Fayzullaev, Ispaniyani tanla!

  • 26 noyabr, 2024, 23:23
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston yoshlar va milliy terma jamoalarining qit’a miqyosidagi musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etayotgan iste’dodli o‘yinchilarimizga xorij klublaridan e’tiborni kuchaytirib bormoqda.

Tecno

Bugungi kunda bir necha futbolchimiz Evropa va Osiyo jamoalarida to‘p tepib kelyapti. Xususan, Abduqodir Husanov terma jamoamiz va “Lans”dagi o‘yinlari bilan Evropaning qator grand klublari nazariga tushdi.

Evropaga ketishi kutilayotgan iste’dod sohiblaridan biri Abbosbek Fayzullaev hisoblanadi. 2023 yilning avgustida TsSKAga ko‘chib o‘tganidan beri moskvalik “armiyachilar”ning asosiy futbolchisiga aylangan legionerimiz terma jamoada ham liderlik qobiliyatlarini namoyish qilmoqda.

Ayniqsa, Abbosbek noyabr oyiga belgilangan xalqaro uchrashuvlarda Qatar va Shimolik Koreya darvozalariga ikkita o‘yinda uchta gol urganidan keyin, 21 yoshli charm to‘p ustasining kuchli ligalarga o‘tishi yana kun mavzusiga aylandi.

Bu gal Rossiya yoshlar terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Andrey Chernishov o‘zbek futboli maktabi tarbiyalanuvchilari, xususan, Abbosbek Fayzullaevning imkoniyatlariga baho berdi.

- Nafaqat Abbosbek Fayzullaev, balki boshqa o‘zbek futbolchilari ham xorij jamoalarida muvaffaqiyatli to‘p tepib kelmoqda. Bu mamlakat doimo yorqin iste’dodlarga boy bo‘lgan.

Toshkentning “Paxtakor” jamoasida ko‘plab iqtidorli futbolchilar o‘ynagan. O‘zbekiston yoshlar va milliy terma jamoalari rivojlanib bormoqda, Osiyo qit’asidagi musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashib kelyapti.

Yoshlar terma jamoasi yaqinda Osiyo chempionatida g‘olib chiqdi. Keyingi yillarda ko‘p o‘zbek futbolchilari xorijiy chempionatlarga yo‘l olyapti, ular boshqa ligalarda ham o‘z salohiyati va mahoratini namoyish qilyapti.

Men Abbosbek Fayzullaev ham Evropa klublari e’tibor qaratadi, deb hisoblayman. Shuni inobatga olgan holda, uning mavsum oxirida TsSKAdan ketishi ehtimoldan holi emas.

Agar Fayzullaevda Frantsiya va Ispaniya chempionatlari o‘rtasida tanlov yuzaga kelsa, shubhasiz, Ispaniyaga borishi kerak, - dedi Andrey Chernishov.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yili AQSh, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan jahon chempionatiga chiqish uchun kurashni davom ettirmoqda.

Hozircha, futbolchilarimiz Osiyo mintaqasi saralash turniri uchinchi bochqichida o‘z guruhida 13 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. Bu bosqichda uchta guruhda oltitadan jamoa o‘zaro raqobat olib boryapti. Qoidaga ko‘ra, har bir guruhdan dastlabki ikki pog‘onani egallagan terma jamoalar to‘g‘ridan to‘g‘ri jahon chempionatiga yo‘llanma oladi. Uchinchi va to‘rtinchi o‘rin sohiblari saralash musobaqasini davom ettiradi.

So‘nggi uchrashuvda Srechko Katanets shogirdlari Laosda KXDR terma jamoasi bilan kuch sinashib, kichik hisobda zafar quchdi. Terma jamoamizga qimmatli uch ochko keltirgan yagona golni aynan Abbosbek Fayzullaev uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi orqali kiritdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!