
FR: Sport direktori nega kerak?
Chempionlar ligasini yarim final ostonasida tark etgan "Napoli" qandaydir mo‘jiza ro‘y bermasa, A Seriya chempionligini tantana qiladi (36 yillik tanaffusdan keyin).
Natija o‘z yo‘liga. Neapolliklar qisqa vaqt ichida o‘yin jihatidan ham Evropadagi eng tajovuzkor jamoalardan biriga aylanishdi. Va bu progress ko‘pchilik muvaffaqiyat keltirishiga ishonmagan ba’zi tavakkal qarorlar natijasida ro‘y berdi.
1) Himoya chizig‘ining "yuragi" hisoblanib, yiliga 6 mln evro maosh oladigan Kulibali 38 millionga "Chelsi"ga sotildi. Uning o‘rni 2,5 millionga o‘ynashga rozi bo‘ladigan koreyalik futbolchi bilan to‘ldirildi. Italiyaga kelganida 14 mln evroga baholangan Kim Min Jayning narxi 8 oy ichida 36 millionga ko‘tarildi. Ayni paytda qit’adoshimiz jamoa voz kechgan Kalidudan 2 barobarga qimmatroq.
2) "Napoli"ning maydon markazidagi etakchisi "Pari Sen-Jermen"ga 23 mln evroga sotildi (Fabian Ruiz). Tushgan mablag‘ evaziga Zambo-Angissa degan futbolchining transfer huquqi xarid qilindi. Shundan beri Parijga ko‘chgan Ruizning qiymatida cho‘kish kuzatilyapti. Uning o‘rnini to‘ldirgan futbolchi allaqachon transfer bozorida Fabiandan ilgariga o‘tib oldi.
3) Allaqachon "Napoli" ramzlaridan biriga aylanib qolgan Lorentso Insine maoshining 5 dan 3,5 million evroga tushirilishini xohlamagani uchun ketkazildi. Uning o‘rni bugun butun dunyoning tilidan tushmayotgan Xvicha Karatsxeliya bilan to‘ldirildi. Eng qizig‘i, gruziyalik futbolchi Neapolda 1,5 mln evroga o‘ynayapti.
Bundan tashqari, klub oyligi yuqoriligi sabab Dris Mertensdek afsona bilan xayrlashishga cho‘chimadi. Shunday aqlli yurishlar bilan maosh uchun sarflanadigan mablag‘ 110 milliondan 73'ga tushirildi. Va "Napoli" uzoq kutilgan "Skudetto"siga erishish arafasida turibdi.
O‘zbek futbolida ko‘pchilik sport-direktorining nega kerakligini bilmaydi. Shundaylar uchun eslatib o‘tmoqchimiz, tepada ta’kidlangan o‘zgarishlarning barchasini Neapol klubida shunday lavozimni egallab turgan Kristiano Juntoli amalga oshirgan.
Fikrlar