"Legionerlar kelsa O‘zbekistonning imkoniyati ancha oshadi, Superligaga qaytish vazifasi deyarli hal qilingan" - Viktor Kumikov yana qozoq matbuotining e’tiborida!

  • 12 oktabr, 2022, 06:08
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

16 noyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston hamda Qozog‘iston terma jamoalari ishtirokidagi uzoq kutilgan o‘rtoqlik uchrashuvining tashkil qilinishi ikkala mamlakat OAV tomonidan ijobiy qarshi olinyapti va hozirdanoq katta e’tibor berilyapti.

Tecno

Saytimiz o‘quvchilari yaxshi bilishadiki, mazkur o‘yin o‘tkazilishi rasman tasdiqlanishi oldidan Qozog‘iston terma jamoasi ustozi Sports.uz uchun intervyu berib ushbu uchrashuv masalasi ko‘tarilayotgani va mazkur bellashuv tashkil etilishini ijobiy baholagandi.

Chempionatimizda ishlayotgan murabbiylar orasida “Andijon”ga ustozlik qilayotgan rossiyalik Viktor Kumikov qozog‘istonliklar uchun juda yaxshi tanish. U qo‘shni yurt chempionatida ancha vaqt muvaffaqiyatli ishlaganini muxlislar bilishsa kerak. Ayniqsa, Qarandag‘aning “Shaxtyor” klubidagi faoliyati ancha yorqin ko‘rinish olgandi. Natijada Kumikov Qozog‘istonda yil murabbiy ham bo‘lgan.

Xullas, qozoqdagi hamkasblarimiz ikki terma jamoa o‘rtasida o‘yin tashkil etilishini eshitishgani zahoti Viktor Balyutovich bilan aloqaga chiqdilar. Vesti.kz hamda Sports.kz muxbirlari “Andijon” bosh murabbiyining fiklari bilan qiziqishdi.

Kumikovning Vesti.kz nashriga aytgan fikrlarini saytimiz orqali e’tiboringizga havola qilgandik. Sports.kz esa Viktor Balyutovich bilan yanada kengroq mavzuda suhbatlashdi.

- Viktor Balyutovich, o‘tgan yili “Andijon”da ishlashga yana qaytgandingiz. Ammo hozirda bu klub yaxshi davrni boshdan o‘tkazmasdan O‘zbekiston chempionatida ikkinchi divizion maqomida sanaladigan pro ligada o‘ynamoqda. Bir yildan ortiqroq vaqt davomida klubdagi ishni yaxshi yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘ldingizmi?

- Ha, ishlarimiz ancha yaxshi. Hozirda biz musobaqa jadvalida 1-o‘rinni egallab turibmiz va Superligaga qaytish vazifasi deyarli hal qilingan.

kumikov13

- Umuman olganda, O‘zbekiston pro ligasining saviyasini qanday baholagan bo‘lardingiz?

- Saviya Qozog‘istonning birinchi ligasi bilan deyarli bir xil. Ehtimol, ancha yaxshiroqdir. Chunki bu erda farm-klublar, ikkinchi jamoalar va o‘smirlar jamoalari yo‘q.

- “Andijon” tarkibida o‘z vaqtida “Jetisu” va “Aktobe”da to‘p surgan Bobur Davlatov o‘ynamoqda. Ayting-chi, qozog‘istonlik futbolchilar bilan boshqaruvingizdagi jamoani kuchaytirishni istarmidingiz yoki ayni paytda bu ishni amalga oshirishning iloji yo‘qmi?

- Bizda legionerlar masalasida cheklov bor bo‘lib, bir paytda uch nafar legioner maydonga tushishi mumkin. Aytishim kerakki, bu legionerlardan ko‘nglim to‘q.

- O‘zbekiston va Qozog‘iston terma jamoalari 2007 yildan beri ilk marotaba o‘rtoqlik maqomidagi uchrashuvda yana duch kelishadi. Nima deb o‘ylaysiz, bo‘lajak uchrashuv qiziqarli kechadimi?

- O‘yinning qiziqarli kechishiga ishonchim komil, bu aniq. Aytishim joizki, o‘sha paytlarda O‘zbekiston terma jamoasi ancha kuchliroq edi. Hozir kuchlar deyarli teng. Lekin eng asosiysi, ushbu terma jamoalar o‘rtasidagi bellashuvlar doim qiziqarli va printsipial ruhda kechgan.

vk_1

- Umuman olganda, ikki davlat terma jamoalari o‘rtasidagi munosabat nega oldingiga nisbatan ancha sust ko‘rinish olgan? Buning asosiy sababi nimada?

- Vaqt o‘tgani bilan o‘rtadagi aloqalar ancha susayib ketgani rost. Bu borada gapingizda jon bor, siz haqsiz. Nazarimda, Qozog‘iston terma jamoasiga Evropa va boshqa davlatlarning terma jamoalari bilan uchrashish ancha qiziqarli bo‘lsa kerak. Bor gap shunda.

- Sizning fikringizcha, Toshkentda bo‘lib o‘tadigan bo‘lajak uchrashuv mahalliy ishqibozlar o‘rtasida ajiotaj uyg‘otishi mumkinmi?

- Ishonchim komil, Toshkentdagi uchrashuv muxlislar bilan limmo-lim to‘lishi aniq. Ya’ni, bo‘lajak o‘yin ularda katta qiziqish uyg‘otadi.

- Sizning nuqtai-nazaringizda o‘zbek terma jamoasi hozirda qay darajada kuchli?

- Bu masalada ko‘p narsa o‘yinga chetdagi legionerlarning kelishi yoki kelmasligi bilan bog‘liq. Agar legionerlarning hammasi keladigan bo‘lsa, O‘zbekiston terma jamoasining o‘yinda g‘alaba qozonish imkoniyati ancha oshadi. Bunga aminman.

- Qozog‘iston terma jamoasi ishtirokidagi oxirgi uchrashuvlarni kuzatdingizmi? Uning UEFA Millatlar Ligasi guruh bosqichidagi muvaffaqiyati borasida nima deya olasiz?

- Bir vaqtlar o‘zim Qozog‘iston terma jamoasida ishlaganim uchun uning ishtirokidagi o‘yinlarni kuzatib kelaman. Ha, Qozog‘iston UEFA Millatlar Ligasining guruh bosqichini ancha muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Ammo bunga juda yuqori baho berish kerak emas. Hammasi saralash uchrashuvlarida oydinlashadi.

aaaa viktor

- EVRO-2024 saralash bosqichi uchun tashlangan qur’a natijalaridan xabaringiz bormi? Sizningcha, Qozog‘iston terma jamoasi joy olgan o‘z guruhidan final bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l olishi mumkinmi yoki bu ishni pley-off orqali amalga oshiradimi? Nima deb o‘ylaysiz?

- Daniya boshqa raqiblarga nisbatan ancha kuchliroq, qolganlari bilan esa bemalol bellashsa bo‘ladi. Nazarimda, UEFA Millatlar Ligasi orqali Evropa chempionati final bosqichiga yo‘l olish ancha qiyin bo‘lsa kerak. Nima bo‘lgan taqdirda ham Qozog‘iston termasiga omad yor bo‘lishini tilayman!

“Andijon” bosh murabbiyi qozog‘istonlik jurnalistlarning nishoniga tushganining sababini yuqorida keltirib o‘tdik, bu tushunarli holat. O‘z navbatida mutaxassisning o‘zida ham mavjud vaziyat va e’tibordan kelib chiqib, bo‘lajak bellashuvga qiziqish yanada ortyapti. Kumikov bilan gaplashganimizda chindan ham Qozog‘istonning ikkita nashridan unga aloqaga chiqqanini va suhbatlashganini ta’kidladi. Qolaversa, murabbiyning “Andijon” bilan pro ligada peshqadamligi va natijalar ancha yaxshilangani ham qo‘shni yurtdagi jurnalistlarning e’tiborini tortmasdan qolmagan.

Shuningdek, Kumikov Qozog‘istonning amaldagi bosh murabbiyi Magomed Adievni yaxshi biladi va o‘z navbatida hamkasbi ham “Andijon” ustozi haqida ko‘p eshitgan. Umuman aytganda, O‘zbekiston – Qozog‘iston terma jamoalari o‘rtasidagi bahsga Kumikov ham befarq emasligi ko‘rinib turibdi.   

Qozog‘iston terma jamoasi bosh murabbiyi: "O‘zbekiston munosib raqib, bu o‘yin biz uchun ham qiziqarli"

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!