Kurash bo‘yicha Al-Hakim At-Termiziy xalqaro turniri oldidan matbuot anjumani tashkil etildi

CHERY AUTO

9-12 aprel kunlari Surxondaryo viloyati Termiz shahrida kurash bo‘yicha Al-Hakim At-Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan an’anaviy XV xalqaro turnir tashkil etiladi. Unda dunyoning 30ga yaqin davlatidan 105 nafar ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda. Shundan 75 nafari sportchilar bo‘lib, ularning 15 nafarini xotin-qizlar tashkil qiladi. Bu haqda O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi xabar bermoqda.

Tecno

Bugun Jismoniy tarbiya va sport vazirligida kurash bo‘yicha Al-Hakim At-Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan an’anaviy XV xalqaro turnirning tashkiliy masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Anjumanda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari, Tashkiliy qo‘mita raisi o‘rinbosari Ravshan Ermatov, Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi, Tashkiliy qo‘mita a’zosi Oybek Kasimov, O‘zbekiston kurash federatsiyasi raisining sport ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Uyg‘un Umarov, shuningdek xorijlik mehmonlardan Bangladesh yoshlar va sport vaziligi kotibi Sohil Ahmad, Ruminiya delegatsiyasi rahbari, xalqaro toiadagi hakam, janob Naim Belgin, Ozarbayjon delegatsiyasi rahbari Mobil Xuseynov hamda mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

“Kurash bo‘yicha tashkil etiladigan mazkur xalqaro musobaqaga tayyorgarlik ishlari yuqori darajada olib borilmoqda. Yurtimizga tashrif buyurayotgan kurashchilar va mehmonlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bu borada Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston kurash federatsiyasi, Surxondaryo viloyati hokimligi va boshqa hamkor tashkilot va idorlar hamkorlikda musobaqani yuksak saviyada tashkil etish uchun barcha choralarni ko‘rishmoqda. Shuningdek, musobaqa jarayonlarini bevosita turnir o‘tkaziladigan «Alpomish» stadionidan yoritib borishi uchun OAV xodimlariga ham barcha zarur sharoitlar yaratib beriladi. Bellashuvlar o‘tkaziladigan «Alpomish» stadionida ham ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, sportchilar va kurash ixlosmandlariga barcha qulayliklar yaratilmoqda”, - dedi Ravshan Ermatov.

Ma’lumot uchun, 1993 yildan buyon har ikki yilda o‘tkazib kelinayotgan mazkur turnirda ko‘plab nomdor polvonlar ishtirok etishgan. 15-bor tashkil etilayotgan an’anaviy xalqaro turnirda erkaklar -60, -66, -73, -81, -90 kg hamda mutlaq, ayollar esa -48, -57, -63, -70, +70 kg. vazn toifalarida o‘zaro bellashadi.

Eslatib o‘tamiz, Al-Hakim At-Termiziy xalqaro turnirining umumiy mukofot jamg‘armasi 100 ming AQSh dollarini tashkil etib, har bir vazn toifasida g‘oliblarga 3 000, 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan sportchilarga 2 000 hamda ikkita 3-o‘rin sohiblariga 1 000 AQSh dollari miqdorida pul mukofotlari topshiriladi.

Mutlaq vaznda g‘olib bo‘lgan polvon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini – 10 000 AQSh dollariga sazovor bo‘ladi. 2-o‘rin sohibi 5 000 dollar, ikkita 3-o‘rin sohiblari 3 500 dollardan, jami 22 000 dollar miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanishadi. Mutlaq vazn toifasida chorak finalda mag‘lubiyatga uchragan 4 nafar kurashchining har biriga 2 000 dollardan jami 8 000 dollar pul mukofoti ta’sis etilgan.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilari uchun tashkilotchilar tomonidan turli sayyohlik turlari ham uyushtiriladiki, bu yurtimizda sport va ziyorat turizmini ham rivojlantirishga xizmat qiladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!