
"Eng katta muammo "Surxon" bilan bog‘liq bo‘lib turibdi". Kamoliddin Murzoev Tailanddagi kongress va qarzdorliklar haqida gapirdi
Tailand poytaxti Bangkok shahrida FIFPro tashkilotining navbatdagi kongressi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston futbolchilar uyushmasi bosh direktori Kamoliddin Murzoev ham ishtirok etdi. U erda qanday masalalar ko‘rilgani, klublarimizni futbolchilar oldidagi qarzdorliklar va keyingi rejalar xususida Sports.uz muxbiriga quyidagilarni gapirdi.
Yig‘ilish qanday o‘tdi?
- Ushbu safarimiz haqida gapiradigan bo‘lsam, FIFProni har bir mintaqasi har yili ikki marta mana shunday yil hisoboti ko‘rinishidagi seminarlar asosida tashkil etiladi. Shu maqsadda biz Tailandda uyushtirilgan kongressda bo‘lib turibmiz. Bu erda ko‘zlangan maqsad yarim yil davomida qilingan mehnat, olib borilayotgan ishlarimiz va FIFA reglamentidagi yangi o‘zgarishlar va umuman FIFPro tashkilotidagi o‘zgarishlar yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar dastlabki kunimizda ko‘rib chiqildi.
Halol o‘yin shiori haqida
- Xabaringiz bor, Superligamiz klublari 3-turdan e’tiboran halol o‘yin shiori ostida maydonga tushishdi. Bu loyiha aynan FIFPro va FIFAning futbolchilar uchun halol futbolni targ‘ib etish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan yili O‘FA bilan bu loyihani yurtimizga olib kelish ishlari bo‘yicha kelishuv borasida memorandum imzolaganmiz. Shuningdek, O‘zbekiston professional futbol ligasi tomonidan 3-turdan boshlab barcha jamoalarimiz ushbu shior ostida maydonga tushishdi. Futbolchilarimizni kelishilgan o‘yinlardan holi bo‘lishlari, totalizatordek yomon illatlardan saqlanishlari va umuman yurtimizda olib borilayotgan mana shunday futbol islohotlariga lozim tarzda o‘zlarining javobini ko‘rsatgan va bunga o‘z hissalarini qo‘shgan holda o‘zlarini ushbu loyiha orqali himoya qilishlari uchun tatbiq qildik. Bu loyiha asta-sekinlik bilan butun dunyoda qo‘llanila boshlaydi. Bundan ko‘zlangan maqsad futbolchilarni himoya qilish hamda qing‘ir o‘yinlarda ishtirok etmasligiga da’vat qilish bo‘ladi.
Keyingi reja to‘g‘risida
- Endilikda FIFPro bilan hamkorlikda muloqotni oshirib borgan holda yurtimizda ayollar futboliga e’tiborni yanada oshirmoqchimiz. Ularni yanada ko‘proq qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilganmiz. Keyingi rejalarimizni aynan ayollar futboliga bog‘liq bo‘lgan loyiha bilan umumlashtirmoqchimiz.
Klublardagi qarzdorliklar
- To‘g‘ri, har bir ishda kamchilik bo‘lgani kabi futbolimiz ham bundan mustasno emas. O‘zPFL bilan keng ko‘lamli hamkorlik ishlari olib borilyapti. Mavjud vaziyatdan kelib chiqib klublarni futbolchilar oldidagi qarzdorliklarini kechiktirish, pullarni bo‘lib to‘lash masalalari bo‘yicha gaplashyapmiz. Mana, “Andijon” va “Buxoro” klublari oldidagi qarzdorliklarini qisman yopib kelmoqda.
“Surxon”dagi vaziyat xususida
- Bugungi kunga kelib eng katta muammoli masala “Surxon” jamoasi bilan bog‘liq bo‘lib turibdi. Xabaringiz bor, “Surxon”da rahbariyat o‘zgarishi yuz bergan. Bu vaziyat bo‘yicha O‘FA hamda PFLga murojaat qilganmiz. Chunki har qanday holatda ham futbolchi, klubda ishlagan murabbiy hamda xodimlar qolib ketgan maoshlarini olishlari kerak. Umuman aytganda, bu vaziyatda deyarli murakkab jarayon yo‘q. FIFA reglamenti, litsenziyalash, O‘zbekiston qonunchiligiga ham asosan yangi qabul qilib olgan rahbarlari mavjud qarzdorliklarni to‘liq qoplab berishi lozim bo‘ladi. PFL ham O‘FAga bu borada murojaat qilib chiqqan va shunga binoan muxlat belgilangan. O‘sha muddat davomida ikki rahbar o‘zaro kelishib olishlari yoki bo‘lmasa bu muddat tugaganidan keyin barcha qazrdorliklar yangi rahbariyatning zimmasiga o‘tishi ko‘zda tutilgan. Chunki futbolda yangi rahbar, eski rahbar degan narsa yo‘q. Futbolda esa “Surxon” klubi bor. Xodimlari oldida u javobgar hisoblanadi. O‘ylaymanki, bu masalada tez orada echim topiladi.
Fikrlar