Husanov fantastik narxga ketadi, xaridor nomi oydinlashib qoldi!
Abduqodir Husanov o‘ndan ziyod klub o‘rtasida talash bo‘lmoqda. Biroq ko‘pchilikni Angliya va Ispaniya chempionalari – “Manchester Siti” va “Real” o‘rtasida o‘zbek futbolchisi uchun kechayotgan raqobat qiziqtirib turibdi.
Chunki Frantsiya, Italiya,Germaniya, Angliya, Ispaniya va Turkiyaning qolgan klublari moliyaviy imkoniyatlardan bo‘yicha bu klublarga bas kela olmaydi.
Vaziyatni kuzatib borayotgan beritarealmadrid.com sayti Abduqodir Husanov atrofida yuzaga kelgan qizg‘in vaziyatni tahlil qildi.

Sports.uz portali nufuzli manbaning tahliliy maqolasini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola qiladi.
O‘zbek futbolchisi hammaning diqqat markazida, “Lans” esa, uning transferi uchun narxni muntazam oshirmoqda. Ayni paytda “Real Madrid” va “Manchester Siti” 20 yoshli markaziy himoyachini qo‘lga kiritish uchun kurash olib boryapti.
“Real”ning Abduqodir Husanov uchun kurashga qo‘shilgani haqidagi xabar juda tez tarqali va katta shov-shuvni keltirib chiqardi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, o‘zbek futbolchisi madridliklarning himoya chizig‘ini kuchaytirish uchun jiddiy nomzod.
Keyingi bir necha mavsum davomida “Real” orqa chiziqda jarohatlar bilan bog‘liq davomli muammolarga duch kelmoqda. Shu bois, klub Abduqodir Husanovdan tashqari Ispaniya poytaxtida Kastello Lukeba, Vitor Reys va Emerik Laport singari himoyachilarni ham kutyapti.
Husanov Frantsiya chempionatida “Lans” safidagi ajoyib o‘yinlari bilan hammaning e’tiborini qozonib kelmoqda. 20 yoshli legioner o‘zining shiddatli va tartibli o‘yin uslubi bilan grand klublar nazariga tushdi.
“Manchester Siti” “ov” boshladi
“Real Madrid” Husanov uchun yagona da’vogar, degan xayolga borib adashmang. Yosh iste’dodlarni faol tarzda o‘z safiga jalb etib etib keladigan “Manchester Siti” ham o‘zbek futbolchisini olish uchun kurashmoqda.
“Siti”ning o‘zbek futbolchisiga qiziqishi ortib borayotgani “Real”ga bosimni kuchaytirib yuboribdi va madridliklar oldiga tezroq va aniq harakat qilish shartini ko‘ndalang qo‘ymoqda.
Bu ikki gigant klubdan tashqari, “Nyukasl Yunayted” ham o‘yinchi olish bo‘yicha maqsadli harakatlarni amalga oshirmoqda. Anchadan beri qiziqish bildirib kelgan “Tottenxem Xotspur” esa, himoyachining narxi ko‘tarila boshlagach, sekin ortga chekinayotgani sezilib qoldi.
Husanov fantastik narxga ketadi
Xaridorlarning turnaqator navbatda turgani Abduqodirning transfer summasining keskin oshishiga sabab bo‘lapti. The Athletic nashrining yozishicha, “Lans” o‘z kashfiyotini arzon sotmoqchi emas.
Bugungi kunda frantsiyaliklar transfer uchun 40 million evrodan ziyodroq badal puli talab qilayotgani aytilmoqda. Bu yosh o‘yinchi uchun fantastik narx.
Superagent Jorje Mendeshga Husanovning savdosidan imkon qadar har tomonlama manfaatli echim topish vazifasi yuklatilgan. Portugaliyalik mutaxassis futbol olamidagi reputatsiyasidan foydalanib, o‘zbek futbolchisi transferida bosh rolni o‘ynamoqda.
“Real” Husanovni qachon olmoqchi?
Husanovga turli klublarning qiziqishi oshib borayotganiga qaramay, “Real Madrid” shoshilinch qarorlarni qabul qilmoqchi emas. “Qirollik klubi” qishda transferlarni amalga oshirmasligini ma’lum qilib bo‘lgan.
O‘tgan yili madridliklar huddi shu tarzda Lekin Yoroni qo‘ldan chiqargan edi.
“Real” markaziy himoyachiga ehtiyoj borligini ma’lum qilgan, lekin yanvar oyida yangi o‘yinchi olish uchun katta qadam tashlanmaydi. Garchi madridliklar Husanov vakillari bilan aloqa o‘rnatgan bo‘lsa-da, bu transferni yozda amalga oshirmoqchiga o‘xshaydi.

“Real” faoliyatini yoritib borayotgan beritarealmadrid.com saytining yuqoridagi ma’lumotlariga qo‘shimcha tarzda shuni ma’lum qilish kerakki, Abduqodir Husanov katta ehtimol bilan boshqa klubga nasib qiladi.
Chunki mashhur insayder Fabritsio Romano “Manchester Siti” madridliklardan farqli ravishda Abduqodir Husanovni yanvar oyining o‘zidayoq transfer qilishga qaror qilgani va tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar ijobiy yakunlanishga yaqin ekanini ma’lum qildi.
Demak, Abduqodir Husanov atrofida yuz berayotgan jarayonlarni kuzatishda davom etamiz. Tez orada legionerimiz faoliyatini qaysi jamoada davom ettirishi o‘z tasdig‘ini topadi.



Fikrlar