
Fayzullaevga yana bir xushxabar
Abbosbek Fayzullaev bir yil ichida bunaqa ko‘p e’tirof va e’tiborga, individual sovrinlarga sazovor bo‘lishini o‘zi ham kutmagan bo‘lsa kerak.
Hammasi 2023 yili Toshkentda o‘tkazilgan 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatidan boshlandi. Terma jamoa etakchilaridan hisoblangan Abbosbek Fayzullaev hamyurtlarimizning ushbu turnirdagi g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi.
Iste’dodli o‘yinchi Osiyo chempioni, degan sharafli nom bilan birga qit’a chempionatining eng yaxshi o‘yinchisi nomiga ham sazovor bo‘ldi.
Uo‘shbu tarixiy g‘alabadan so‘ng, bir necha oydan keyin Abbosbek O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi safida Argentinada o‘tkazilgan jahon chempionatida ham yuqori saviyada o‘ynadi.
Fayzullaevning xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlari unga xorij chempionatiga yo‘l ochdi. Abbosbek taklif orasida TsSKA variantini tanladi.
Yangi yil arafasida Moskvadan Abbosbek Fayzullaevga yana bir xushxabar keldi. Ayni paytda O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 12 yanvardan 10 fevralga qadar Qatarda bo‘ladigan Osiyo kubogiga tayyorgarlik ko‘rayotgan legionerimiz muxlislar va ekspertlar tomonidan TsSKAning mavsum birinchi qismidagi eng yaxshi futbolchisi, deb e’tirof etildi.
Natijalar bilan quyidagi suratlar orqali tanishish mumkin:
Aslini olganda, Abbosbek Fayzullaev bu so‘rovnomada katta ustunlik bilan g‘olib chiqishi bejiz emas, albatta. Bungacha 20 yoshli hujumkor futbolchimiz sentyabr, oktyabr, noyabr va dekabr oylarida ham jamoasining eng yaxshi o‘yinchisi, deb topilgan edi.
Abbosbek “Paxtakor”dan Moskvaning TsSKA klubiga avgust oyi boshida ko‘chib o‘tgan edi. Sentyabrdan boshlab, Vladimir Fedotov boshchiligidagi murabbiylar shtabi ishonchini oqladi va shundan beri boshlang‘ich tarkibning muqim a’zosiga aylandi.
Fayzullaev qisqa fursat ichida TsSKA hujum chizig‘ining etakchisi bo‘ldi. Hozir jamoaning aksariyat hujumchilari aynan o‘zbek o‘yinchisi orqali tashkil etilmoqda.
Hamyurtimiz Rossiya Premer-ligasi va mamlakat kubogida jami 18 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini ikki marotaba ishg‘ol qildi, jamoadoshlariga to‘qqizta golli pas uzatdi.
Bundan tashqari, Abbosbek Fayzullaev chempionatning bir nechta uchrashuvlarida eng yaxshi futbolchi sovriniga loyiq topildi.
O‘zbek futbolining iste’dodli tarbiyalanuvchisi klub miqyosida va mamlakat terma jamoalari safida xalqaro maydonda erishgan muvaffaqiyatli evaziga yaqindagina O‘zbekistonning 2023 yildagi eng yaxshi futbolchisi, deb e’lon qilindi.
Abbosbek Fayzullaevga kelajakdagi faoliyatida ham ulkan zafarlar, quvonchli onlar, buyuk g‘alabalar ko‘p bo‘lishini tilab qolamiz.
Fikrlar