
Futbol afsonasi Husanovga qanday baho berdi?
O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq futbolchisi Maksim Shatskix futbol tarixida o‘z o‘rniga ega. Ayni paytda “Paxtakor” klubi prezidentining sport ishlari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ishlayotgan mutaxassis bir necha bor to‘purarlik bo‘yicha turli rekordlarni o‘rnatgan.
Xususan, Shatskix Ukrainada eng ko‘p gol urgan futbolchi sifatida o‘z nomini tarixga muhrlab qo‘ygan. Uning nomida legioner to‘purarlarning klubi tashkil qilingan.
Maksim Shatskix hozirgi avlod futbolchilaridan Abduqodir Husanov haqidagi savollarga javob qaytardi.
- Siz O‘zbekiston terma jamoasining afsonasi sifatida “Manchester Siti” himoyachisi Abduqodir Husanovning o‘yini haqida nimalar deya olasiz? “Chelsi” bilan bo‘lgan uchrashuv boshida xatoga yo‘l qo‘ygandi, keyin o‘zini tutib olib, “shaharliklar”ning muhim o‘yinchisiga aylandi.
- Men Husanovning shunday qilishiga ishongan edim. Aslida hamma himoyachilar adashadi. Jahon darajasidagi himoyachilar ham xato qiladi. Har holda Abduqodir “Manchester Siti”ga kelishi bilan “Chelsi”dek raqibga ro‘baro‘ keldi.
Ha, u xato qildi. Lekin Husanov o‘zini yo‘qotib qo‘yadigan yigitlardan emas. Abduqodir o‘yin borasida etarli darajada barqaror va ruhan chidamli o‘yinchi.
Shu bois, men keyinchalik unda muammo bo‘lmasligiga shubha ham qilmaganman. Natija ham shunday bo‘lib chiqdi, barcha o‘yinlarni barqaror o‘tkazib kelyapti.
- Xosep Gvardiola ham Husanov haqida ijobiy fikrlar bildiryapti. Gvardiola va Angliya grandi transferda to‘g‘ri tanlov qilgan, deyish mumkinmi?
- Albatta shunday. Hozirgi paytda Abduqodir Husanov “Manchester Siti” himoyasining kelajagi. “Shaharliklar” uni tanlab adashmagani ming foiz!
Shuningdek, birinchi navbatda Husanov bu o‘zbek futbolining istiqboli hamdir. Bu yigit endigina 21 yoshga to‘ldi. Hali hammasi oldinda. Husanovni bilganim uchun ham uni top-darajadagi himoyachi deyapman.
Eslatib o‘tamiz, Maksim Shatskix “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Biroq faoliyatining asosiy qismini xorij chempionatlarida o‘tkazgan. Rossiyada “Sokol-PJD”, “Torpedo Vladimir”, “Lada Tolyatti”, “Gazovik Gazprom”, “Baltika” jamoalarida to‘p tepgan.
1999 yili Ukrainaning eng qudratli klubi “Dinamo Kiev” Shatskixni o‘z safiga qo‘shib oldi. Kievliklar safida o‘n yil o‘ynagan legionerimiz orada Qozog‘istonga kelib, “Lokomotiv” jamoasida bir mavsum qatnashdi.
Keyinchalik Ukrainaga qaytib, “Arsenal Kiev”, “Chernomorets”, “Goverla” hamda “Rux Vinniki” jamoalarida o‘ynadi va 2016 yili professional faoliyatini yakunlab, murabbiylikka o‘tdi.
Shatskix faoliyati davomida klublar miqyosida 592 ta uchrashuvda qatnashib, raqiblar darvozasini 213 marotaba ishg‘ol qildi va 111 ta assist qayd etgan. O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 60 ta o‘yinda 33 ta to‘p kiritgan.
Fikrlar