"Dastlabki ikki oy qiynaldim, bu erda O‘zbekiston chempionatiga e’tibor katta". Evropadagi legionerimiz haqida

  • 3 sentabr, 2023, 15:30
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Dunyoning turli burchaklarida o‘zbekistonlik legionerlar faoliyat olib borishyapti. Ularni imkon qadar yoritib borish bizning vazifalarimizdan biridir.

Tecno

Gruziya chempionatida to‘p surayotgan hamyurtimiz Malikshoh Rasulov ham bor. Yodingizda bo‘lsa, bu hujumchi o‘tgan yili “Andijon”da to‘p surgan. Bu yil esa faoliyatini Gruziyada davom ettirib kelmoqda. Kuni kecha Rasulov Sports.uz saytiga u erdagi faoliyati va hayoti qanday kechayotgani haqida gapirdi.

“Jamoamda rus va ingliz tilini aytarli hech kim bilmaydi”

- Ha, men bu erga yilning boshida keldim. Dastlabki ikki oy qiyinroq o‘tdi. Nimagaki, tili boshqacha. Yangi jamoa va moslashuv jarayonlarini engib o‘tish kerak. Bu erning havosi ham boshqacharoq. Aytganimdek, ikki oyda moslashishga harakat qildim, yangi jamoaga kirishib ketish va bu erning futboliga ko‘nikish uchun vaqt ketdi. Chunki bu erdagi o‘yin uslubi boshqacha. Bizning O‘zbekistonda esa futbol uslubi biroz boshqacharoq. Meni jamoamda rus va ingliz tilini aytarli hech kim bilmaydi. Shuning uchun biroz qiynalgandim, hozir esa ancha yaxshi. Jamoadagilar bilan bir-birimizni tushunyapmiz, maydonda ham. Asosiysi, shu.

“Hozircha 3 ta gol urdim”

- Ayni chog‘da jamoam bilan turnir jadvalida 6-o‘rinda boryapmiz. 3 ta gol urdim va 1 ta assist qildim. Maqsadimiz albatta yuqori o‘rinlardan birini qo‘lga kiritish. Chempionatni muvaffaqiyatli yakunlash niyatidamiz.

rasulov1

“Bu erda individual mahoratga ko‘proq tayaniladi”

- O‘zbekistonda aksar klublar texnikaga tayangan futbol o‘ynashadi. Gruziyada aytganimdek, biroz boshqacha. Bir-ikkita klublar keskinroq futbol o‘ynashadi. Qolganlari, aksariyati pas orqali hamda individual jihatga suyangan futbol o‘ynaydilar. Shunisi bilan farq qiladi.

“Hozir O‘zbekiston fuboli ancha kuchli”

- Gruziya chempionatini O‘zbekistonnikidan kuchli deya olmayman. Negaki, hozirgi paytda O‘zbekiston futboli ancha kuchli. Ko‘plab yaxshi legionerlar bor. Oxirgi paytlarda bizda futbol rivojlanyapti. Chempionatimizda kuchsiz jamoaning o‘zi yo‘q. Hammasi o‘ziga yarasha kuchli. Gruziyada ko‘proq individual mahoratga tayaniladi. Shuningdek, texnikaviy futbol ham o‘ynaladi.

rasulov3

“Jamoamga yanada ko‘proq foyda keltirgim kelyapti”

- Legioner sifatida ko‘proq javobgarlik hissi kuchli bo‘ladi. Muxlislar va jamoadagilar sizdan hammadan ko‘ra ko‘proq kutadilar, natijani. Mendagi kamchilik sifatida faqat golni kamroq uryapman. Jamoamga yanada ko‘proq foyda keltirgim kelyapti va bu yo‘lda harakat qilyapman.

“Gruziyadan qiziqishlar bor”

- Klubim bilan shartnomam shu yilning oxirigacha. Gruziyaning chempionati menga yoqdi. Hozirgi paytda menga Gruziyaning boshqa klublaridan qiziqishlar bor. Ayni paytda e’tiborimni klubimga qaratib, chempionatni yaxshi tugatish va ko‘proq gollar urishga e’tibor qilyapman. Shundan so‘ng keyingi reja haqida o‘ylayman.

rasulom2

“O‘zbekiston chempionatiga e’tibor katta”

- Gruziyada O‘zbekiston chempionatini ko‘pchilik yaxshi taniydi. Chunki bizning chempionatda gruziyalik futbolchilar ko‘p. Shu sababdan O‘zbekiston chempionatiga bu erda e’tibor katta. Ko‘rishadi va kuzatishadi. O‘zbekiston Superligasi va pro ligasi klublarida gruziyalik futbolchilar to‘p surishyapti. Gruziyaliklar esa o‘z chempionatiga ko‘proq braziliyalik, frantsiyalik legionerlarni olib keladilar. Gruziya futbol davlati va bu sport turini yaxshi ko‘rishadi.  

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!