
Jahonning eng ko‘p maosh oluvchi futbolchilari. Top-10
Quyidagi maqolamizda Jahonning eng ko‘p maosh oluvchi futbolchilari borasida so‘z yuritamiz. Unda 10ta eng ko‘p maoshga ega charm to‘p ustalari va ularning yillik maoshi xususida so‘z yuritiladi. Bu erda hech qanday bonus yoki boshqa qo‘shimchalar kiritilmagan.
10. Mesut O‘zil - 19 million evro
Londonning "Arsenal" jamoasi yarim himoyachisi Mesut O‘zil bugungi kunda "to‘pchilar" safida eng ko‘p maoshga ega futbolchidir. Shuningdek, u 10talik reytingda ham bormoqda. O‘zil ayni vaqtda "Arsenal" safida yiliga 19 million evro miqdorida maoshga ega. Shuningdek, Mesut turli reklama roliklarida ham suratga tushadi va daromadini yanada ko‘paytirib olmoqda.
9. Xalk - 20 million evro
Bu futbolchi doimo pul ortidan quvlagan futbolchilar sirasiga kiradi. "Zenit"da ham Xalk hammadan ko‘p maoshga ega bo‘lgan. Natijada, klubning ichki muhitida muammolar chiqqan, mahalliy o‘yinchilar bunga nisbatan qarshi bo‘lishgan. Keyinchalik Xalkga Xitoyning "Shanxay SIPG" klubidan tushgan yaxshi taklif sababli, braziliyalik futbolchi "Zenit"ni tark etadi. Bugungi kunda u Xitoyda 20 million evro ishlab topmoqda.
8. Esekel Lavessi- 22 million evro
"Napoli" hamda PSJ safida yorqin o‘yinlar namoyish qilgan Lavessi bugungi kunda faoliyatini Xitoyning "Xebey Chayna Forchun" klubida davom ettirmoqda. Argentinalik hujumchi bu jamoa safida yiliga 22 million evro ishlab topmoqda. E’tiborlisi shundaki, Lavessi 2016 yildan beri Xitoy klubi safida to‘p surmoqda. Afsuski, uning ishlari avvlagidek emas.
7. Aleksis Sanches - 23 million evro
Sanches yozda "Manchester Yunayted"ni tark etsa, uning maoshi hozirdek bo‘lmasligi aniq. Chunki chililik hujumchi "qizil iblislar" safida yiliga 23 million evro ishlab topmoqda. Biroq jarohatlar sababli Sanches doimiy ravishda o‘ynagani yo‘q. Qolaversa, futbolchi avvalgidek spor formasida emasligi uchun ham klubni tark etish arafasida.
6. Antuan Grizmann - 23 million evro
Frantsiyalik hujumchi bugungi kunda "Atletiko"da eng ko‘p maoshga ega charm to‘p ustasi hisoblanadi. Grizmanning yillik moyanasi 23 million evroni tashkil qilmoqda. Bu borada klub bosh murabbiyi Diego Simeonening maoshi 25 million evroga tengdir. Grizmann ayni vaqtda qator takliflar ustidan boshqotirmoqda. "Barselona"ga o‘tsa, uning maoshi hozirdek bo‘lmasligi tabiiy.
5. Oskar - 24 million evro
Pul ketidan quvgan navbatdagi braziliyalik futbolchi Oskar bo‘ladi. Oskar "Chelsi"da yaxshi o‘ynayotgan edi. To‘g‘ri, u Evropaning boshqa kuchliroq klubiga ham o‘tsa bo‘lardi. Biroq "Shanxay SIPG" tarafidan tushgan mo‘may daromadli taklif uni Osiyoga yo‘l olishiga sababchi bo‘ldi. Natijada, Oskar terma jamoadan chaqiruv olmay qo‘ydi. Shuningdek, avvalgidek yorqin o‘yin namoyish qila olmayapti.
4. Andreas Inesta - 25 million evro
"Kunchiqar yurt"ga tashrif buyurgan Andreas Inesta ham juda katta maoshga ega bo‘lmoqda. Uning "Vissel Kobe"dagi maoshi yiliga 25 million evroni tashkil qilmoqda. Ispaniyalik yarim himoyachining bu ko‘rsatkich bo‘yicha 4-o‘rinda bormoqda.
3. Krishtianu Ronaldu - 30 million evro
"Yuventus" Ronaldu uchun 100 million evro sarflashdan tashqari, unga yiliga 30 million evro sarflamoqda. Madridning "Real" klubida faoliyat ko‘rsatgan yillarida Ronaldu biroz kamroq maosh olardi. Turinga o‘tishi esa uning moyanasini yanada oshishiga sabab bo‘ldi.
2. Neymar - 36 million evro
Jahonning eng qimmat transferiga ega bo‘lgan Neymar maosh olish borasida etakchi o‘rinda emas. PSJ xo‘jayinlari Neymar uchun yiliga 36 million evro to‘lamoqda. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Neymar faqat sobiq jamoadoshi Lionel Messidan ortda qolmoqda.
1. Lionel Messi - 40 million evro
Lionel Messi tez orada "Barselona" bilan yana shartnoma imzolashi kutilmoqda. Bu esa uning maoshini yanada oshishiga sabab bo‘ladi. Hozirgi kunda argentinalik hujumchi yiliga 40 million evro maosh olgan holda, reytingda etakchilik qilmoqda.
Fikrlar