Kim kuchli? Husanovni qozoq futbolchisi bilan taqqoslashdi

  • 24 noyabr, 07:07
  • Ali Ahmadxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Jahon sportida mamlakatlarni va sportchilarni bir biriga solishtirish odatiy hol hisoblanadi. Xususan, futbol olamida “Krishtianu Ronaldu zo‘rmi yoki Lionel Messi?” degan savol oxirgi 15 yilda eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biriga aylandi.

Tecno

O‘zbekiston va Qozog‘istonning sportdagi turli ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘zaro taqqoslanishi ham yangilik emas. Keyingi paytda ushbu qo‘shni mamlakatlarning futbolida jiddiy o‘sishlar kuzatilmoqda.

Keyingi paytda ikki mamlakatning yosh futbolchilari – Abduqodir Husanov va Dastan Satpaevni solishtirish urfga kirdi. Sababi oddiy – har ikki o‘yinchining iqtidori va salohiyatini eng murakkab chempionat – Angliya Premer-ligasi grandlaridan “Manchester Siti” va “Chelsi” tomonidan e’tirof etilgan.

Abduqodir Husanov 2025 yilning 20 yanvarida Frantsiyaning “Lans” klubidan Xosep Gvardiola jamoasiga 40 million evro evaziga transfer qilingan bo‘lsa, oradan bir muncha vaqt o‘tib, “Chelsi” vakillari “Qayrat” tarbiyalanuvchisi Dastan Satpaev bilan shartnoma tuzdi va uni o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi uchun qozoq jamoasida qoldirdi.

Rossiyalik taniqli murabbiy Viktor Kumikov bu ikki futbolchidan qaysi biri kuchliroq ekani haqidagi savolga javob berdi. Bu mutaxassis o‘z davrida O‘zbekistonda “Mash’al”, “Nasaf”, OTMK va “Andijon” jamoalarini boshqargan. Qozog‘iston chempionatida “”Esil”, “Elimay”, “Qaysar”, “Shaxtyor”, “Ordabasi”, “Atirau” va “Qaysar” klublarida ishlagan. Har ikki mamlakat futbolini ichidan biladi.

- Avvalo, bu ikki futbolchini solishtirish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Birinchidan, ular turli pozitsiyalarda o‘ynaydi. Ikkinchidan, Husanov ancha tajribali futbolchi va bir necha yildan beri xorijda to‘p tepyapti.

Satpaev esa, hali umid uyg‘otayotgan futbolchi hisoblanadi. U faqat Qozog‘istonda o‘ynayapti. Har ikkisiga ham omad tilayman, - dedi Viktor Kumikov.

Eslatib o‘tamiz, 21 yoshli Abduqodir Husanov “Bunyodkor” akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Biroq professional faoliyatini to‘liq xorijda o‘tkazib kelmoqda. U professional futbolchi sifatida Belarusning “Energetik-BGU” jamoasida shakllandi.

2023 yilning yozida o‘sha paytdagi Frantsiya vitse-chempioni “Lans” klubiga transfer qilindi. Husanov ushbu mamlakat chempionatida ishtirok etgan yagona o‘zbek futbolchisi hisoblanadi.

“Lans”dagi o‘yinlari bilan Evropaning grand klublari e’tiborini qozondi. 2025 yilning yanvarida “Manchester Siti” o‘zbek futbolchisini o‘z safiga qo‘shib oldi. Shu tariqa, Abduqodir Angliya futbolida professional darajada maydonga tushgan va gol urgan birinchi o‘zbekistonlik o‘yinchiga aylandi.

Husanov hozirga qadar klublar miqyosida jami 85 ta uchrashuvda ishtirok etib, himoyadagi vazifalarini bajarishdan tashqari raqiblar darvozasiga beshta to‘p kiritgan va jamoadoshlariga besh marta golli pas uzatgan.

2023 yildan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 24 ta uchrashuvda maydonga tushgan.

17 yoshli Dastan Satpaev esa, “Qayrat” klubi tizimida tarbiyalangan va joriy yil boshida asosiy jamoaga qabul qilingan. Yosh hujumchining iqtidorini payqagan “Chelsi” klubi bu o‘yinchi uchun “Qayrat”ga 2,4 million evro to‘ladi.

Satpaev 2026 yilning yozida Angliyaga boradi va “Chelsi”ning 21 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan tuzilgan tarkibiga qo‘shiladi.

Dastan klublar miqyosida turli darajada va turnirlarda 78 ta uchrashuvda qatnashib, o‘z hisobiga 47 ta gol va 18 ta assist rasmiylashtirgan. Bu yildan Qozog‘iston milliy terma jamoasiga jalb qilinayotgan markaziy hujumchi xalqaro miqyosda oltita bahsda bitta gol urdi.

Shomurodov jamoani yakka o‘zi elkasida ko‘tarib kelyapti...

Yana qancha gol kerak? Shomurodov endi haqiqiy to‘purarligini isbotlayapti...

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!