
Jamshid Saidov: Muhimi "Andijon"ni Superligada saqlab qoldik
Andijonliklar «Qizilqum»ga qarshi o‘yinda qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, kichik hisobda g‘alaba qozonishdi. Natijada ular joriy mavsumni 10-o‘rinda yakunladilar. Aytish kerakki, oxirgi ikkita uchrashuvga jamoani yordamchi murabbiy Jamshid Saidov tayyorladi. Bosh murabbiy Aleksandr Xomyakov esa Ukrainaga litsenziyasini yangilash uchun ketgandi. Shu bois «Qizilqum»ga qarshi bahsdan keyin Saidov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Mavsumning so‘nggi turidagi g‘alaba bilan tabriklaymiz. Bahs haqida nima degan bo‘lardingiz?
- Avvalo aytishim kerakki, kechagi voqea mening nafaqat murabbiylik faoliyatimda, balki futboldagi hayotimda birinchi marta sodir bo‘lishidir. Bungacha hech qachon tumanli ob-havoda futbol o‘ynab qoldirilmagandi. Bunday paytda ikkinchi kunga o‘yinni kelgan joyidan davom ettirish futbolchilarga, ayniqsa ruhiy tomondan juda ham og‘ir bo‘ladi. Chunki ularni yana qaytadan tayyorlantirish kerak bo‘ladi. Shunday holatda muhim g‘alabani qo‘lga kiritganimiz uchun yigitlarga katta rahmat aytmoqchiman. Ular g‘alaba qozonish uchun oxirigacha kurashishdi. Jamoamizni qo‘llab turgan muxlislarimizga ham katta rahmat aytmoqchiman. Ushbu mavsum biz uchun juda og‘ir bo‘ldi. Chempionat davomida qaerdadir ko‘tarilish va pasayishlar bo‘ldi. Eng muhimi, «Andijon»ni Superligada saqlab qoldik. Endi kelasi mavsumga nima bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi.
- Bosh murabbiy Aleksandr Xomyakov oxirgi ikkita o‘yinda jamoa bilan birga bo‘lmadi…
- Ha, u 26 noyabr kuni Ukrainaga ketgandi. Chunki UEFAning «V» litsenziyasini yangilashi kerak edi.
- Uning yo‘qligi tufayli muxlislar orasida Xomyakov ketib qolibdi, degan gap-so‘zlar ham paydo bo‘ldi…
- Yo‘q, bunday emas. Uning klub bilan shartnomasi bor. Ammo Xomyakov Ukrainadan to‘g‘ri uyiga – Rossiyaga ketadi. Chunki uni endi bu erga kelgani bilan foydasi yo‘q-ku. Jamoa shundoq ham ta’tilga chiqdi.
- Bugungi g‘alabadan so‘ng «Andijon» mavsumni 10-o‘rinda tugatdi. Bu natijani qoniqarli desa bo‘ladimi?
- Ha, o‘ylaymanki, bu qoniqarli natija.
- Lekin oxirgi o‘yin bo‘lgani uchunmi futbolchilar og‘ir o‘ynashdi.
- Ha, to‘g‘ri. Kecha ham o‘ynagandik va unda hisob 0:0 edi. Bugun ham o‘ynadik 1:0 ga yutdik. Demak, ikki kunda «Qizilqum»dan to‘rt ochko oldik (kuladi). Kechagi holatdan so‘ng bugun og‘ir o‘yin bo‘ldi. 3-4 ta imkoniyatdan bittasini urdik. Shahzod Ubaydullaevning o‘zi uchta gol urishi kerak edi. Yigitlar yaxshi kayfiyat bilan ta’tilga chiqishadi.
- Bugun asosiy darvozabon Vitaliy Mirniy ko‘rinmadi va asosan zaxirada yoki o‘rinbosarlar tarkibida o‘ynagan Akmal Ortiqovga ishonch bildirildi.
- Ha, Mirniy «Qo‘qon-1912» bilan bahsda jarohat olgandi. Bugun esa oxirgi o‘yin bo‘lgani uchun Akmal Ortiqovga imkoniyat berdik.
Fikrlar