
"Buxoro"dagi o‘zgarishlar tugagani yo‘q yoxud Anvar Berdievga ham chiqish eshiklari ko‘rsatildi
Aftidan, bu jamoadagi o‘zgarishlar, kadrlarning qo‘nimsizligi hali beri tugamaydigan ko‘rinadi. Yaqinda jamoaga Usmon Toshev taklif qilingan bo‘lib, u menejer sifatida ishga kirishgan. Faqat Tojikiston terma jamoasidagi faoliyatidan keyin “Buxoro”ga kelishi aytilgan. Lekin bu bilan o‘zgarishlar tugagani yo‘q.
Sports.uz saytiga ma’lum bo‘lishicha, jamoada bosh murabbiy bo‘lib ishlab kelgan Anvar Berdiev va uning yordamchisi Sergey Lebedevga ham chiqish eshiklari ko‘rsatilgan. Ko‘rib turganingizdek, ularning “Buxoro”dagi faoliyati uzoqqa cho‘zilmadi.
Mavsum boshlanganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmasdan turib “Buxoro”da ikkinchi marotaba bosh murabbiy o‘zgardi. Xabaringiz bor, avvaliga bu klub Davron Fayziev boshchiligida mavsumga kirishgandi. Ammo pro-liganing to‘rtta turidan keyin arzimas sabablar tufayli unga chiqish eshiklari ko‘rsatildi va o‘rniga oldindan kutilganidek Anvar Berdiev tayinlandi. Lekin murabbiylikka yaqinda qadam qo‘ygan sobiq futbolchining ham “Buxoro” klubidagi hayoti uzoqqa cho‘zilmadi. Uning boshchiligida buxoroliklar Kubokda ikkita, chempionatda esa uchta o‘yin o‘tkazishdi. Natijalar esa salbiy. Kubokdagi ikkita bahsda durang va mag‘lubiyat kuzatildi. Chempionat doirasida “Aral Samali” bilan 2:2 hisobida durang o‘ynadi. “Xorazm” 2:1 natijasi bilan mag‘lub etildi va oxirgi turda Samarqandda “Dinamo”ga yutqazdi va shu tariqa, bittadan durang, g‘alaba va mag‘lubiyat qayd etildi. Vaholanki, Fayziev uchta g‘alaba va bitta mag‘lubiyatdan keyin ishdan bo‘shatilgandi. Ko‘rib turibsizki, bu borada Anvar Berdiev jamoani o‘zgartira olmadi, qaytanga natijalar salbiy ko‘rinish oldi. Balki unga murabbiylik borasida bilim va tajriba etishmagandir. Har holda u bosim yuqori bo‘lgan va faqat g‘alaba talab qilinadigan jamoaga kelgandi.
Endi o‘zingiz o‘ylang, rahbariyat qanday asosga ko‘ra va nimaning evaziga murabbiylar almashinuviga qo‘l urgandi? Afsuski, futbolni chuqur tushunmaslik hamda to‘g‘ri yo‘nalishdan chiqib ketganligi uchun ham “Buxoro”da qisqa fursatlar ichida murabbiylar o‘zgaryapti, tanlov o‘zini oqlamayapti. Holbuki, Davron Fayziev o‘zi ishlayotganida balki jamoa izdan chiqib ketmagan bo‘larmidi?! Xullas, bo‘lar ish bo‘ldi. Fayzievdan keyin Berdiev ham Buxoroda uzoq qolmadi va chiqish eshiklari ko‘rsatib qo‘yildi.
Yaqinda Usmon Toshev “Buxoro” menejeri sifatida ishga kirishgach, bosh murabbiy masalasida gapirar ekan, Anvar Qurbonovichga ishonch bildirilishi haqida aytgandi. Ammo Samarqanddagi mag‘lubiyat rahbariyatga qattiq ta’sir qilgan ko‘rinadi. Berdievning ishdan bo‘shatilishi Toshevning qarorimi yoki boshqasinimi, bunisi hozircha bizga qorong‘u. Buxoro viloyati futbol assosiatsiyasi vitse-prezidenti Farruh Hamroev sports.uz muxbiri bilan muloqot chog‘ida Berdiev va Lebedevning ketganini tasdiqladi.
Endi haqli savol tug‘iladi: bundan buyog‘iga “Buxoro”ni kim boshqaradi? Bizga ma’lum bo‘lishicha, hozircha mahalliy kadrlar ishlab turishadi. Mirislom Hasanov hamda Suhrob Qobilov jamoani keyingi o‘yinlarga tayyorlashadi. Bungacha ham Hasanov Superligada “Buxoro”ni mana shunga o‘xshash jarayonda vaqtincha boshqarib turganini yaxshi eslaymiz.
Ayni paytda Tojikiston milliy terma jamoasi bilan safarda bo‘lib turgan Usmon Toshevning ham klubdagi ishlardan albatta xabari bor. Ammo u hozircha bor e’tiborini terma jamoaga qaratgan. Chunki tojikistonliklarni oldinda jahon chempionati saralash bosqichi doirasida muhim o‘yinlar kutyapti. Shu sababli ular bo‘lajak bahslar uchun tayyorgarlik ko‘rmoqdalar. Masalan, kecha Basra shahrida Iroq bilan nazorat uchrashuvi o‘tkazildi. Endi bo‘lsa, 29 may kuni BAAning Sharja shahrida Tailand bilan ham o‘yin tashkil etiladi. Shundan so‘ng, rasmiy uchrashuvlarga kirishiladi.
Bilib turibsizki, Toshev “Buxoro” klubiga ayni paytda vaqt ajrata olmaydi. Faqatgina jahon chempionati ikkinchi saralash bosqichi tugaganidan keyin Usmon Qudratovich rasman Tojikiston terma jamoasini tark etadi va butun diqqatini “Buxoro” klubiga qaratadi.
Yodingizda bo‘lsa, Toshev yaqinda sports.uz muxbiriga bergan intervyusida “Buxoro”da menejer bo‘lganini va natijaga ham o‘zi javob berishi haqida aytgandi. Bu gaplar bejiz emas. Boisi, bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, Usmon Qudratovich Tojikistondagi faoliyatini tugatgach, “Buxoro”da o‘zi ishga kirishadi. Aniqrog‘i, murabbiylik ishini ham parallel ravishda davom ettirishi kutilmoqda.
Hozirgi paytda “Buxoro” jamoasi musobaqa jadvalida 13 ochko bilan 3-o‘rinni egallab turibdi. Albatta, hali hech nima yo‘qotilgani yo‘q. Ammo 1-o‘rindagi “Neftchi”dan olti ochkoga ortda qolyapti. Toshev esa jamoani Superligaga qaytarish asosiy vazifa ekanligi haqida gapirgan. Tezroq bu klubda tartibni joyga qo‘ymasa, ertaga kech bo‘ladi.
Fikrlar