
"Buxoro"da bosh murabbiy o‘zgartirilishidan maqsad g‘alabalarga erishishmidi? Unda natija qani? Yoxud Berdiev rahbariyatni uyaltirib qo‘ymasligi kerak-da!
Superligadan keyingi o‘rinda turuvchi pro-ligada ham musobaqalar qizg‘in tus olgan. Turnir jadvaliga nazar tashlasangiz, kutilgan manzarani ko‘rish mumkin. Asosiy favorit sifatida tilga olinayotgan “Neftchi” jamoasi mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirib, 13 ochko bilan yakka peshqadam bo‘lib turibdi. “Buxoro”, “Xorazm” va “Olimpik” klublari 10 ochko bilan keyingi o‘rinlarda bormoqdalar. Kurash esa borgan sari shiddatli tus olyapti.
E’tibor bergan bo‘lsangiz, Superligada allaqachon murabbiylar o‘rtasida iste’folar boshlanib ketgan. Serxio Marinangeli, No‘’mon Hasanov, Andrey Shipilov, Otabek G‘ulomxo‘jaev...hozircha shular, balki bu ro‘yxat yana davom etishi ham ehtimol. Xo‘sh, bu borada pro-ligada vaziyat qanaqa? Bilasiz, Farg‘onaning “Istiqlol” jamoasi yaqinda musobaqadan chiqib ketdi. Ungacha esa ularda bosh murabbiy o‘zgargan bo‘lib, Bahodir Shamshiddinov o‘rniga Bahrom Hakimov tayinlangandi. Biroq “Istiqlol” mag‘lubiyatlar girdobidan qutulavermagach, rahbariyat jamoani tugatib qo‘ya qoldi.
Pro-lidaga yana bir jamoada ham murabbiy iste’fosi yuz berganidan xabaringiz bor-a? O‘z oldiga Superligaga chiqish vazifasini qo‘ygan “Buxoro” kutilmaganda Davron Fayzievni iste’foga chiqarib, Anvar Berdievni o‘rniga tayinladilar. Yuqorida “Istiqlol”ga aloqadorligi shundaki, Berdiev buxoroliklarga ushbu klubdan kelgandi. Ammo o‘shanda uning “Istiqlol”dan “Buxoro”ga ko‘chib o‘tishi turli gap-so‘zlarga ham sabab bo‘lgani esimizda turibdi.
Hammasi kechagidek yodimizda, avvaliga Berdievni bosh murabbiylikka taklif qilishdi, hatto uning o‘zi shunday deb intervyu ham bergandi-yu, biroq voqealar rivoji o‘zgarib u murabbiylar shtabidan o‘rin oldi. Berdiev esa o‘sha suhbatni biroz to‘xtatib turishimizni qattiq iltimos qilgandi (keyinchalik o‘sha suhbat qolib ketdi). Chunki amaldagi bosh murabbiy Davron Fayzievning iste’fosi rasman o‘z tasdig‘ini topmagan. Natijada nima bo‘ldi? Berdiev o‘zi bilan birga Lebedevni “Buxoro”ga etakladi. Ular Fayzievning murabbiylar shtabidan joy oldi. Darvoqe, ungacha ham Davron Oripovichning “Buxoro”dan ketayotgani haqidagi mish-mishlar avj olgandi. Lekin yakunda shunday bo‘ldiki, u klubda qoldi, Berdiev bilan Lebedev ham kutilganidek ish boshladi. Qizig‘i, o‘sha paytda Davron Fayziev intervyu berib, Berdievni o‘zi taklif qilgani haqida gapirgandi. O‘shanda vaziyat bunday tus olganiga o‘zimiz ham unchalik ishonmagandik va bu taxminlarimiz keyinchalik o‘zini oqladi. Bu haqda sal quyiroqda to‘xtalamiz.
Demoqchimizki, Davron Fayziev yaqinda “Buxoro”dan ketdi. Nima uchun? Qanday sabablarga ko‘ra? Uning sports.uz saytiga bergan intervyusi yodingizdami? O‘shanda klubdan ketishini rahbariyat tomonidan o‘ziga nisbatan ishonchsizlik paydo bo‘lgani bilan izohlagandi. Lekin bizni hayron qoldirgani shundaki, Fayziev boshchiligidagi jamoaning natijalari uning iste’fosiga arzirmidi? 4 ta o‘yinda 3 ta g‘alaba va 1 ta mag‘lubiyat kuzatildi. O‘zbekiston Kubogining dastlabki bahsida “Dinamo” bilan durang qayd etildi. Hali mavsum boshlanganiga hech qancha vaqt bo‘lmagan, murabbiy esa jamoani shakllantirish jarayonida edi.
Xullas, Fayziev baribir “Buxoro”dan ketdi, albatta o‘zi istab emas. Anvar Berdiev esa kutilganidek bosh murabbiyga aylandi. Voqealar rivoji esa shunga qarab ketayotgandek edi. Ya’ni, uning aslida Buxoroga kelishi bejiz emasdi. Endi yuqoridagi fikrni davom ettiramiz. Berdiev jamoada ish boshlaganida Davron Fayziev o‘zi uni taklif qilganiga to‘xtalgandi. Ammo u jamoadan ketgach, bergan intervyusida aslida Anvar Berdievni chaqirmaganini tan oldi. Bu rahbariyatning qarori bo‘lganiga to‘xtaldi. “Buxoro”da ish boshlaganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmagan Fayziev tushunarsiz sabablarga ko‘ra ishdan bo‘shatildi.
Oxir-oqibat Berdiev bosh murabbiylikka tayinlandi. Endi “Buxoro”ning natijalariga qaraymiz! Yangi bosh murabbiyning debyut bahsi O‘zbekiston Kubogiga to‘g‘ri keldi. Ikkinchi turda “Surxon” bilan kuch sinashishdi. O‘sha bahsda buxoroliklar o‘yinni yaxshi boshlashdi va 0:2 hisobida oldinga chiqib olishgandi. Biroq uchrashuv yakunida tabloda 5:2 hisobi porlab turardi! Uchinchi turda esa “G‘ijduvon” bilan bahs yuritgan buxoroliklar 2:2 hisobida durang o‘ynadi. Oqibatda klub ikki ochko bilan guruhda qolib ketdi. “Dinamo” bilan “Surxon” esa keyingi bosqichga yo‘l oldilar. Shunday qilib, “Buxoro” Kubok bahslarini tark etdi. Keyin esa Anvar Berdiev pro-ligada “Buxoro” ustozi sifatidagi ilk o‘yinini o‘tkazdi. Safarda “Aral Samali”ga qarshi to‘p surgan jamoa arang mag‘lubiyatdan qutulib qoldi va uchrashuv 2:2 hisobida yakun topdi.
Berdievni bosh murabbiylikka tayinlashdan maqsad g‘alabalar bardavomligini ta’minlash edimi? “Buxoro” rahbariyati klubda qaysi murabbiy ishlashidan qat’iy nazar faqat natijani talab qilayotgani sir emas. Biroq Anvar Berdiev boshchiligida hozircha uchta o‘yin o‘tkazgan “Buxoro” g‘alaba qozona olmay kelyapti. Balki aytishingiz mumkin, axir uning bosh murabbiy rolida ish boshlaganiga ko‘p vaqt bo‘lmadi-ku, deb! Ammo Fayzievni ham jamoada ishga kirishganiga yillar emas, endi sanoqli oylar bo‘lgandi xolos. Shunday bo‘lsa-da, uning ishidan qoniqishmadi. Endi bo‘lsa, Berdiev o‘ziga ishonch bildirgan rahbariyatni uyaltirib qo‘ymasligi kerak-da! Aks holda qilingan bu o‘zgarish mutlaqo o‘zini oqlamaganini bildirib qo‘yadi. Aytmoqchi bo‘lganimiz, buxorolik muxlislar sevimli jamoasidan g‘alaba kutayotgan bir paytda vaziyatning bunday tus olishi ularga yoqmayotgani shubhasiz. Albatta, Berdievni “Buxoro” bosh murabbiyi sifatida ishga kirishgani bu uning uchun yangi chaqiruv. Lekin uni oldinda nimalar kutmoqda? Oldiga qo‘yilgan vazifani qay darajada uddalay oladi? Muhimi, maqsadga erishish uchun g‘alabalar zarur. Berdiev esa avvalo “Buxoro”da g‘alabalar sonini ochishi kerak, qolganini vaqt ko‘rsatadi.
Fikrlar