
"Jamoa oldingidan ham kuchaygan" - Suhrob Nurulloev sobiq klubiga qaytgach, yana nimalarni aytdi?
Qarshining “Nasaf” klubi yangi mavsumda ham oldiga jiddiy vazifalarni qo‘ygan. Ayniqsa, chempionlik kamarini munosib himoya qilish ustivor vazifalardan biriga aylangan. Shu sababli tarkib yanada takomillashtirilyapti. Yangi o‘yinchilar va shu bilan birga oldingi sobiq ijrochilar ham ortga qaytarilyapti.
Kecha “Nasaf” klubi yarim himoyachi Suhrob Nurulloev bilan shartnoma imzolaganligini e’lon qildi. U 2021 yili “Paxtakor”dan “Nasaf”ga ko‘chib o‘tgan. 2024 yilgacha “Ajdarlar” sharafini himoya qildi va o‘tgan mavsumda Malayziyaning “Kedax” klubida faoliyat olib bordi. Bir yillik tanaffusdan so‘ng 27 yoshli yarim himoyachi yana qadrdon klubiga qaytdi.
Nurulloev “Nasaf” a’zosiga aylangach, Sports.uz uchun o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Suhrob, "Nasaf" klubiga qaytishingiz qanday yuz berdi? Buning asosiy tashabbuskori kim bo‘ldi?
-“Nasaf” muxlislariga va klubga qaytishimga asosiy sababchi Ro‘ziqul aka Berdiev bo‘ldilar. Ularga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman va bor kuchim bilan “Nasaf” uchun o‘ynayman.
- "Kedax"ga "Nasaf"dan ko‘chib o‘tgandingiz va bir yildan keyin yana ortga qaytdingiz. Bu qaytish siz uchun nimani anglatadi?
- Xudo xohlasa, yanada kuchliroq o‘ynab, muxlislarimizni xursand qilmoqchiman.
- Oldingizda yana boshqa variantlar ham bor edi. "Nasaf"ni ulardan ustun tomonlari ko‘pmidi?
- Ha, albatta. “Nasaf”ni O‘zbekistonda o‘rni boshqacha va men bilgan futbol va o‘zim bilgan o‘yinchilar. Qolaversa, bu chempion jamoa.
- Sobiq jamoangizga qaytdingiz va sizni hayron qoldirgan biror o‘zgarishga ko‘zingiz tushdimi?
- Yo‘q. “Nasaf”da oldin ham tartib va ichki muhit yaxshi bo‘lgan. Hozir ham shunaqa. Faqat jamoa oldingidan ham kuchaygan. Bu har bir futbolchi uchun yaxshi.
Fikrlar