Jaba Jigauri: "Intiladigan narsa qolmagandi, faoliyatimda yangi chorlovni amalga oshirish fursati etgandi"

  • 16 fevral, 10:12
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Xabaringiz bor, “Qizilqum”ga yangi mavsum arafasida bir qator yangi o‘yinchilar va jumladan legionerlar taklif qilindi. Ularning orasida gruziyalik yarim himoyachi Jaba Jigauri ham bor.

2023 yilning iyul oyida yurtimizga kelgan va “Nasaf” bilan shartnoma imzolagan legioner u erdagi bir yarim yillik faoliyatidan so‘ng jamoasini almashtirishga qaror qildi.

Hozirda Jagauri “Qizilqum” bilan Antaliya yig‘inida qatnashyapti.

Kuni kecha Gruziyaning “Samgurali” klubiga qarshi (0:0) o‘yindan keyin Jabani biroz suhbatga tortdik.

- O‘yin haqida fikringiz?

- Birinchi bo‘limda yaxshi vaziyatlarni yuzaga keltirdik. To‘pga ko‘proq egalik qildik. Umuman aytsam, ikkala bo‘limda yaxshi o‘yin ko‘rsatdik. Faqat chiroyli hisob etishmadi. Hozir yuklamalar ostida shug‘ullanyapmiz. Lekin bunga ijobiy qarayman. Chunki biz kombinatsion o‘yin o‘ynayapmiz va shu orqali xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirayotganimiz biz uchun katta plyus. Bugungi raqib ham chakki emas ekan. O‘ylashimcha, hali hammasi oldinda.

- “Qizilqum” uchun yangi futbolchisiz. O‘zingizni qanday his qilyapsiz?

- Yomon emas. Jamoada yangilarni juda iliq qarshi olishdi. Bu erda yaxshi jamoani shakllantirish ustida ishlar olib borilayotgani ko‘rinib turibdi. Taktik va texnik tomonlama o‘yin ko‘rsatish borasida ancha o‘sdik, deb hisoblayman. Bizda o‘yin yo‘lga qo‘yilgani sezilib turibdi. Bugun ham g‘alabaga munosib o‘yin ko‘rsatdik, faqat biroz omad etishmadi. Ukrain klubiga qarshi o‘tkazgan o‘yinimizda ham shunday bo‘lgandi. Vaholanki, o‘sha bellashuvda ham golga tortadigan qator vaziyatlarni yuzaga keltirdik. Shu ruhda o‘ynashda davom etsak va qo‘sha olsak, g‘alabalar ham keladi.

- “Nasaf”dagi faoliyatingizga qanday baho berasiz?

- “Nasaf” - katta klub. Men o‘sha jamoada to‘rtta sovrin va unvonga ega chiqdim. U erda o‘ynash man uchun katta plyus bo‘ldi. Futbolchi sifatida ham katta tajriba to‘play oldim. “Nasaf” menga ko‘p narsa berdi.

- “Nasaf”dagi faoliyatingizni nega davom ettira olmadingiz, nima bo‘ldi?

- Futbolda ba’zida nimanidir o‘zgartirish kerak bo‘ladi, men shunaqa hisoblayman. U erda qo‘limdan kelganicha o‘ynadim va mavjud bo‘lgan yutuqlarga erisha oldim. Intiladigan narsa qolmadi, hisob. Shu sabab faoliyatmda yangi chorlovni amalga oshirish fursati etganini his qila boshladim. “Nasaf”da o‘tgan davrim zo‘r bo‘ldi. To‘g‘ri, yutmaganimiz OChL qolgandi. “Nasaf”da ushbu musobaqada ham omad yor bo‘lishini tilab qolaman. O‘zbekistonda esa “Nasaf” bilan hammasini qo‘lga kiritdim. Endi “Qizilqum” bilan ham yaxshi natijalarga erishishni istayman.

- Demak, yangi istak va xohishlar paydo bo‘lgan....

- Nafaqat menda, balki hamma futbolchilarda mana shunday istak va xohishlar bo‘lmog‘i darkor. Agar bunday niyatlar bo‘lmasa, futbol o‘ynashdan naf qolmaydi. Oldindan katta gapirib bo‘lmaydi, ammo yangi klub bilan ham yaxshi natijalarga erishishni istayman.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!