
Buxoro va Yaypandagi o‘yinlar ham “Andijon”ning natijasiga soya sola olmadi
22-24 sentyabr hamda 9-10 noyabr kunlari Superligada 19-tur bahslari o‘tkazildi. Natijalar bilan saytimiz orqali xabar berib bordik.
Ushbu turda bir qator qiziqarli o‘yinlar, o‘ziga xos qarama-qarshiliklar kuzatildi.
FIFA kunlari va Osiyo Chempionlar ligasida qatnashgan futbolchilari bor klublar salbiy natijalar qayd etdi. “Navbahor” vodiy derbisida “Andijon”ga oxirgi daqiqalarda imkoniyatni boy berdi. “Nasaf” kutilmaganda “Bunyodkor”dan engildi. “Paxtakor” penalti evaziga mag‘lubiyatdan qutilib qoldi.
“Surxon” ko‘p dam olib yubordi shekilli, ochko ko‘proq zarur bo‘lgan “Qizilqum” 3 ochkoni ilib ketdi. “Metallurg” esa Toshkent viloyati qarama-qarshiligida yana OKMKni dog‘da qoldirdi.
19-turda ikkita o‘yin 9-10 noyabrda o‘tkazildi. Olimpiya terma jamoamiz Xitoydagi Osiyo o‘yinlarida qatnashgani uchun “Olimpik”ning o‘yini qoldirilgandi. “Turon” - “Neftchi” o‘rtasidagi Farg‘ona viloyati derbisi Qozondagi tadbir tufayli boshqa sanaga surilgandi.
Yaypanliklar vodiy derbisida viloyatning bosh jamoasiga yirik 0:3hisobida taslim bo‘ldi. Bu orqali Yorqin Nazarov jamoasi bir oyog‘i bilan Pro ligaga tushdi. Ertasi kuni Superligani tark etishi deyarli aniq bo‘layotgan “Buxoro” o‘z uyida “Olimpik”dan engildi. Oxirgi daqiqalarda qo‘yilgan penalti (hakamning noto‘g‘ri qarori sabab) buxoroliklarni muddatidan avval Pro Ligaga tushib ketishiga olib keldi.
Endi esa turga oid qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etamiz. Ya’ni an’anamizga sodiq qolgan holda tur muxlislari statistikasi bilan tanishtiramiz.
19-turda stadionlarimizga jami 28952 tomoshabin tashrif buyurdi. Bu har bir bellashuvga o‘rtacha 4136ni tashkil qiladi.
Eng ko‘p muxlis Andijonda. “Andijon” - “Navbahor” o‘rtasidagi o‘yinni 15231 tomoshabin arenadan kuzatgandi. Bu o‘yinning ahamiyati ancha yuqori edi. Chunki Andijonga yaqindagina shov-shuv ko‘targan “Navbahor” kelgandi. Shu bois stadionga ko‘plab muxlislar tashrif buyurdi.
“Nasaf” - “Bunyodkor” o‘rtasidagi turning markaziy uchrashuvlaridan biriga 4905 ishqiboz tashrif buyurdi. Jamoalarning o‘zaro hisob-kitobi bor edi. Ammo yakunda “qaldirg‘ochlar” payt poylab oxirgi daqiqalarga yaqin gol urib, ortga g‘alaba bilan qaytishni uddaladi. Vaholanki, Ro‘ziqul Berdiev jamoasi OChLdagi g‘alabadan yaxshi kayfiyatda ekani sabab uchrashuvni ijobiy natija bilan yakunlashi kutilgandi. Biroq…
Ko‘plab qiziqish va voqealarga sabab bo‘lgan “So‘g‘diyona” - “Paxtakor” bellashuvini 2594 ishqiboz kuzatdi xolos. Ivan Boshkovich yaxshi jamoa shakllantirayotgan bir pallada unga muxlislar tomonidan javob ham bo‘lishi kerak, nazarimizda.
Eng kam tomoshabin poytaxtda. Toshkentning “o‘gay” klubi “Surxon”ning “Qizilqum”ga qarshi uchrashuviga 681 kishi stadionga keldi.
Quyida Superliganing ushbu turiga tashrif buyurgan muxlislar statistikasi bilan tanishing (muxlislar soni PFL saytidan olindi):
“Andijon” - “Navbahor” 2:1. 15231 tomoshabin
“Nasaf” - “Bunyodkor” 0:1. 4905 tomoshabin
“So‘g‘diyona” - “Paxtakor” 1:1. 2594 tomoshabin
OKMK - “Metallurg” 2:4. 2345 tomoshabin
“Turon” - “Neftchi” 0:3. 1951 tomoshabin
“Buxoro” - “Olimpik” 0:1. 1245 tomoshabin
“Surxon” - “Qizilqum” 1:2. 681 tomoshabin
Fikrlar