
Hindiston Olimpiada mezbonligi uchun kurashdan chiqdi
Hindiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Narinder Batraning aytishicha, shu kunlarda mamlakat 2032 yilgi Olimpiya o‘yinlari mezbonligi uchun kurashni davom ettirishni rejalashtirmayapti. Pandemiya tufayli yuzaga kelgan qiyinchiliklar sabab ushbu loyiha keyingi yilning kamida ikkinchi choragigacha ko‘rib chiqilmaydi.
Hindiston hali ham Olimpiya o‘yinlarini o‘tkazishdan manfaatdor, mamlakatga COVID-19 jiddiy zarba bergani sabab rejalar barbod bo‘lishi mumkin, deydi janob Batra.
– Biz 2032 yilgi o‘yinlarni o‘tkazishga qiziqish bildirgan edik, ammo keyin koronavirus tarqaldi va hammasi chippakka chiqdi, – dedi Narinder Batra. – Kelasi yilning birinchi choragida nafaqat Olimpiya o‘yinlari, balki har qanday yirik musobaqani o‘tkazish rejalarini muhokama qilish uchun uchrashuv rejalashtirganmiz.
Hindiston Milliy olimpiya qo‘mitasi (MOQ) rahbarining so‘zlariga ko‘ra, 2026 yilgi yozgi o‘smirlar Olimpiya va 2030 yilgi Osiyo o‘yinlari yarim orolda o‘tkazilishi kerak edi. Biroq 2022 yilgi Senegal Olimpiadasining qoldirilishi va kuni kecha Doha va Ar-Riyod shaharlari mintaqaning asosiy musobaqalarini o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritgani tufayli bu rejalar amalga oshmaydi.
Dekabr oyi boshida Avstraliyaning Kvinslend shtati markazi Brisben shahri 2032 yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlarini o‘tkazish uchun koronavirus pandemiyasi sababli to‘xtatilgan harakatni boshlaganini e’lon qildi.
Xuddi shunday jarayon Indoneziyada ham boshlangan. Prezident Joko Vidodo Vazirlar Mahkamasiga "Jakarta-2032" uchun tashkiliy qo‘mita tuzish va dasturni targ‘ib qilish bo‘yicha batafsil reja ishlab chiqishni buyurdi.
Olimpiada mezbonligiga Doha (Qatar), Chengdu va Chonching (Xitoy), Istanbul (Turkiya) shaharlari ham qiziqishyapti, shuningdek, Janubiy va Shimoliy Koreya rasmiylari XOQqa qo‘shma ariza berish imkoniyatini ko‘rib chiqishmoqda. Bundan tashqari, Germaniyaning bir nechta shtatlari ham da’vogarlar safiga kirish istagini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, XOQ hali 2032 yilgi o‘yinlarga ariza topshirish muddatini e’lon qilmagan. Bu shuni anglatadiki, to‘rt yillikning asosiy sport anjumani mezbonligi uchun kurashda keskin burilishlar kuzatilishi mumkin.
Fikrlar