Ishonasizmi, 28 nafar legionerimiz bitta chempionatda! Ular kimlar?

  • 2 aprel, 2022, 23:27
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Futbol bo‘yicha Tojikiston oliy ligasi ham start oldi. Chempionatda 10 ta klub ishtirok etadi. Barcha jamoalarning “zayavka”siga ega bo‘ldik.

Tecno

Aytish kerakki, Tojikiston oliy ligasidagi klublarda jami 59 nafar legionerlar ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Qizig‘i, eng ko‘p legioner O‘zbekistondan bo‘lib, 28 ta o‘yinchimiz o‘z omadini Tojikiston chempionatida izlab ko‘rmoqda.

Deyarli barcha klublar o‘z safiga hamyurtlarimizni qo‘shib oldi. Birgina Kulob shahrining “Ravshan” jamoasi o‘zbekistonlik futbolchilardan foydalanmayapti.   

“Istiqlol”

Tojikistonning ko‘p karra chempioni, sovrindor jamoasi – “Istiqlol” bu yil Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etadi. Xabaringiz bor, bu klubni bir qator etakchi o‘yinchilari tark etdi. Ulardan ikkitasi – Andrey Mishenko bilan Alisher Jalilov AGMKga ko‘chib o‘tishgan. “Istiqlol” ustozi Vitaliy Levchenko har doim o‘zbekistonlik futbolchilarga qiziqish bilan qaragan. Jamoaning yig‘inlarida hamyurtlarimiz ham qatnashgan paytlar bo‘lgan. Kuni kecha saytimiz orqali xabar berganimizdek, o‘zbekistonlik futbolchi Muhammad Isaev “Istiqlol” klubi bilan shartnoma imzoladi. O‘tgan yilgi mavsumni “Metallurg”da yakunlagan yarim himoyachi tojiklarning eng kuchli klubi safiga qo‘shildi va endi unda Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etish imkoniyati bor. Shuningdek, ishqibozlarimizga yana bir yaxshi tanish bo‘lgan o‘yinchi – Vladislav Kasminin ham “Istiqlol” a’zosiga aylandi. Belaruslik legioner bir qator jamoalarimizda to‘p surgan. O‘tgan yili “Turon” sharafini himoya qildi. Bu yildan esa “Istiqlol”ga ko‘chib o‘tdi.

istiklol

“Xo‘jand”

“Istiqlol”dan keyingi o‘rinda turadigan “Xo‘jand” ham chempionat etakchilaridan biri. O‘tgan yili Kubok finalida bu klub “Istiqlol”ni mag‘lub etgandi. “Xo‘jand” safida 2021 yilgi mavsumda to‘p surgan Firdavs Abdusalimov bilan Samandar Ochilov bu yil ham klubda qolishdi. Shuningdek, hujumchimiz Shoxruh Mahmudxojiev “Xo‘jand” bilan shartnoma imzolagani haqida ilgari xabar berganmiz. “Navbahor”ni tark etgan futbolchi ilk bor legionerga aylandi. Shuningdek, o‘tgan yili yurtimiz klublarida to‘p surgan tojikistonlik Firdavs Chakalov (“Turon”), Jahongir Ergashev (“Qizilqum”) hamda Tohil Malodustov (“Buxoro”) ham “Xo‘jand” sharafini himoya qiladilar.

xo‘jand_1

TsSKA

Armiyachilar jamoasiga eronlik Amin Subxoni bosh murabbiylik qilyapti. Tarkibda 7 nafar legioner bor. Bular – 4 nafar ganalik, 1 nafar rossiyalik va yana 1 nafar o‘zbekistonlik futbolchi. TsSKAdagi yagona hamyurtimiz – darvozabon Azamat Ahmedov. O‘tgan yili “Surxon”da faoliyat olib borgan posbon bu yil TsSKA sharafini himoya qiladi.

tsska

“Istaravshan”

Mazkur klubga xorijlik Rizo Parkash bosh murabbiy etib tayinlangan. Eron va Germaniya fuqaroligiga ega. O‘tgan yili esa u Sports.uz sayti uchun intervyu ham bergandi. Endilikda Tojikiston chempionatida o‘zini sinab ko‘rmoqda. Parkashning jamoasida ham 7 nafar legioner bor. Kamerun va O‘zbekistondan 3 tadan, Braziliyadan 1 ta legioner. Albatta, o‘zimizdan qaysi o‘yinchilar ushbu klubga qo‘shilgani muxlislar uchun qiziq. Himoyachi Javohir Rasulov va yarim himoyachilar – Nodirxon Kamolov bilan Otabek Zokirov “Istaravshan” tarkibdan joy olishgan. E’tiborlisi, uchalasi ham farg‘onalik o‘yinchilar hisoblanadi.

istaravshan

“Xatlon”

Tojikistonning yana bir klubi – “Xatlon”da ham bir qator legionerlar qatorida o‘zbekistonlik hamyurtlarimiz bor. Jumladan, ikki nafar yarim himoyachilar – Rustam Qo‘chqorov bilan Jamshid Homidov “Xatlon” bilan shartnoma imzolashgan. E’tiborlisi, ikkala o‘yinchi andijonlik hisoblanadi.

xatlon

“Esxata”

Hamidjon Karimov bosh murabbiylik qilayotgan “Esxata” klubida hammasi bo‘lib 6 nafar legioner mavjud bo‘lib, e’tiborlisi barchasi o‘zbekistonlik futbolchilar hisoblanadi. Himoyachi Shaxzod Abdurahmonov, yarim himoyachilar – Sanjar Rixsiboev, Shaxzod Ma’murjonov, Jahongir Safarov, O‘ktam Xazratov va hujumchi – Dilshod Xushbakov “Esxata” a’zosiga aylanishgan. Rixsiboev o‘z vaqtida Tojikistonning “Xo‘jand” klubi safida ham to‘p surgan. Orada birinchi ligada “Bunyodkor” tarkibida o‘ynab yurdi va bu yil yana Tojikiston chempionatiga qaytdi. Shuningdek, “Nasaf” klubi tarbiyalanuvchisi va oxirgi paytlarda pro ligada o‘ynagan Xushbakov ham legionerga aylandi.

esxata

“Fayzkand”

Ushbu jamoa safida ham o‘zbekistonlik legionerlar bor. O‘tgan yili “Andijon”ga o‘tgan, ammo qishki yig‘in chog‘ida jarohat olib butun mavsumni o‘tkazib yuborgan himoyachi Mirkomil Lokaev oyoqqa turdi va Tojikistonning “Fayzkand” klubidan tushgan taklifni qabul qilib, shartnomaga imzo chekdi. Qolaversa, jamoaning hujum chizig‘ida ikki nafar hamyurtimiz bor. Amirjon Safarov bilan Anvar Murodov ham “Fayzkand”ga o‘tishdi. Ayniqsa, Safarov muxlislarimiz uchun yaxshi tanish. “Dinamo”, “Buxoro” va “Nasaf” kabi jamoalarda to‘p surgan. Darvoqe, bu jamoani eronlik Mas’ud Nazarzoda boshqaryapti.

fayzkand

“Regar-TadAZ”

Tojikistonning yaqin o‘tmishdagi mashhur klubi sanaladigan “Regar-TadAZ” safidan ham o‘zbek legionerlari joy olgan. Himoya chizig‘idan Ja’far Ismoilov bilan Sergey Proxorov o‘rin egalladi. Yarim himoyada esa Saveliy Abramov ham borligini aytib o‘tmoqchimiz. Jamoa ustozi esa Hikmat Fuzaylov.

regar

“Ravshan” (Zafarobod)

Rahmatullo Fuzaylov ustozlik qilayotgan “Ravshan” safida jami 6 nafar legioner bor. Qizig‘i, “Esxata”dagi kabi bu erda ham barchasi o‘zbekistonlik futbolchilar. Darvozabon Muhriddin Ahmedovni bilsangiz kerak. U anchadan beri aynan tojik chempionatida faoliyat olib boryapti. Bu yil qishda “Turon” va “Andijon”ning yig‘inlarida ham ishtirok etgandi. Yakunda “Ravshan”ga qaytdi. Undan tashqari, bu klubda Doston Berdiqulov, Javohir G‘aybullaev, Zufar Akbaraliev, Zafar Qoraqulov va Bexruz Do‘stmurodov ham “Ravshan” sharafini himoya qilishga bel bog‘laganlar.

ravshan_1

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Azam Xadjaev
04/04/2022 01:27
Xammasi bir tigin