
Fayzullaev Bellingemga bas kelolmadi
Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi – IFFHS 2023 yilning turli nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblarni e’lon qildi.
Bu tashkilot 1987 yildan beri butun dunyo bo‘ylab yilning eng yaxshi futbolchisini aniqlash maqsadida so‘rovnoma tashkil qilib keladi.
Ushbu so‘rovnomalarda 120 mamlakatning IFFHS tashkilotiga a’zo bo‘lgan jurnalistlari va futbol ekspertlari qatnashadi.
IFFHS o‘z talqini bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar orasida “2023 yilning eng yaxshi yosh futbolchisi” nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblikka da’vogar bo‘lgan 26 nafar o‘yinchi ro‘yxatiga O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Moskvaning TsSKA klubi futbolchisi Abbosbek Fayzullaevni ham qo‘shgan edi.
Xalqaro tashkilot yangi yil arafasida ushbu tanlov g‘olibi nomini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, ketma-ket ikkinchi yil Jud Bellingem yilning eng yaxshi yosh o‘yinchisi sifatida tan olindi.
Aslida bu galgi tanlovda ham angliyalik futbolchining g‘olib chiqishiga hech qanday shubha yo‘q edi. Chunki Bellingem futbolchilar uchun eng nufuzli individual sovrin – “Oltin to‘p”ga ham da’vogarlik qildi. Garchi bu sovrin sakkizinchi marotaba Lionel Messiga berilgan bo‘lsa-da, Bellingemning loyiqligini ta’kidlayotgan mutaxassislar ham kam emas.
2023 yilning eng yaxshi yosh futbolchisi nominatsiyasida ikkinchi o‘rin “Bavariya” vakili Jamol Musialaga nasib qildi.
Kuchli uchlikni “Barselona” tarbiyalanuvchisi Gavi yakunlab berdi. Shunday bo‘lsa-da, Musiala va Gavi ovoz berish orqali jamlangan ballar bo‘yicha Jud Bellingamdan ancha ortda qoldi.
Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi – IFFHS sovringa da’vogar bo‘lgan 26 nafar futbolchidan kuchli o‘nlikka kirganlari reytingini e’lon qildi. Jadval bilan quyida tanishib olishingiz mumkin.
Abbosbek Fayzullaev bu galgi reytingda kuchli o‘nlikka kiritilmadi. Shunga qaramay, 20 yoshli futbolchimizning nufuzli tashkilot e’tiboriga tushgani va dunyoning eng iqtidorli o‘yinchilari qatorida e’tirof etilganining o‘zi yutuq hisoblanadi.
Qolaversa, Abbosbek Fayzullaev eng zo‘r yosh futbolchilar ro‘yxatiga kiritilgan yagona osiyolik futbolchi hisoblanadi.
Ta’kidlash joizki, 2023 yil Abbosbek uchun juda muvaffaqiyatli bo‘ldi. Chunki Fayzullaev 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar ishtirokida Toshkentda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida g‘olib chiqdi va bu turnirning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘ldi.
Bundan tashqari, terma jamoamiz Argentinada tashkil etilgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham muvaffaqiyatli qatnashdi va Fayzullaev jamoamizning etakchi o‘yinchisi sifatida o‘z mahoratini namoyish qildi.
Yosh futbolchimizning professional faoliyatida katta o‘zgarish bo‘lib, xorij chempionatidagi debyutini muvaffaqiyatli o‘tkazmoqda. Legionerimiz Rossiya Premer-ligasining eng kuchli o‘yinchilaridan biri sifatida tan olindi.
Eng asosiysi esa, Fayzullaev O‘zbekiston milliy terma jamoasidan o‘rin oldi. Tez orada u katta musobaqa – Osiyo kubogida yurtimiz sharafini himoya qiladi.
Fikrlar