
Cheran va Derdiyok endi qiynalib qoladi. Diyor Imomxo‘jaev "Paxtakor"ning OChLdagi muvaffaqiyatsizligi haqida gapirdi
Xabaringiz bor, "Paxtakor" Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqich 5-turida "Traktor" (0:0) bilan nursiz durang qayd etdi va guruhdan chiqish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi.
O‘zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jaev "sherlar"ning ushbu muvaffaqiyatsizligi haqida o‘z fikrini bildirib o‘tdi.
"Paxtakor" Chempionlar ligasining ilk turida eng yorqin o‘yinini namoyish etdi va shu bilan to‘xtadi.
Yupanch beradigan masala asosan ikki futbolchi: Diyor Xolmatov hamda Hojimat Erkinov. Ular qatoriga Ibrohimhalil Yo‘ldoshevni ham albatta qo‘shish mumkin. Bu yigitlar milliy terma ertasi.
"Paxtakor" faqatgina 5-turga kelibgina hakam hushtagiga qadar o‘ynadi menimcha. Qolgan barchasida uchrashuv oxirlarida temp tashlab yuborildi va buning uchun klub jazolandi. Vaholanki o‘yin bobida raqiblarining hech biridan kuchsiz emasdi.
"Paxtakor" o‘z hisobiga g‘alabalar yozib qo‘yganida, bu albatta kvotalar masalasidagi ochkolarimiz uchun ham foydali bo‘lardi. Ammo klub buning uddasidan chiqmadi. Hech bo‘lmaganda so‘nggi turda o‘z muxlislarini xursand qilishi kerak.
Har yili porlab chiqayotgan futbolchilarning xorij ligalariga yo‘l olishlari uchun imkoniyatning ko‘proq bo‘lishi har taraflama bizning foydamizga ishlaydi. Buni Masharipov misolida ham ko‘rish mumkin. Gollandiyalik mutaxassisning maqtovga loyiq asosiy ishi — yoshlarga qo‘rqmay ishonayotgani. Chunki Cheran yoki Derdiyok kabilar xalqaro maydon uchun qiynalib qoladigan davr allaqachon etib kelganini hamma ko‘rdi", - dedi Diyor Imomxo‘jaev.
Fikrlar