, chetdagi legionerlarimiz kamayib qoldi. Ikkinchi tomondan qaraganda, Ikrom Aliboev, Oleg Zoteev, Jamshid Iskanderov va Rustam Ashurmatovning yana chempionatimizga qaytishgani Superliga nufuzini oshishiga turtki beradi. Lekin ular endi Koreyada emas. Aynan ushbu o‘yinchilar tufayli biz “K1” va “K2” chempionatlarini diqqat bilan kuzatib borardik. Yoppasiga o‘zbek futbolchilarining u erdan ketishini kutmagandik. Bu nima bilan bog‘liq? Yoki o‘yinchilarimiz ishonchni oqlolmay qoldilarmi? Futbolchilarning Superligaga qaytishi mayliku-a, biroq nima uchun Koreyadan ketishdi? Shuning mohiyatini chuqur anglashimiz kerak. Nahotki, koreys klublari hamyurtlarimizga ishonishmay qo‘yishgan bo‘lsa?!

jamshid_3

Yaqinda Sports.uz sayti orqali chempionatimizga qaytgan legionerlarimiz haqida maqola yozgandik. Unda Aliboev, Zoteev va Iskanderovga ham to‘xtalgandik. Kuni kecha “Navbahor” bilan shartnoma imzolagan Rustam Ashurmatov ham endi legioner maqomida emas. Janubiy Koreya chempionatida binoyidek to‘p surib kelayotgan himoyachimiz ham klubini tark etdi va O‘zbekistonga qaytdi. Bunday o‘yinchilarning qaytishidan avvalo ularning yangi klublari manfaatdor.

Masalan, “Navbahor” Iskanderov bilan Ashurmatovni qo‘lga kiritish orqali tarkibini kuchaytirdi. “Paxtakor” esa Aliboev orqali jamoasini boyitib oldi. Zoteev bo‘lsa, faoliyatini “Qizilqum”da davom ettirishga qaror qildi. Masalan, “Paxtakor” bilan shartnoma tuzgan Ikrom o‘ziga qolsa Koreyadan ketmasdi. Saytimizga bergan intervyusida klubi yangi shartnoma taklif qilmaganini aytdi. Iskanderovga ham “Seongnam” yangi shartnoma taklif qildi. Qolaversa, Koreyaning yana boshqa klublaridan takliflar bo‘ldi. Lekin nimadir bo‘ldi-yu, ortga qaytdi. Iskanderov singari Zoteevda ham Janubiy Koreya chempionatida qolish imkoniyati bor edi. Ayniqsa, sobiq jamoasi – “Chonnam Dragons” Kubokni yutganidan keyin hamyurtimiz bilan shartnomani uzaytirish payiga tushib qolgandi. Biroq Oleg buni xohlamadi. Ashurmatov esa “Kvanju” va “Kanvon” klublarida to‘p surdi. Koreyadan ketishini u yaqinlarini sog‘ingani bois yurtimizga qaytishga ahd qilgani bilan izohladi.

ashurmatov ru_1

Xullas, biz uchun go‘yo Koreya chempionatining qizig‘i qolmagandek. Oxirgi yillarda u erda o‘zbekistonlik futbolchilar soni birin-ketin ko‘payayotganidan quvonayotgandik. Shunchaki, birdaniga “K1” va “K2”da legionerlarimiz qolmagani turli fikrlarni keltirib chiqarishi tayin. Yigitlarimiz o‘zlaridan salbiy taassurot qoldirishmagan, deb umid qilamiz. Balki biz bilan siz bilmaydigan yana boshqa sabablari ham bo‘lishi mumkin.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Sportchi
20/02/2022 16:26
Худдики, К1 ва К2 лигаларида уйнаган футболчиларимиз бирор ишни койиллатиб куйишгандек ёзасанларе. Хеч кимга керак булмаганлиги учун Супер Лигага кайтиб келди. Шуниям айлантириб, гапни чувалаштириб макола ёзиш шарт эмас. Булди шу.
&
Sportchi
20/02/2022 16:23
К1 лигасида бирорта жамоага керак булмагандан кейин Кореяда бало борми. Сал уйлаб ёзадида маколани.
Marifjon Turajonov
20/02/2022 11:31
Bu erda koreyadan kuproq pul taklif qilingan bulsa kerak