
Kamoliddin Murzoev: Hech kim bizga ishonmagandi, "Paxtakor" o‘sha paytda ham kuchli edi
“Paxtakor” klubi O‘zbekiston kubogi finalida AGMKni 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratganidan keyin sobiq futbolchi Kamoliddin Murzoev o‘zining feysbuk va instagramdagi sahifalariga 2018 yilgi finalda AGMKning “Paxtakor” ustidan qozongan g‘alabasidan esdalik bo‘lgan suratni joyladi. Chunki o‘shanda Murzoev AGMK safida to‘p surgan va “Paxtakor”ning mag‘lub etilishiga hissa qo‘shgandi. Kamoliddin bu borada sports.uz muxbiriga quyidagilarni aytdi:
- “Paxtakor” – AGMK o‘yinini ko‘rganimdan so‘ng, oldingi xotiralar yodimga tushdi va 2018 yildagi g‘alabamizdan esdalik bo‘lib qolgan suratni instagramdagi sahifamga joylagandim. Mening futbolchilikdagi faoliyati katta yutuq bilan xotima bo‘ldi, desak bo‘ladi.
O‘sha uchrashuvni eslaydigan bo‘lsak, ko‘pchilik g‘alaba qozonishimizga ishonmagandi. “Paxtakor” o‘sha paytda ham kuchli jamoa edi. Bizning o‘yinlarimiz esa barqaror davom etmayotgandi. Hattoki, chempionatda qolish uchun o‘tish o‘yinida ham ishtirok etganmiz. Lekin o‘sha mahalda yaxshi jamoa tuzilgandi, futbolchilarning bir-biriga ishonchi yuqori bo‘lgan.
Garchi bizga ishonishmasa ham, o‘shanda o‘yindan bir kun oldin poezdda Farg‘onaga etib borganimizda yo‘l-yo‘lakay gaplashib, jamoamiz uchun chempionlik futbolkalarini tayyorlaganmisizlar, deb rahbariyatdan so‘ragandik. Natijada chempionlik futbolkalari o‘yin kuni etkazib kelingandi.
Umuman, yaxshi xotiralar bilan esda qolgan. Bu yilgi final ham chiroyli o‘tdi. Ayniqsa, maydonning holati ajoyib edi. O‘zbekiston chempionatida birinchi marta VAR tizimi finalda qo‘llanildi. Jamoalar esa o‘yinga optimal holatda etib kelishdi. Mirjalol Qosimov shogirdlarini ikki yildan beri finalga etib kelayotganini o‘zi AGMKda barqarorlik borligidan, to‘g‘ri yo‘nalishda ish olib borilayotganidan dalolat. “Paxtakor” esa hammamizga ma’lumki, O‘zbekistonning grand klubi. O‘yinda ham buni isbotlashdi. Dekabr oyining bu sanasida muxlislar yaxshi futbol tomosha qilishdi, - deydi Murzoev.
Fikrlar