Deyan Jurjevich: Babayan bilan Xitoyga ketgach, 2 oydan so‘ng uyga qaytganman. U erda kimdir futbolni tushunadi, kimdir esa tushunchaga ega emas

  • 8 dekabr, 2020, 18:43
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Serbiyalik muxlislarimizga yaxshi tanish mutaxassis – Deyan Jurjevichni “Paxtakor”, O‘zbekiston milliy terma jamoasi hamda “Navbahor”dagi faoliyati orqali eslab qolganmiz. Shuningdek, u Samvel Babayan ham hamkorlikda faoliyat olib borganini bilamiz.

Tecno

Oxirgi marta Babayan bilan Xitoyga “Chanchung Yatay” klubiga yo‘l olgandi. Kuni kecha ushbu mutaxassis Xitoydagi faoliyati qanday kechgani, Babayan to‘g‘risida, yurtimiz futbolchi va yana boshqa mavzular bo‘yicha sports.uz uchun o‘z fikrlarini bildirdi.

“O‘zbekistondan taklif bo‘lsa, bajonidil qabul qilaman”

-  Ha, biz yana O‘zbekistonga, Toshkentga qaytib ishlashga harakat qilyapmiz. Bu bizning ishimiz. Ishimizda esa ertaga nima bo‘lishini oldindan bilib bo‘lmaydi. Ayni paytda menda O‘zbekistondan biror-bir taklif yo‘qligini aytib o‘tishim kerak. Ammo shuni alohida ta’kidlamog‘im joizki, O‘zbekiston mening qalbimdan joy olgan va men uchun xuddi ikkinchi vatandek bo‘lib qolgan. Agar yaxshiroq taklif kelib tushsa, bajonidil yurtingizga qaytib boraman. Bundan juda xursand bo‘lardim.

“Babayan Xitoydan nima uchun ketganini bilmayman, ammo u erda yaxshi ishladi”

-  Ha, Samvel Babayan bilan Xitoyga birga ketganim rost. Lekin Xitoyda unchalik ko‘p qola olmadim. Negaki, oilamda hal qilinishi kerak bo‘lgan muammolar yuz bergandi. Shu sabab taxminan 1,5 – 2 oydan so‘ng, ortimga qaytishga majbur bo‘lganman. U erda yuzaga kelgan koronavirus bilan bog‘liq vaziyatning keyinchalik butun dunyoga tarqalib ketishi mumkinligini hech kim kutmagandi. Bevosita Xitoy ligasiga to‘xtaladigan bo‘lsam, u erda jamoalar ancha yaxshi shakllangan, infratuzilmalari ham risoladagidek. Agar oilaviy muammolar bo‘lmaganida Xitoyda qolib ishni davom ettirardim. Babayan bilan uning shtabidagilar juda yaxshi ish olib borishdi va natijani ta’minlay oldilar. Ularning nima sababdan Xitoydan ketganligi men uchun mavhum. Yana qaytaraman: Babayan va uning yordamchilari Xitoyda juda yaxshi ish olib borganlar. Men bu gapni birga ishlaganimiz va ish jarayonini o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rganim uchun aytyapman. Ularning mashg‘ulotlarida olib borgan ishlari menda juda yaxshi taassurotlar qolgan. Hozir ular ishlagan klubda turli odamlar bor. Kimdir futbolni yaxshi tushunadi, yana kimdir esa umuman tushunchaga ega emas. Men Babayanni juda hurmat qilaman. U yaxshi mutaxassis sanaladi.

“Shomurodov shu ketishda “Inter”, “Yuventus” kabi klublarning qiziqishiga sabab bo‘ladi”

-  O, Eldor Shomurodovmi?! Terma jamoada ishlagan chog‘imizda Babayan va men Shomurodovda katta potentsial borligini darhol ilg‘aganmiz. Agar siz futbolni tushunadigan bo‘lsangiz, yosh ijrochidagi iqtidorni ham bemalol payqashingiz mumkin. Eldorda hamma narsa bor: xarakter, tezlik, o‘yinni his qilish. Biz o‘shandayoq undan yaqin kelajakda juda yaxshi o‘yinchi etishib chiqishiga ishonch hosil qilganmiz. Shu sabab terma jamoa ishtirokidagi o‘yinlarga Shomurodovni tez-tez tushira boshlaganmiz. To‘g‘ri, ba’zida u o‘rtacha, ba’zida esa juda zo‘r o‘ynardi. Asosiysi, murabbiy yosh futbolchini qo‘llab-quvvatlashi, unga kerakli daldani berishi maqsadga muvofiq. Ko‘rib turganingizdek, Shomurodov Evropa darajasidagi futbolchiga aylandi. Quvonarlisi, hamyurtingiz top-5 chempionatlar sirasida o‘ziga yarasha maqomga ega bo‘lgan A seriyada dastlabki golini urishga erishdi. Men murabbiy bo‘lganim uchun ham Osiyo va Evropa futboli o‘rtasidagi farqni yaxshi his qilaman. “Jenoa” uning uchun yaxshi qadam. Agar Shomurodov shu darajada o‘ynashda davom etsa, bu ketishda uni “Inter” va “Yuventus” kabi jiddiy klublar o‘z safida ko‘rishni istab qolishadi. Shuni ishonch bilan ayta olamanki, ular ham xuddi men kabi vatandoshingizda katta potentsial borligini albatta ilg‘aydilar. Unga kelajak faoliyatida faqat omad yor bo‘lishini tilab qolaman.

jurjevich4

“Odil Ahmedovning faoliyati oxirlab borayotganini unutmaslik kerak”

-  Hozirda o‘zbek futbolchilari orasida top-saviyadagi ijrochi bu - Eldor Shomurodovdir. Boz ustiga men o‘zbek futbolini ichidan yaxshi bilganim uchun bemalol shunday deyapman. Chunki Jeparov, Haydarov va Kapadzening davri tugagandan so‘ng, Shomurodov yarq etib porlab chiqdi. To‘g‘ri, sizlarda Odil Ahmedov ham bor. Biroq uning ham faoliyati oxirlab borayotganini unutmaslik kerak. Yuqorida nomlarini sanab o‘tgan futbolchilar qolgan avlod vakillari uchun ancha baland marralarni o‘rnatib ketishdi. Endi yosh futbolchilaringizning ular darajasiga etishishini kutish kerak. Bugun o‘zbek futbolida iqtidorli yoshlar ko‘p, faqat ularning yuqori darajaga chiqishlari uchun har tomonlama zamin hozirlash kerak. Aytishim kerakki, Masharipov yosh emas, balki o‘rta avlod vakili sirasiga kiradi. Lekin u ham anoyi emas. Aynan ular o‘zbek futbolining kelajagini belgilab berishlari mumkin.

“Paxtakor” va boshqa klublarning o‘rtasida bo‘shliq yuzaga kelgan”

-  Ayni paytda “Paxtakor” o‘ta kuchli, har tomonlama shakllangan klub bo‘lib turibdi. Ularda hamma narsa bor: pullar, boshqalarning qo‘llab-quvvatlashi, yuqori saviyadagi futbolchilar, kerakli infratuzilma...Shukrki, O‘zbekistondagi faoliyatim davomida “Paxtakor”da ishlashga ham ulgurganman. Hozir ham bu klubga muxlislik qilaman. O‘zbekistonda “Paxtakor” kabi kuchli klublar hozir deyarli yo‘q hisobi. Agar “Paxtakor”ga o‘xshash 3-4 ta jamoa bo‘lganida chempionatingiz saviyasi hozirgidan ham yuqoriga chiqqan bo‘lardi. Ayni paytda “Paxtakor”ga har tomonlama yaqin keladigan biror-bir jamoani ko‘rmayotganim uchun shu gaplarni aytyapman. To‘g‘ri, men ishlagan paytlarda “Paxtakor”ga “Bunyodkor”, “Nasaf” va “Lokomotiv” kabi jamoalar etarlicha raqobat tug‘dira olishgan. Biroq oxirgi paytlarda “Paxtakor”ga teng keladigan raqobatchini ko‘rmayapman. Qolgan jamoalarning nima sababdan “Paxtakor”dan ortda ekanligini tushuntirib berishim qiyin. Hozirda “Paxtakor” va ularning o‘rtasida qandaydir bo‘shliq yuzaga kelgandek taassurot qolyapti.

“Cheran eng yaxshisi”

-  O‘zbekistonda ishlab yurgan chog‘imda eng yaxshi legioner sifatida Cheranni bilardim. U juda yaxshi futbolchi. Haqiqiy jamoaviy o‘yinchi. Cheran kerakli gollarni uradi, sheriklarini ortidan ergashtira oladi. Bundan tashqari, u assistentlik qilishni ham joyiga qo‘yadi. Oilaparvar futbolchi. O‘zbekistondagi legionerlar emas, balki mahalliy ijrochilar haqida gapiradigan bo‘lsam, sizlarda chetdan kelgan o‘yinchilardan mahorat bobida qolishmaydigan futbolchilar yo‘q emas. Masalan, Masharipov. Uning potentsiali yuqori. Bilasizmi, men Masharipovning Evropa saviyasida to‘p surishini juda istayman. Uning Evropa futbolida o‘ynashini ko‘rish men uchun juda qiziqarli bo‘lardi. Yurtingizdagi legionerlar orasida esa Cheran eng kuchlisi ekanligini ayta olaman.

jurjevich1

“Babayan O‘zbekistondagi eng yaxshi murabbiylardan biri”

-  Ha, men Samvel Babayan bilan etarli darajada ishladim. U mening yaxshi do‘stimga aylangan. Birgalikda ko‘p vaqtni o‘tkazganmiz. O‘zbekistonga birinchi bor kelgan paytimda Babayan menga katta yordam bergan. Birgalikda juda yaxshi ish olib borganmiz. Agar so‘nggi pallada bizga biroz omad kulib boqqanidami, terma jamoa o‘zi uchun armon bo‘lib kelayotgan jahon chempionati yo‘llanmasiga ega chiqqan bo‘lardi. Baxtga qarshi yakuniy pallada hammasi barbod bo‘lgan. Ustiga-ustak boshqa raqiblarning o‘yinlarida qayd etilgan natijalar pirovardida zararimizga ishlagan. Bizda Koreyaga qarshi bahsda juda yaxshi imkoniyat yuzaga kelgandi. Agar o‘shanda omad chopganidami, durang o‘rniga g‘alaba qozonishimiz va maqsad sari yaqinlashishimiz mumkin bo‘lardi. Men Babayanni juda hurmat qilaman va uni O‘zbekistondagi eng yaxshi murabbiylardan biri deb hisoblayman.

“O‘zbek futbolining saviyasi pastlagani yoqmayapti”

-  O‘zbekiston chempionati haqidagi fikrim qanday? O‘zbek futbolini oldindan yaxshi bilganim bois hozirgi daraja 7-8 yil avvalgiga nisbatan pasaygan deb hisoblayman. Ilgari chempionlik uchun 3-4 ta klub boshidan oxirigacha kurash olib borardi. Endi esa “Paxtakor”, undan so‘ng orada bo‘shliq va qolganlar turibdi. “Bunyodkor” va “Lokomotiv” klublarining darajasi hozir avvalgidek emas. O‘z vaqtida “Bunyodkor” O‘zbekistonning eng kuchli klubi bo‘lgan. Qolaversa, bir paytlar “Neftchi”dan qolganlar hayiqishardi. Bugungi kunda AGMKning o‘sishi boshqalarga nisbatan sal sezilarli ekanligini aytishim kerak. Hozirda klublaringiz tarkibida yoshlar ko‘p. Ularga o‘zlarini ko‘rsatishi uchun imkon havola qilish kerak. O‘zbekistonda futbolning rivojlanishi bilan bog‘liq muayyan muammolar yo‘q emas. Sizlarda qanday qilib bo‘lsa ham natijaga erishish talab qilinadi, futbolni to‘g‘ri yo‘ldan rivojlantirib borishni esa negadir ko‘pchilik esdan chiqarib qo‘yadi. Bu esa katta muammodir. Menga avvalgiga nisbatan o‘zbek futbolining saviyasi pastlab ketgani yoqmayotganligini aytishim kerak. Albatta, sizlarda futbolni yaxshi tushunadigan bilimdon kishilar yo‘q emas. Aynan ular saviyani ko‘tarish haqida o‘ylamoqlari kerak.

“Terma jamoaning oxirgi natijalari kishini ikkilantirib qo‘yadi”

-  Hozirda O‘zbekiston terma jamoasining imkoniyatini unchalik bilmayman. Bir avlod faoliyatini yakunlab, keyingisi endi boshlayapti. Yangi jamoani shakllantirish uchun esa qandaydir vaqt kerak bo‘ladi. Muxlislar terma jamoadan darhol yaxshi natijalarni kutishga o‘rganib qolishgan. O‘z vaqtida biz Samvel Babayan bilan ishlagan paytimizda terma jamoaning JChga yo‘l olishi uchun imkoniyat so‘nggi pallagacha saqlanib qolgandi. Jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l olish juda murakkab ish. To‘g‘ri, janob Abramov oldin ham termani boshqargan, hozir ham u JChga chiqish uchun nima ishlar qilish kerakligini biladi. Rostini aytaman, bugungi kunda terma jamoangizning qanday holatda ekanligi haqida menda etarli darajada ma’lumotlar yo‘q. Oxirgi natijalar ham kishini ikkilartirib qo‘yadi. Umid qilamanki, O‘zbekiston terma jamoasi bu safar ham jahon chempionatiga borish uchun oxirigacha etib boradi. Yodingizdami, O‘zbekistondan ketish oldidan terma jamoaning saviyasini ushlab qolish kerakligini va faqat shunda jahon chempionatiga chiqish imkoni bo‘lishi haqida aytgandim. Biz ishlagan chog‘larimizda termada yosh o‘yinchilar guruhi shakllanib qolgandi. O‘zbekiston o‘shanda juda yaxshi o‘ynardi. Yana takrorlayman: agar oxirgi pallada omad biroz chopganida JChga borish orzusi albatta amalga oshgan bo‘lardi. Bunisi endi tarix.

jurjevich2

“O‘zbekiston haqida gap ketar ekan hayajonlanaman”

-  Hurmatli muxbir, menga qo‘ng‘iroq qilib, suhbatlashganingiz uchun minnatdorman. Shuni alohida aytishim kerakki, O‘zbekistonni, o‘zbek futbolini juda yaxshi ko‘raman. U erda ko‘plab do‘stlarim, hamkasblarim qolishdi. Barchasiga mening katta salomimni etkazing. Agar O‘zbekiston haqida gap ketar ekan, ich-ichimdan hayajonlanaman. Chunki yurtingizda ancha vaqt yashadim. U erda odamlar samimiy, mehmondo‘st. O‘zbekiston haqida menda faqat iliq taassurotlar qolgan xolos. Agar yana xizmatimga qiziqish bildirishadigan bo‘lsa, bajonidil bu erga qaytishga tayyorman. Hammaga alanganli salom, ko‘rishguncha deb qolaman!

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Davron Abdulin
08/12/2020 19:05
Juda kuchli trener. Navbahorda qadriga etishmadi. Alkash Kanchelskisdan ancha yahshi edi. Vaqt berishmadi