
G‘alaba qozongani uchun ishdan olingan murabbiy haqida eshitganmisiz?
SPORTS.uz sayti g‘alati voqealar sababli iste’foga chiqarilgan murabbiylar haqida fikr yuritadi
Ruminiyaning o‘z qoidalari bor
Bundan bir necha kun avval, Ruminiya chempionatining 3-divizionida qiziq voqealar sodir bo‘ldi. Noodatiy sabablarga ko‘ra, «Industria Galda de Jos» jamoasi bosh murabbiyi Stefan Forgoston postini topshirdi. Murabbiy so‘nggi 3 o‘yindagi mag‘lubiyatdan so‘ng, tushkun kayfiyatda edi. O‘sha kuni klubning ijtimoiy tarmoqlaridagi rasmiy sahifasida o‘zining iste’foga chiqarilganini o‘qib qoladi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, klub shu tariqa 1 aprel bilan murabbiyni tabriklamoqchi bo‘lgan ekan. Buni klub ofisiga kelgan murabbiyga aytishgan bo‘lsa-da, yoshi katta mutaxassis jahl ustida ariza yozib, o‘z postini topshirib yubordi.
Bundan ham kulgiliroq vaziyat Ruminiyaning 3 ligasidagi boshqa bir murabbiy bilan sodir bo‘ldi. O‘z mo‘ylovini yaxshi ko‘ruvchi Mariush Paska rahbariyatdan qattiq tanqid eshitadi. Gap shundaki, u o‘z boshqaruvidagi «Zalau»ni liga peshqadamiga aylantirgan edi. Klubda 2 divizionga ko‘tarilish uchun pul bo‘lmagani sababli, rahbariyat muvaffaqiyatli ish olib borayotgan Paskaga chiqish eshiklarini ko‘rsatib yuboradi. Ruminiya futboli bizni hayratda qoldirishda davom etmoqda.
Shovinizm uchun iste’fo
XX asrda «Atletiko»ni boshqargan nemis mutaxassisi haqida eshitmagan bo‘lsangiz kerak. Maks Merkel «matraschilar» bilan avvaliga Primerada, keyin Ispaniya kubogida zafar quchgan. Uning o‘yin uslubi o‘z zamoni uchun fantastik daraja edi, biroq birgina juma barchasiga nuqta qo‘yadi.
Tabiyatdan hazilga moyil bo‘lgan Maks shogirdlarini kayfiyatini ko‘tarish maqsadida latifa aytib beradi:
«Agar ispanlar kamroq istiqomat qilganida, Ispaniya yanada yaxshiroq davlatga aylanar edi»
Engilgina kulgiga sabab bo‘lgan bo‘lsa-da, keyinroq rahbariyat Merkelga chiqish eshiklarini ko‘rsatib yuboradi. Efiopiya klubi ustozi – Iffi Onuori esa, bundan ham kulgili voqea sababli iste’foga chiqarilgan.
U mashg‘ulotlar chog‘ida, maydonga kirib kelgan sigir va echkini haydab chiqargani uchun qattiq tanqid ostiga olinadi. Afrika xalqlari uchun qiymati baland hayvonlarga behurmatlik ko‘rsatgan Iffi ertasi kuniyoq ishsiz qolib ketadi.
Singan oyna va «sudya …»
Murabbiylarning hissiyotga berilishi har doim ham kerakli natija beravermaydi. Hozir e’tiboringizga, emotsiya sababli yuzaga kelgan iste’folarni keltirib o‘tamiz.
Aslida, Antonio Konte va Yurgen Kloppning emotsiyaga berilib ketishi ularning fishkasiga aylanib bo‘lgan. Shunday bo‘lsa-da, ayrim murabbiylar o‘z hissiyotlarini jilovlay olmagani uchun jazoga tortiladi. Misol uchun «ChFR Kluj» bosh murabbiyi – Sorin Kirsa oyoqlari bilan zaxira o‘rindig‘idagi oynani tepib sindiradi. EChL doirasida «Bazel»ga qarshi mehmondagi o‘yinda sodir bo‘lgan voqea, ko‘pchilikning e’tiborini tortadi. Minimal hisobda engilgan «Kluj» murabbiyi ertasi kuniyoq iste’foga chiqariladi. Eng kulgilisi shundaki, Ruminiyaning boshqa bir jamoasi bosh murabbiyi muxlislarga qarshi chiqqani uchun ishdan olingan. «Ilichevets» fanatlari hakamning qaroridan norozi qiyofada haqorat qilishni boshlab yuboradi. Ukrainalik Pavlov esa, ularni tinchlanishlarini talab qiladi. Murabbiy o‘zini professional tutganini mahalliy ishqibozlar hazm qila olmaydi. Oqibatda, ular klub bazasiga hujum uyushtiriladi. O‘yin yakunlangach, rahbariyat ularni tinchlantirish maqsadida murabbiyga chiqish eshiklarini ko‘rsatib yuboradi.
Bu voqeaning tamoman teskari ko‘rinishi Meksika chempionatida kuzatildi. Argentinalik mutaxassis Ruben Romano o‘zini 90 daqiqa haqorat qilgan muxlislarga o‘rta barmog‘ini ko‘rsatadi. «Santons Laguna» rahbariyati murabbiy bosimga dosh bermaganini inobatga olib o‘tirmadi.
Viktor Sanches va piyonista
So‘nggi paytlarda taniqli futbolchilarning shaxsiy kompyuteri xakerlar hujumi uchun asosiy nishonga aylanib qoldi. Ular shu yo‘sinda, taniqli shaxslardan o‘zlashtirib olgan shaxsiy videolari uchun pul talab qilishni o‘rganib olishdi.
«Malaga» klubi sobiq ustozi – Viktor Sanches ham shunday hujum qurboniga aylandi. Qonunbuzarlar murabbiydan shaxsiy videolarini internetdagi tarmoqlarga yuklamaslik evaziga 20 ming evro talab qiladi. Murabbiy negadir huquqni himoya qilish vakillariga murojaat etmaydi. Oqibatda, videolar omma yuzini ko‘radi. Ko‘p o‘tmay, «Malaga» Sanchesni himoya qilish o‘rniga ishdan bo‘shatdi. Shartnomadagi badal pulini ham to‘lashdan bosh tortdi.
To‘g‘risi, ichkilik uchun biror bir murabbiyni ishdan olingani hech kimni hayron qoldirmaydi. Shunga qaramay, bundan avvalgi avlod vakillari uchun alkagolni xush ko‘ruvchi murabbiy odatiy xol edi. Brayn Klafning har qanday qiliqlariga «Lids» rahbarlari ulkan natijalar sababli chidab kelgan. «Gamburg» rahbariyati «Lids»dan farqli o‘laroq, o‘z davrining eng kuchli mutaxassisini kechirib o‘tirgani yo‘q. Klubni mamlakat chempionligiga etaklagan, «Dinamo Zagreb» bilan Evropa chempionlar kubogida to‘p surgan Branko Zabesga chiqish eshiklari ko‘rsatib yuborildi. Gap shundaki, murabbiy «Borussiya»ga qarshi o‘yinga shu qadar mast holda chiqib keldiki, hatto zaxira o‘rindig‘idan yiqilib tushdi. Muxlislar oldida o‘zini tutishni eplay olmagan murabbiydan klub voz kechdi. Vaholanki, xorvat o‘z davrining eng kuchli mutaxassislaridan biri edi.
Fikrlar