
"Buxoro"da koronavirusga chalingan futbolchilarning holati qanday? Bosh murabbiy masalasi nima bo‘ldi?
Koronavirus sabab Coca-Cola Superliganing 10-tur uchrashuvlari 28 iyulga qoldirildi. “Buxoro”da 8 nafar o‘yinchi “Covid-19”ni yuqtirib olgan. Boshqa klublarda ham shunday holatlar yuz bermoqda. Bunday vaziyatda chempionatni yana davom ettirish yoki ettirmaslik borasida turli xil fikrlar bildirilmoqda. Tabiiyki, PFL bu borada klublarning ham fikrlarini tinglab ko‘rdi.
Hozirgi vaziyatdan kelib chiqqan holda “Buxoro” klubidagi holatga e’tibor qaratdik. Yaqinda xabar berganimizdek, klubning texnik direktori Jamshid Saidov vaqtincha bosh murabbiy vazifasini bajarib turibdi. Oxirgi paytlarda esa “Buxoro”da bosh murabbiy almashishi haqidagi xabarlar yangramoqda. Qolaversa, jamoa a’zolarining koronavirusga chalingani ham alohida mavzuga aylandi. Shularni hisobga olib, Jamshid Saidovga o‘zimizni qiziqtirgan ayrim savollar bilan murojaat qildik.
- Chempionatni to‘xtatish yoki davom ettirish yuzasidan munosabatingiz qayday?
- Hozirgi vaziyatni barcha yaxshi tushunib turibdi. Birinchi navbatda futbolchilarning sog‘ligi muhim. PFL tomonidan chempionatimizning navbatdagi turini keyinroqqa qoldirgani haqidagi qarorini hurmat qilamiz. Odamlarda esa kasallanish holatlari ko‘payib boryapti. Vaziyatga jiddiy qarash kerak. Mana, “Buxoro”dan 8 nafar futbolchidan virus aniqlandi, “Paxtakor”dan esa besh futbolchida shunday holat kuzatilgan. Yana boshqa klublar ham test topshirishyapti. Shu bois xushyorlikni oshirish lozim. To‘g‘ri, ayrim klublarimiz chempionatni davom ettirishni istashyapti. Bir tomondan qaraganda, bunda ham jon bor. Agar yana to‘xtatiladigan bo‘lsa, unda futbolchilar o‘yin ritmidan chiqib qoladilar.
- Darhaqiqat, “Buxoro”dan 8 nafar o‘yinchida koronavirus yuqtirib olganligi aniqlandi. Hozirda ularning holati qanday?
- Ayni paytda koronavirusga chalingan futbolchilarimiz qat’iy karantin qoidalari asosida alohida shifokorlar nazoratida bo‘lib turibdilar va kerakli muolajalarni olishmoqda. Bir necha kundan so‘ng yana test topshiradilar. Umuman olganda, futbolchilarning holati yaxshi. Qolgan yigitlarimiz esa soppa-sog‘ va ularni ham doimiy nazorat qilib turibmiz.
- Aynan qaysi futbolchilar koronavirus yuqtirib olishgan?
- Kechirasiz, ularning nomlarini ayta olmayman.
- Shunday vaziyatda ham mashg‘ulotlar davom etyaptimi yoki vaqtincha to‘xtatib turibsizlarmi?
- Biz qolgan o‘yinchilar bilan mashg‘ulotlarni davom ettirib turibmiz.
- Umuman olganda, jamoadagi o‘yinchilarning kayfiyati qanday? Tushkunlik alomatlari yo‘qmi?
- Kayfiyat qanday bo‘lishi mumkin? Futbolchilarning kayfiyati turnir jadvalida egallab turgan o‘rnimizga yarasha-da. Umuman aytganda, muhit yaxshi, yomon emas. Hamma “Buxoro”ni qiyin vaziyatdan olib chiqish uchun mehnat qilyapti. Mashg‘ulotlarda ham barcha astoydil ishlayapti.
- Bundan tashqari, klubda bosh murabbiy sifatida Aleksandr Xomyakovning ish boshlashi ham kutilmoqda. Bu masala hal bo‘ldimi?
- Aleksandr Xomyakov masalasi hali uzil-kesil hal bo‘lgani yo‘q. Chunki Muhsin Muhammadiev bosh murabbiy vazifasidan hozircha rasman ketmagan. Rahbariyat Muhammadiev bilan o‘zaro kelishgan holda shartnomani bekor qilish yuzasidan gaplashyapti. Shu sababli hali bosh murabbiy masalasi aniq emas. To‘g‘risi, hozircha oldindan bir nima, deb bo‘lmaydi.
Fikrlar