
"Keyrushning ketishi biz uchun katta yangilik bo‘lmadi" - Alisher Nikimbaev
2024 yilning yanvar oyida Qatar maydonlarida Osiyo Kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tadi. Kuni kecha mezbon Qatar terma jamoasida kutilmaganda bosh murabbiy o‘zgardi.
Portugaliyalik Karlush Keyrush iste’foga chiqarildi. Uning o‘rnini "Al Vakra" klubi bosh murabbiyi Markes Lopes egalladi.
Qatar futbol assotsiatsiyasida faoliyat ko‘rsatayotgan futbol eksperti, hamyurtimiz Alisher Nikimbaevga bir qancha savollar bilan murojaat qildik.
- Alisher aka, Qatardan kelgan xabar ko‘pchilikni hayron qoldirdi. Boisi, shu yilning fevral oyida Karlush Keyrush mamlakat terma jamoasining bosh murabbiyi etib tayinlangandi. Biroq dekabr oyiga kelib, Keyrushga chiqish eshiklari ko‘rsatildi. Holbuki, Osiyo Kubogi startiga juda oz fursat qolgandi. Bunday qaror qabul qilish uchun o‘ta jiddiy sabab bo‘lishi kerak. Qatar FAda ishlayotgan mutaxassis sifatida buning sababini nima bilan izohlagan bo‘lardingiz?
- QFAda ishlayotganim uchun bu xususida rasmiy bayonot berishga haqqim yo‘q. Faqat rasmiy izoh emasu, lekin bitta narsani aytishim mumkinki, Keyrush jamoasi oxirgi ikkita o‘yinni yutgan bo‘lsa ham muammolar yo‘q emasdi, o‘yin sifati, ichki muhit...Shunaqa deyilyapti. Shuning uchun bu biz uchun katta yangilik bo‘lmadi.
- Shaxsiy fikringiz qanday: Keyrushning ketishi Qatar uchun plyusmi yoki minus?!
- Plyos yoki minusmi, hozircha baho berish qiyin. Faqat bitta tarafdan plyus bo‘lish mumkinki, jamoa uni qabul qilmagan. Yangi murabbiy kelgani uchun jamoa ruhlanib, boshqacharoq o‘ynashi mumkin. Rostini aytsak, odamlar Osiyo Kubogidan oldin xavotirda bo‘lgan. Keyrushning ketgani shaxsan men uchun kech bo‘lyapti. Osiyo Kubogiga bir oy vaqt qolyapti. Ammo, balki kech bo‘lmasligi ham mumkin.
- Qatar o‘tgan yili mundialni qoyilmaqom tarzda o‘tkazdi va ulkan tajribaga ega bo‘ldi. Shuni hisobga olganda, Osiyo Kubogi mezbonligini ham muammosiz o‘tkazishiga shubha yo‘q. Ya’ni, qit’a musobaqasiga tayyorgarlik endi mundialga mezbonlik qilgan Qatar uchun u qadar jiddiy qiyinchiliklar tug‘dirmayotgandir. Bu borada ishlar qanday olib borilmoqda?
- Bitta narsani tushunish kerakki, katta muammolar yo‘q. Jahon chempionatini qabul qilgan stadionlardan faqat 7 tasi Osiyo Kubogini qabul qiladi, 8 ta emas. Bunga qo‘shimcha “Al-Sadd” bilan “Duxail” qo‘shilyapti. Baribir Osiyo Kubogi bu jahon chempionati emas va muxlislar soni unchalik ko‘p bo‘lmaydi. Katta staidondan kichkina stadionga o‘tishda bu kimgadir yoqmasligi mumkin. Jahon chempionati standartlaridan Osiyo Kubogi standartlariga o‘tishda balki muxlislar uchun qulayliklar kamroq bo‘lishi mumkin. Tashkiliy tomondan muammolar umuman yo‘q. Oldindan hammada tajriba bor. Tayyorgarlik yaxshi ketyapti.
- Nima deb o‘ylaysiz, Qatar o‘tgan safargidek Osiyo Kubogini yutishga qodirmi?
- Qatarga yutish bu safar qiyinroq bo‘ladi. Chunki bugungi kunda Osiyoda kamida 5-6 ta jamoa Kubokni yuta oladi. Yaponiya, Janubiy Koreya, Eron, Saudiya Arabistoni, Avtsraliya bo‘lishi mumkin. Shuning uchun Qatarga bu safar yutishga qiyin bo‘ladi. Qatar asosan eng yaxshi natijalarini safardagi musobaqalarda qo‘lga kirityapti.
- O‘zbekiston terma jamoasining bu safargi imkoniyatini qanday baholaysiz?
- Menimcha, kamida chorak finalgacha borishga qodir. Qur’aga qarab balki yarim finalgacha ham borsa bo‘ladi. Guruhdan chiqishi osonroq bo‘ladi. Guruhdan chiqishiga va nimchorakda yutishiga ishonaman. Keyin chorak finaldagi raqibga qarab baho beramiz.
- Shuningdek, Osiyo Kubogidagi 6 ta guruh orasida siz uchun "o‘lim guruhi" bormi?
- “O‘lim guruhi” menimcha yo‘q. Chunki uchinchi savatcha jamoalari unchalik kuchli emas. Balki Suriya kuchliroq bo‘lishi mumkin. Lekin noyabrda jahon chempionati saralashida Suriyani Yaponiyaga 0:5 hisobida yutqazganini ko‘rganmiz. Har bir guruhdan deyarli uchta jamoa chiqayotganini inobatga olsak, “o‘lim guruhi” umuman yo‘q.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar