
Gvardiola: O‘yinchimiz kerak bo‘lsa, klubga murojaat qiling!
Angliya Premer-ligasining bir necha klublari “Manchester Siti”da o‘zini ko‘rsagan o‘yinchilarni ijaraga olish va to‘liq transfer qilish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda. Bosh murabbiy Xosep Gvardiola ixcham tarkib bilan ishlashni va jamoadagi o‘yinchilarning bariga o‘yin amaliyoti berishni istayapti.
Ispaniyalik mutaxassis “Tottenxem”ning Savioga qiziqayotganiga o‘z munosabatini bildirdi. London klubi braziliyalik futbolchi ikki marta murojaat qilib, 40 va 70 million evro miqdorida badal puli taklif qilgandi.
- Transfer oynasi oxirigacha sizlar bilan yana uch-to‘rtta matbuot anjumanida ko‘rishamiz. Mendan Savio transferi haqidagi savolni yana qachon so‘rashlarini bilmayman.
Shundan kelib chiqib, aytishim mumkinki, “Tottenxem” yoki istalgan boshqa jamoaga bizning o‘yinchilar kerak bo‘lsa, marhamat qilib, klubga murojaat qilishsin. Shaxsan o‘zim, Savio biz bilan mavsum oxirigacha yoki undan ham ko‘proq qolishini istayman.
Endigina 21 yoshga to‘lgan bu futbolchining salohiyati katta, maydonda ko‘p vaqt o‘tkazyapti. Faqat u murakkab vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyatini yanada rivojlantirishi talab etiladi.
Transferlar masalasida o‘yinchining istagi hamma narsadan ustun turadi. Keyingi bosqichda xaridor klub bilan kelishishi kerak, yo‘qsa, o‘yinchi jamoada qoladi, - dedi Xosep Gvardiola.
Fikrlar