Katanetsni o‘ylantirib qo‘ygan muammo! Tarkibdagi yo‘qotishlar rejalarni o‘zgartirib yubordi...mi?

  • 12 noyabr, 2021, 07:26
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Hozir barcha qit’alarda FIFA kunlari boshlangan bo‘lib, ichki chempionatlarda biroz tanaffus e’lon qilindi va hamma joyda terma jamoalar rasmiy ravishdagi uchrashuvlarda maydonga tushishyapti. Hamma qatori bizda ham milliy terma jamoamiz FIFA kunlaridan foydalanib navbatdagi yig‘inini tashkil qilgan va 15 noyabr kuni Tbilisida Gruziya termasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi.

Tecno

Ayni paytda Osiyo qit’amizda terma jamoalar jahon chempionati uchinchi saralash bosqichidagi o‘yinlarini o‘tkazishyapti. Afsuski, biz jahon chempionati saralashida qatnashish imkoniyatidan mahrum bo‘lganimiz sababli FIFA kunlarida o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazish bilan cheklanib turamiz. Yangi bosh murabbiy Srechko Katanetsning bu terma jamoamizdagi uchinchi yig‘ini hisoblanadi. Shuningdek, milliy termamiz ustozi sifatida bo‘lajak to‘rtinchi o‘yinga tayyorlanyapti. Dastlab Shvetsiyaga qarshi uchrashuvda maydonga tushib 2:1 hisobida yutqazdik. Keyin Malayziya yirik hisobda dog‘da qoldirilgan bo‘lsa, Iordaniyadan javobsiz uchta gol o‘tkazib yuborganimiz yodimizda turibdi.

Navbatdagi o‘rtoqlik uchrashuvi esa Katanets va terma jamoamiz uchun yana bir tayyorgarlik vazifasini bajaradi. Lekin bo‘lajak o‘yin oldidan Srechko Katanets Toshkentdagi mashg‘ulotlardayoq turli muammolar bilan ham duch kelishiga to‘g‘ri kelyapti. Shu sababli bosh murabbiy o‘zi istagan tarkib bilan shug‘ullanyapti deya olamizmi? Yodingizda bo‘lsa, murabbiy ushbu yig‘in uchun ilk tarkibni e’lon qilganidayoq majburiy o‘zgarish bo‘lgani aytildi. Janubiy Koreya chempionatida to‘p surayotgan himoyachi Rustam Ashurmatov viza masalasi bilan bog‘liq muammo sababli mazkur yig‘inda ishtirok eta olmasligi ma’lum bo‘ldi. Natijada Katanets uning o‘rniga “Paxtakor”dan Marlen Chobanovni qo‘shib qo‘ydi. Yosh o‘yinchi ilk bor milliy termadan chaqiruv oldi. Shunday ekan, bu uning uchun yangi chorlov va o‘zini ko‘rsatish uchun katta imkoniyat.

katanets_4

Shuningdek, o‘tgan safargi yig‘inga ilk bor taklif qilingan BATE futbolchisi Shahboz Umarovni Katanets bu gal ham tarkibga kiritdi va ko‘rinib turibdiki, unga yana imkoniyat taqdim etmoqchi edi. Biroq terma jamoamizning ilk mashg‘ulotida Katanets OAVga shuni ma’lum qildiki, Umarov koronavirusga chalingani sababli mazkur yig‘inga kela olmaydigan bo‘ldi. Lekin sloveniyalik murabbiy Umarovning o‘rniga kimni chaqirarkin deb turganimizda “Qizilqum”dan Islom Kenjaboev terma jamoa yig‘inida paydo bo‘ldi. Oxirgi paytlarda navoiyliklar safida faol harakat qilayotgan futbolchi Umarovning o‘rnini egalladi. Bu borada O‘FA matbuot xizmati shunday xabar qildi: “Xabaringiz bor, Shahboz Umarov Covid-19 infektsiyasi bilan kasallanganligi sababli O‘zbekiston milliy terma jamoasining bu galgi o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarida ishtirok etolmaydi. Murabbiylar shtabining qaroriga ko‘ra, Umarov o‘rniga terma jamoaga “Qizilqum” klubi futbolchisi Islom Kenjaboev jalb etiladigan bo‘ldi”.

kenjaboev ufa

Xitoyning “Chuntsin Lifan” jamoasi sharafini himoya qilayotgan Doston Tursunov nihoyat Katanets terma jamoada ish boshlagach, yana asosiy jamoamizga chaqirila boshlandi. Ko‘rinishidan bosh murabbiyga Tursunovning harakatlari manzur kelayotgandi. Biroq uning jarohati ham bosh murabbiyning rejalarini o‘zgartirdi desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Oqibatda murabbiylar shtabi tomonidan Tursunovning o‘rniga AGMKdan Abbos Otaxonovni taklif qilish qarori qabul qilindi. Ma’lumotlarga qaraganda, Doston Tursunov eski jarohati bezovta qila boshlagan va shu bois operatsiya stoliga yotishi kutilmoqda. Otaxonov esa Katanets boshchiligidagi terma jamoamiz yig‘iniga ilk bor taklif etilganini ham qo‘shimcha qilib qo‘yish kerak.

ufa tursunov

Navbatdagi yo‘qotish esa Jasur Yaxshiboev bo‘lib chiqdi. “Real”ga gol urgan hujumchimiz aslida o‘tgan safargi yig‘inga taklif qilingandi. Ammo Madriddagi o‘yinda jarohatga yo‘liqqanidan keyin futbolchi ancha vaqt davolanishiga to‘g‘ri keldi. Nihoyat, Yaxshiboev jarohatidan qutildi va terma jamoaning ushbu yig‘iniga taklif qilindi. To‘g‘risi, bu kutilayotgan chaqiruv edi. Lekin Katanets navbatdagi yo‘qotish sifatida aynan Jasur bo‘lishini umuman kutmagan bo‘lsa kerak. “Sherif” futbolchisi terma jamoa ixtiyoriga keldi va bir kun mashg‘ulotda qatnashdi. Ertasidan esa jamoa lagerini tark etdi. Bu borada O‘FA matbuot xizmati shunday xabar qildi: “Xabaringiz bor, kecha Jasurbek Yaxshiboev terma jamoa mashg‘ulotlariga kelib qo‘shilgan edi. U yig‘inga eski jarohati bilan kelgan va o‘zini noqulay his qilgan. Tekshiruvlar natijasiga ko‘ra, uning Gruziyaga qarshi uchrashuvni o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘ldi”.

Xullas, yuqorida keltirilgan sabablar tufayli Yaxshiboev ham terma jamoa ixtiyorini tark etdi. Ochig‘i, uning Gruziya bilan o‘yinni o‘tkazib yuborishi kutilmagan xabar berdi. Chunki hamma futbolchini jarohatidan forig‘ bo‘lgan, deb o‘ylagandilar va shu jumladan biz ham. Qolaversa, o‘zini nega noqulay his qilgani ham biz uchun qorong‘u. Balki bu Katanets uchun ham jumboq bo‘lsa kerak-a? Afsuski, sloveniyalik murabbiy “Real”ga gol urgan futbolchimizni hamon o‘z jamoasida sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘la olmayapti. Ochig‘i, Ashurmatov, Umarov, Tursunov va Yaxshiboevning o‘ziyoq biz uchun jiddiy yo‘qotishga aylanib ulgurgan bir paytda bu hali hammasi emas ekan. Chunki kecha terma jamoamizning yana bir himoyachisi, “Paxtakor” etakchilaridan biri Hojiakbar Alijonov ham jarohati tufayli Gruziyaga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuborishi e’lon qilindi. Katanets Yaxshiboev va Alijonovning o‘rniga boshqa futbolchilarni taklif qilishga ulgurmadi, deb o‘ylaymiz, chunki bugun terma jamoamiz Tbilisiga jo‘nab ketadi.

yaxshiboev ufa

Rosti, to‘rt kun ichida terma jamoamiz safida shuncha yo‘qotishning yuz bergani bizni o‘ylantirib qo‘ydi. Shubhasiz, Katanets uchun ham bu o‘ylantiriladigan muammoga aylangan. Nima uchun termaga kerakli futbolchilar jarohat sababli yig‘inni tark etishyapti? Ya’ni, ularning jarohatlari shu qadar jiddiymi? Nima sababdan o‘zlarini noqulay his qilishadi? Yoki ularga shifokorlar tarafidan kerakli muolajalar ko‘rsatilmagandir? Balki mana shunday paytda terma jamoaning oldingi shifokori – Abror Pirrievning yo‘qligi yaqqol sezilib qolayotgandir?! Xullas, bu masalada savollar bisyor. Katanets esa ushbu yig‘inda hali Gruziya bilan o‘yin boshlanmasidanoq tarkib masalasida o‘zi istamagan holda rejalarini o‘zgartirishiga to‘g‘ri kelyapti.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!