
«Ko‘hna qit’ada» «Inter»dan tashqari yana 14 klub chempionlikni nishonladi! Qaysi klublar oltin medalga ega chiqdi?
SPORTS.uz Milanning «Inter» klubini Italiya chempionligi bilan tabriklaydi. Fursatdan foydalanib, Evropaning boshqa birinchiliklariga ham nazar tashlaymiz. Xo‘sh, Evropaning qaysi chempionatlarida g‘oliblar nomi aniq bo‘ldi? Bugun shu haqida batafsil.
Italiya - «Inter»
Antonio Konte shogirdlari «Yuventus»ning 9 yillik gegemoniyasiga barham berishni uddaladi. E’tiborlisi shundaki, 2011 yildan beri klub birorta sovrin yutmagan edi. Italiya kubogida zafar quchgach, «Inter» naqd 10 yil sovrinlarsiz qolib ketdi. Hozir esa, aynan ular mamlakatdagi eng kuchli klub nomini o‘ziniki qilib oldi.
Rossiya - «Zenit»
Rossiyada esa, «Zenit»ning oltin davri davom etmoqda. Piterliklar qatorasiga 3 yildan beri chempionlikni hech kimga bermay kelishmoqda. So‘nggi 20 yil ichida RPLda birorta klub ketma-ket 3 bor chempionlikni nishonlamagan.
Niderlandiya - «Ayaks»
Amsterdam jamoasi 2019/20 yilgi chempionlikni himoya qildi. Mamlakat klublari ichida birinchilardan bo‘lib 35-chempionligini nishonlagan «Ayaks» kubokda ham zafar quchishga muvaffaq bo‘ldi.
Shotlandiya - «Reynjers»
Stiven Jerrard klub boshqaruviga kelgach, Glazgo klubida o‘sish kuzatildi. Joriy mavsumda esa, «Liverpul» afsonasi «Seltik»ning 10 yillik seriyasiga barham berdi. Yaqindagina bankrot, deb e’lon qilingan jamoa bugun 55-chempionligini nishonladi.
Ukraina - «Dinamo»
Mirko Luchesko «Kiev» bilan shartnoma imzolaganida, ko‘plab mutaxassislar hayron qolgan edi. «Shaxtyor» esa, «Dinamo»ning yangi murabbiyiga etarlicha baho bergani yo‘q. Natijada, Lucheski yoshlarga suyangan jamoani chempionlik sari etakladi. Donetsk klubi esa, 4 yil deganda ichki birinchilikdagi 1-pog‘onani boshqa klubga topshirdi.
Vengriya - «Ferentsvarosh»
Sergey Rebrov boshqaruvidagi jamoasini qatorasiga 3-bor Vengriyada tengsiz bo‘lishini ta’minladi. Budapeshtliklar o‘z tarixida 32 bor chempionat oltin medallariga ega chiqqan.
Gretsiya - «Olimpiakos»
Chempionat yakuniga 7 tur qolgan bir paytda, «Olimpiakos» oltin medallarni o‘ziniki qilib oldi. Jamoa naqd 46 marta ichki birinchilikda tengsiz, deb topilgan. Qolgan barcha jamoalarning chempionligi qo‘shib hisoblansa, 39 dan oshmaydi. E’tiborlisi shundaki, 1996/97 yilgi mavsumdan beri «Olimpiakos» atigi 4 bor chempionlikka erisha olmagan xolos.
Serbiya - «Tsrvena Zvezda»
«Inter» afsonasi - Deyan Stankovich boshqaruvidagi musobaqada tengsiz bo‘lib chiqdi. Yugoslaviya birinchiligini qo‘shib hisoblasak, «Tsrvena Zvezda» 32 bor finishga birinchi bo‘lib etib keldi.
Polsha - «Legiya»
Polsha chempionatida poyga oxiriga qadar davom etdi. Yakunda, Jasur Yaxshiboev to‘p surayotgan «Legiya» tengsizga aylandi. BU «Legiya»ning Polshadagi 15-chempionligi. Bu nafaqat klub, balki Polsha superligasi tarixidagi eng yaxshi natija! Ikkinchi o‘rinda borayotgan «Rux» va «Grunik»da 14 ta chempionlik bor.
Shimoliy Makedoniya - «Shkendiya»
21 asrga kelib, Shimoliy Makedoniya futbolida yangi grand paydo bo‘ldi. «Shkendiya» so‘nggi to‘rt yil davomida 3 bor turnirda g‘olib chiqdi. To‘g‘ri, xalqaro maydonda klub maqtanishga qodir natijalarga erishmagan, biroq Evropa Ligasida ishtirok etish uchun asosiy nomzodlardan biri bo‘lib turibdi.
Chernogoriya - «Buduchnost»
Ikkinchi pog‘onadagi klubdan 24 ochko ilgarilab ketgan «Buduchnost» ayni damdagi Chernorogiriyaning birinchi raqamli jamoasi sanaladi. Jamoa o‘z tarixida 5 bor finishga birinchi bo‘lib etib kelgan.
Chexiya - «Slaviya»
Chexiyada ham yaqqol fovorit taxtidan tushmoqchi emas. 3 mavsumdan beri shohsupadan tushmayotgan «Slaviya» o‘z tarixidagi 7-oltin medallarga ega chiqdi. Bu borada yaqqol peshqadam «Sparta»ni ko‘rsatish mumkin. Poytaxt klubi hisobida 13 chempionlik bor.
Shveytsariya - «Yang Boyz»
Bern shahri jamoasi ketma-ket 4 bor ichki birinchilikda tengsiz, deb topildi. Bu klub tarixidagi 15 g‘alaba! Hozir «Yang Boyz» 2 pog‘onadagi raqibidan 25 ochko ilgarilab ketgan.
Malta - «Xamrun»
«Xamrun» haqida ma’lumotga ega bo‘lmasangiz, ajab emas. E’tiborlisi shundaki, jamoa 30 yillik tanaffusdan so‘ng musobaqa oltin medallariga ega chiqdi. Seydu Dumbiya to‘p surayotgan klub bu mavsum Evrokuboklar uchun kurash olib boradi.
Fikrlar