
"Hali "oltin toj"ni kiymadik" - ispaniyalik murabbiy "Surxon"ning superkambekni qanday amalga oshirgani haqida
Termizning “Surxon” klubi unutilmas g‘alabalaridan birini qo‘lga kiritdi. Safarda “Qo‘qon-1912” jamoasiga qarshi uchrashuvda 2:0 hisobida ortda qolayotib, oxirgi 15 daqiqada 3 ta gol urdi va g‘alabani raqibdan ilib ketdi. Bunday o‘yinlar doim ham bo‘lavermaydi.
“Surxon” klubida bosh murabbiylik postini egallaganiga hali ko‘p bo‘lmagan ispaniyalik Migel Alvares o‘zidan yaxshi taassurot qoldirishga kirishdi. U “Qo‘qon-1912”ga qarshi bahsdan keyin matbuot anjumanida o‘z fikrlarini bildirdi.
- Juda yaxshi o‘yin bo‘ldi. Shu o‘rinda men “Qo‘qon-1912” klubiga keyingi o‘yinlarida omad tilamoqchiman. Bugun juda ham chiroyli o‘yin bo‘ldi. “Qo‘qon-1912” ham, “Surxon” ham ajoyib harakat qildi. Bundan tashqari, stadionda muxlislar yordamida zo‘r muhit hukm surdi. Bu uchrashuv biz uchun muhim edi. Ushbu natija bilan “Surxon” murabbiylari, futbolchilari, ishchi-xodimlari hamma-hammasini tabriklayman. Shu bilan birga muxlislarimizni alohida tabriklamoqchiman. Biz taslim bo‘lmaymiz. Bosqichma-bosqich keyingi o‘yinlarga tayyorlanib boramiz. Qolaversa, oldingi o‘yinlarimiz bilan taqqoslasak, bugungi uchrashuvdagi hakamlarni yaxshi ishlashgani bilan ham tabriklayman. Chunki oxirgi paytlarda hakamlaring xatolari ko‘zga tashlangandi.
- Oxirgi 15 daqiqada kambek qilib 2:3 hisobida g‘alabani ilib ketdinglar. “Qo‘qon-1912”ni qanday xatosi evaziga bunday g‘alabani qo‘lga kiritdinglar?
- Shuni aytmoqchimanki, “Qo‘qon-1912” bugun yomon o‘ynamadi. Biz uchrashuvdan oldin raqibimizni juda yaxshi o‘rganib chiqdik. Ular yaxshi o‘yin namoyish qildi. E’tibor bersangiz, “Qo‘qon-1912”da imkoniyatlar ko‘p bo‘ldi. Balki hisob boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi. O‘yin mobaynida men taktikani biroz o‘zgartirib qo‘ydim. Vaziyatdan kelib chiqib biz kambek qildik. Yana shuni qo‘shimcha qilmoqchiman, bizning o‘yin mentalitetimiz bo‘yicha faqat hujum qilishimiz kerak edi. Futbolchilar xuddi askardek hamma o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘radi.
- Hisob 2:0 bo‘lib turganida birdaniga 3 ta o‘yinchi almashtirdingiz. Ushbu o‘zgarish g‘alabada asosiy sabab bo‘ldi, deb hisoblaysizmi?
- Bunday demagan bo‘lardim. Jamoamizda faqat 11 kishi o‘ynamaydi. Hammamiz 18-20 nafar futbolchi barchamiz birga o‘ynaymiz. Hech qachon qaysidir futbolchini alohida ajratmayman. Faqat shuni ayta olamanki, ushbu o‘zgarishlarimiz vaziyatdan chiqib ketishimizning sabablaridan biri. Lekin bu eng asosiy sabab emas.
- “Surxon” o‘tgan safar “Lokomotiv”ni, bugun “Qo‘qon-1912”ni mag‘lub etdi. O‘rtamiyona jamoalarni yutyapti. Oldinda “Paxtakor”, “So‘g‘diyona”, “Qizilqum” kabi raqiblarga qarshi o‘yinlar kutib turibdi. Jamoaning Superligada qolish imkoniyati qanday?
- Eng asosiysi, biz albatta Superligada qolish uchun harakat qilamiz. Biz bu g‘alaba bilan hali “oltin toj”ni kiymadik. Chunki oldimizda muhim uchrashuvlarimiz bor. Hali hammasi o‘zgarishi mumkin. Oldin aytganimdek, biz taslim bo‘lmaymiz, oxirigacha harakat qilamiz. Asosiy maqsadimiz har bir o‘yinga alohida tayyorgarlik ko‘rish va g‘alaba qozonish.
- Mana, bir qator ispaniyalik murabbiylar ishlayapsizlar. Agar homiylar klubga yaxshiroq e’tibor bersa, “Surxon”ni yanada kuchaytira olasizlarmi?
- Birinchi navbatda eng asosiy maqsadimiz Superligada qolish. Shundan keyin kelajak haqida o‘ylaymiz. Qaysi hamkor, murabbiy yoki o‘yinchidan qat’iy nazar dastlabki maqsadim shunday. Murabbiylar shtabidagi nafaqat biz ispaniyalik murabbiylar, balki barchamiz katta oilamiz.
Fikrlar