
Fayzullaev Frantsiyaga boradimi?
Frantsiyaning eng mashhur klublaridan “Monako”ning O‘zbekiston milliy terma jamoasi va TsSKA klubi hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullaevni 15 million evroga transfer qilishi haqidagi xabar futbol jamoatchiligi tomonidan qizg‘in muhokama qilinmoqda.
Sports.uz portali Rossiya futbolining eng taniqli ekspertlari Fayzullaevning “Monako”ga transferi haqida bildirayotgan munosabatlarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etishda davom etadi.
Aleksandr Mostovoy, Rossiya terma jamoasi va “Selta” klubi sobiq futbolchisi:
Agar Abbosbek Fayzullaevga “Monako”dan shunday taklif tushadigan bo‘lsa, o‘ylab o‘tirmay ketishi kerak.
TsSKAning o‘zi ham buncha mablag‘ evaziga uni qo‘yib yuborishi aniq. Bugungi sharoitda 15 million evro – katta pul. Namuna uchun uzoqqa bormaylik, “Monako”da o‘ynayotgan Aleksandr Golovin yaqqol misol.
Agar bu transfer amalga oshsa, Fayzullaev uchun top-ligaga yo‘l ochiladi.
Valeriy Gazzaev, Rossiya terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi:
Fayzullaev 21 yosh, TsSKAda endigina ikkinchi mavsumini o‘tkazmoqda. Biroq bu futbolchi bugungi kunda Osiyo qit’asining eng yorqin talantlaridan biri sifatida e’tirof va e’tibor qozongan.
Biz ham uning texnik mahoratini kuzatib boryapmiz va u mahorat bobida TsSKAning qolgan o‘yinchilari orasida yaqqol ajralib turibdi.
Abbosning ketishi klub uchun katta yo‘qotish bo‘ladi va hujum chizig‘i qudrati zaiflashib qoladi. Agar bu taklif jiddiy tarzda o‘yinchini va klubni qoniqtirsa, keyinchalik o‘sish uchun ham uni qabul qilish lozim.
Bu Fayzullavga top-chempionatda o‘z mahoratini ko‘rsatishi uchun juda yaxshi imkoniyat bo‘lishi mumkin.
Yuriy Syomin, Rossiya terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi:
“Monako” hal qiluvchi rasmiy taklifni yuborsa, bu transfer Abbosbek Fayzullaevning o‘ziga ham qiziq bo‘lishi aniq. Chunki bu boshqa darajadagi, boshqa saviyadagi liga va jamoada o‘ynash imkoniyatini beradi.
To‘g‘risini aytsam, transfer rasmiy taklif bildirilmaguncha, transferga ishonib qolish kerak emas.
Abbosbek Fayzullaev 2023 yilning avgustida “Paxtakor”dan TsSKAga ko‘chib o‘tgan edi. Uning “armiyachilar” bilan shartnomasi 2026 yilning yozigacha davom etadi. Hozirga qadar 21 yoshli legionerimiz TsSKA tarkibida barcha musobaqalarda 54 ta uchrashuvda maydonga tushib, sakkizta gol va 20 ta assist muallifi bo‘lgan.
Hamyurtimiz transferlarga ixtisoslashgan transfermarkt.world portali tomonidan 6 million evroga baholanmoqda va bu ko‘rsatkich bo‘yicha Markaziy Osiyoning eng qimmatbaho futbolchisi hisoblanadi.
Fikrlar
Ҳамюртимиз трансферларга ихтисослашган transfermarkt.world портали томонидан 6 миллион еврога баҳоланмоқда ва бу кўрсаткич бўйича Марказий Осиёнинг энг қимматбаҳо футболчиси ҳисобланади"
. Шу абзац, Аббос ҳақидаги ҳар - бир хабар ва мақолада айнан такрорланади. Шу керакми?!
Бу нашрнинг, Аббос ҳақида ёзмаган куни йўқ бўлса, бир хил нарса такрорланаверса, муштарийларнинг жонига тегмайдими?! Муҳаррир ҳам ўқиб кўрадими, ўзи?