
Karlos Alkaras Uimbldondagi g‘alabasini Ispaniya terma jamoasi bilan birga nishonlaydi
"Katta Dubulg‘a"ning to‘rt karra g‘olibi ispaniyalik tennischi Karlos Alkaras "Uimbldon-2024"dagi g‘alabasini futbol bo‘yicha Evropa chempioniga aylangan Ispaniya terma jamoasi bilan birga nishonlamoqchi. Bu haqda Marca xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Alkaras "Katta Dubulg‘a"dagi to‘rtinchi g‘alabasini Madridda 15 iyul oqshomida nishonlaydi. Gap shundaki, Alkaras futbol va Ispaniya terma jamoasining ashaddiy muxlisi, shu bois u ikkita quvonchli voqeani bitta katta bayramga birlashtirmoqchi.
Eslatib o‘tamiz, 14 iyul, yakshanba kuni 21 yoshli Alkaras Uimbldon-2024 chempioniga aylangandi. Finalda u “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi musobaqalarning 24 karra chempioni serbiyalik Novak Jokovichni uchta setda mag‘lub etdi. Uimbldon 2024dan oldin u US Open 2022, Uimbldon 2023 va Rolan Garros 2024 musobaqalarida g‘olib chiqqan.
14 iyundan 14 iyulga qadar Germaniyada Evropa chempionati bo‘lib o‘tdi. Turnirning hal qiluvchi bahsida Ispaniya terma jamoasi Angliya terma jamoasini 2:1 hisobida mag‘lub etdi. “Qizil Furiya” shu tariqa o‘z tarixida to‘rtinchi marta Evropa chempioniga aylandi. Bu rekord natija hisoblanadi.
Fikrlar