Jizzaxda yubiley o‘yin! Kimgadir "aza", kimgadir "maza" bo‘ladi-yov...

  • 13 sentabr, 2022, 17:16
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

14 sentyabr kuni Superliganing 16-tur qoldirilgan o‘yini bo‘lib o‘tadi. Unda “So‘g‘diyona” o‘z maydonida “Neftchi”ni qabul qiladi. Keyin 19-tur bahslari ulanib ketadi. Ungacha “So‘g‘diyona” – “Neftchi” uchrashuviga guvoh bo‘lamiz. Bu o‘yinning qoldirilishiga jizzaxliklarning OFK Kubogidagi ishtiroki sabab bo‘lgan. Bilasiz, “So‘g‘diyona” ilk bor qatnashayotgan OFK Kubogida muvaffaqiyatli qatnashib, yarim finalga chiqdi. Mana, endi Ulug‘bek Baqoev jamoasi uchun qoldirilgan o‘yin kuniga ham etib keldik.

Tecno

“So‘g‘diyona” hozir uchta frontda kurashyapti. O‘zbekiston chempionati, O‘zbekiston Kubogi va OFK Kubogi. Qizig‘i, har uchala musobaqada jizzaxliklar favoritlar qatorida. Superligada chempionlik uchun kurashyapti, O‘zbekiston Kubogi va OFK Kubogida yarim finalga chiqdi. Chempionatda chempionlik poygasi ham ular uchun juda muhim. O‘tgan turda o‘z uyida “Navbahor” bilan durang o‘ynab ikki ochko yo‘qotgan jamoada endi “Neftchi”ga qarshi qoldirilgan uchrashuvda g‘alaba qozonib 3-o‘ringa ko‘tarilib olish imkoniyati mavjud.

Ketma-ket ikki marta vodiy klubiga qarshi maydonga tushadigan “So‘g‘diyona” bu safargi juftlikda favorit sifatida nomi tilga olinyapti. “Neftchi” chempionat boshidan beri barqarorlikka erisha olmay kelyapti. U erda murabbiy o‘zgarganini endi yaxshi bilasiz. Vitaliy Levchenko ikkinchi davrada jamoa natijalarini yaxshilash uchun olib kelindi.

neftchi

Mana, ilk bor farg‘onaliklar bu yil ketma-ket ikkita uchrashuvda g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘lishdi. O‘tgan turda Toshkentda “Bunyodkor” mag‘lub etildi, Yaypanda esa “Qizilqum” ham taslim bo‘ldi. Shu tariqa, “Neftchi” futbolchilarida asta-sekin g‘olibona ruh shakllanib borayotgandek. Ammo bu uzviy ravishda davomli bo‘ladimi, bunisi noma’lum. Har qalay raqib “So‘g‘diyona” ekanini hisobga olsak, Levchenko jamoasini har tomondan murakkab uchrashuv kutmoqda.

“So‘g‘diyona” jiddiy raqib. “Neftchi” rahbariyati qanday qilib bo‘lmasin klubning mavqeini tiklash vazifasini qo‘ygan. Oxirgi ikkita o‘yinda 6 ochko qo‘lga kiritilishi va turnir jadvalida atrofidagi raqiblarning ochko yo‘qotishi tufayli “Neftchi”  11-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Hozir farg‘onaliklar uchun har bir o‘yin xuddi finalga teng. Jizzaxda nima kutyapti? Albatta, Ulug‘bek Baqoev boshchiligidagi “So‘g‘diyona” kutyapti. Bu o‘yin jang bo‘ladi.

jizzax

Uchrashuvdan oldin shuni aytish mumkinki, bo‘lajak bellashuv jamoalarning yubiley 50-o‘yiniga aylanadi. “Neftchi” ilgari chempionatimizda favoritlardan biri bo‘lgani sababli jizzaxliklarga qarshi o‘zaro uchrashuvlarda ustunlik farg‘onaliklar tomonida. “So‘g‘diyona”da 11 ta, “Neftchi”da 28 ta g‘alaba bor. 10 ta bellashuvda kuchlar teng kelib qolgan. To‘plar nisbati 42x93 farg‘onaliklar foydasiga. Birinchi davrada “Neftchi” mezbon sifatida “So‘g‘diyona”ga 1:2 hisobida yutqazib qo‘ygan. Umuman oladigan bo‘lsak, so‘nggi 4 ta o‘yindan beri faqat “So‘g‘diyona” g‘alaba qozonyapti. “Neftchi” oxirgi bor 2017 yilda muvaffaqiyatga erishgan. O‘sha mavsumning birinchi davrasida farg‘onaliklar Jizzaxda yagona gol evaziga uch ochkoni qo‘lga kiritishgandi.  

Boya bejizga bu yubiley o‘yin ekaniga to‘xtalmadik. Aftidan, jamoalarning 50-o‘yini bahs yakunida kimgadir “aza”, kimgadir “maza” bo‘ladigandek. Mazkur to‘qnashuv har ikki jamoa uchun muhim. Hech kim yutqazgisi kelmaydi. Bizningcha, durang bo‘lsa, bu chempionlik yo‘lida kurashayotgan mezbonlar uchun mag‘lubiyatga tenglashsa ham kerak. O‘yinni ko‘rishni unutmang!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Олға насаф
13/09/2022 17:23
Иккала жамоага ҳам омад тилаймиз