Jimmi Jimmi aaja aaja

  • 15 fevral, 2020, 09:00
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Sarlavhani o‘qib hayron bo‘lgandirsiz. Ha, bu o‘sha mashhur hind filmi “Disko raqqosi”dagi qo‘shiqdan olingan. Bugun kim haqida gap ketishini taxmin qilgandirsiz.

Tecno

“Chelsi”ning bir paytlardagi yorqin hujumchisi haqida. Roman Abramovich londonliklar rahbarligiga kelishidan oldingi jamoaning etakchi futbolchisi haqida. Bu futbolchi – Jimmi Floyd Xasselbaynk.

Jimmi

U yo‘q joylardan gollarni paydo qilar edi. To‘p Jimmiga kelib tushishi bilan uni o‘ziga moslashtirib, darvoza tomon yo‘naltirardi. Chap oyoqmi, o‘ng oyoqmi unga farqi yo‘q edi. Jarima zarbalini ham u hayratomuz amalga oshirar edi.

Xasselbaynk doimo diqqat markazda bo‘lardi. Maydonda doimo yugurar, sheriklari unga to‘p uzatishi uchun qulay zona tanlay olar, o‘zi bilan bir yoki ikki raqibni ergashtirib yurardi.

“Disko raqqosi” filmi nafaqat Hindistonda, balki butun dunyoda mashhur filmlardan biri bo‘lgan. Shu jumladan, Niderlandiyaning sobiq koloniyasi bo‘lmish, Surinamda ham. Surinamdagi Paramaribo ko‘chasida Jerrel ismli bola faqatgina to‘p orqasidan yugurmas, Mitxun Chakrabortining harakatlarini takrorlab, raqs tushar edi. U Jimmining muxlisi edi. Hamma uni Jerrel emas Jimmi deb chaqirardi. Kelajakda raqqos bo‘lolmadi. Ammo akasi Karlos singari futbolni tanladi. Karlos Jerreldan 4 yosh katta edi. “Alkmar” jamoasida zahiradan maydonga tushardi. Gollandiyaliklar Karlosning mahoratiga skeptik qarashar edi. To‘pni darvozadan 1 metr uzoqlikka qo‘yib, darvozabonni olib qo‘ysak, o‘shanda Karlos gol urishi mumkin deya uning ustidan kulishardi. Jamoadagi eng past maosh oladigan ham Karlos edi. Shunday bo‘lsa ham u futbolni yaxshi ko‘rgani uchun hammasiga chidardi. “Alkmar”ga o‘z ukasini o‘yinini bir ko‘rishlarini taklif etdi. Jimmi jamoaga qabul qilindi. Gollandiyada “Alkmar” va “Telstar” jamoalarida to‘p surgan futbolchini Portugaliya jamoasiga arzimas pulga sotib yuborishdi. Surinamlik futbolchi “Kampomayorense”da bombardirlik qobiliyatini ko‘rsatdi. Keyin esa “Boavishte” jamoasida yorqin o‘yin namoyish etdi. U erda esa Jimmini “Lids” skautlari kuzatayotgan edi.

Futbolchi Premer-Ligada darhol gol urishni boshladi. Angliyadagi ilk mavsumida 26 ta golni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Keyingi mavsumda esa sal kamroq – 18 ta gol urdi. “Lids” rahbariyati futbolchining hamma talablarini qondirar edi. Hatto, uning iltimosiga ko‘ra, yurtdoshi Klayd Veyngardni ham jamoaga olib kelishdi. Muxlislar tomonidan Jimmi yil futbolchisi sifatida e’tirof etildi.

Gollandiyaliklar ham bunday mo‘jiza qayerdan paydo bo‘ldi deya hayron qolishgandi. Eredivizieda o‘zini ko‘rsata olmagan yigitcha, uch yil o‘tib, boshqa mamlakatlarda 70 ta gol urishga erishdi. Gus Xiddink futbolchini 1998 yilgi Jahon chempionatiga olib ketdi. Tarkibda Patrik Klyuyvert, Dennis Bergkamp, Per van Xoydonk, Mark Overmarslar bo‘lishiga qaramasdan, Jimmiga ham joy topildi.

Muvaffaqiyatlar uning boshini aylantirib qo‘ygandi. “Lids”ga o‘zining yangi shartlarini qo‘ya boshladi. Bu esa Madridning “Atletiko” jamoasini e’tiborini tortdi. Uning qiliqlari “Lids”ning hiqildog‘iga keldi va futbolchini sotishga qaror qildi. Madridliklar futbolchi uchun 10 mln funt to‘ladi va Jimmi Ispaniyaga yo‘l oldi. Ispaniyaga “sayohat” futbolchi uchun omadli kechmadi. U mavsum davomida 33 ta gol urdi, ammo jamoasi Segundaga yo‘l oldi. “Disko raqqosi”ga esa bu yoqmadi.

“Chelsi” futbolchi uchun 15 mln funt to‘ladi va Jimmi Angliyaga qaytdi. Bu qaytish uning faoliyatidagi yorqin xotiralarni boshlanish nuqtasi edi. O‘sha paytdagi yangi murabbiy Klaudio Raneri futbolchiga ishonch bildirdi. Jimmi esa bu ishonchni o‘z gollari bilan oqladi. “Barselona” futbolchi uchun juda katta pul taklif qildi. Ammo Jimmi Londonda qolishni ma’qul topdi.

Jimmi

“Chelsi”ning xo‘jayini o‘zgardi, undan tashqari murabbiy ham almashdi. Xasselbaynk o‘zini noqulay his qila boshladi. Raneri o‘rnini Mourino egalladi. Jozega 32 yoshli Jimmi emas, yosh va tezkor hujumchi kerak edi. Futbolchini “Midlsbro”ga sotib yuborishdi. Shundan so‘ng Jimmining faoliyatida pasayish kuzatildi. “Midlbro”dan so‘ng “Charlton”, “Kardiff Siti” kabi jamoalarda o‘ynagan Xasselbaynk 36 yoshida faoliyatini yakunladi.

Terma jamoadagi faoliyati ham kech boshlanib, erta tugadi. O‘z mamlakatida o‘tkazilgan Evropa chempionatiga qatnashishi mumkin edi. Ammo tarkibga chaqirilmadi. Bunda u murabbiy Frank Raykardni aybladi. Ayblov sababi – irqchilik. Raykard irqchilikda ayblandi!

Faoliyatini yakunlagach, Jimmi murabbiylik bilan shug‘ullana boshladi. “Antverpen”da yaxshi ishladi. Keyin Angliyaga yo‘l oldi. U erda “Byorton Albion” jamoasi murabbiyi bo‘ldi. “QPR”da ham ishlagan Xasselbaynk yomon natijalar qayd eta boshladi. “Nortgempton Taun”dagi faoliyatida ham maqtanishga arziydigan natija ko‘rsata olmadi.

Jimmi

Hozirda Jimmi murabbiylikdan tanaffus olgan va to‘rtta qizini tarbiyasi bilan shug‘ullanyapti. Undan tashqari akasi Karlosning o‘g‘liga yordamini ayamayapti. Uning o‘g‘li “Ayaks” va “PSV” akademiyasida futbol sirlarini o‘rgandi va hozirda Isroil chempionatida faoliyatini davom ettiryapti. Terma jamoada ham omadi chopmadi. Gollandiya emas Surinam terma jamoasida to‘p suryapti.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!