
"Buxoro" uchta turdan beri faqat 0:0 o‘ynayapti. Duranglar klubni Superligada jon saqlashiga etadimi? Bosh murabbiy esa pulsiz qolgan futbolchilarni qanday ruhlantiryapti?
“Buxoro” oxirgi uchta turdan beri faqat 0:0 hisobida durang o‘ynab kelyapti. Natijada 11 ochko bilan oxirgi o‘rinni band etib turibdi. Biroq klubning asosiy raqobatchilari – “Andijon” bilan “Surxon” ham uzoqlashib ketishgani yo‘q va o‘rtada faqat bir ochkolik farq bor.
Qolaversa, 20-turda “Andijon” ham, “Surxon” ham o‘ta yirik hisoblarda yutqazishdi. “Buxoro” esa duranglar bilan bo‘lsa ham ochko yig‘ishda davom etyapti. Bu turda esa ular safarda “Metallurg” bilan bir ochkodan bo‘lishib olishdi.
Buxoroliklar bosh murabbiyi Jamshid Saidovning oldiga esa klubni Superligada saqlab qolish vazifasi yuklatilgan. Biroq jamoada muammolar bor, aslida shuning uchun ham “Buxoro” oxirgi o‘rinda boryapti. Bosh murabbiy sports.uz muxbiriga hozirgi og‘ir vaziyat haqida gapirdi.
- Bekobodda qayd etilgan durangdan qoniqdingizmi?
- Albatta. Buning ustiga biz “Metallurg” bilan o‘ynadik. Undan oldin “Nasaf” va “Navbahor” jamoalari bilan ham durang o‘ynagandik. To‘g‘ri, o‘sha uchrashuvlarda yutqazmadik, biroq yutishimiz kerak-da Umuman, natijalarimiz yomon emas. Futbolchilar harakat qilishyapti. Bizdagi katta muammo mablag‘ bilan bog‘liq. Hozir moliyaviy ahvolimiz og‘ir.
- Sir bo‘lmasa, qancha qarzdorlik bor?
- Besh oylik qarzi bor, mana, oltinchi oy ketyapti.
- Superligada qolish yo‘lidagi kurashda moliyaviy muammolar yuz berayotgan bo‘lsa, bunday paytda futbolchilarda qanday qilib motivatsiyani uyg‘otyapsiz?
- Futbolchilarni ham oilasi bor. Futbolda motivatsiya bo‘lmasa qiyin. Ko‘ryapsiz, yoshlarga e’tiborni oshirdik. Birinchi navbatda ular uchun futbol o‘ynash muhim. Ikkinchi masala bu moliyaviy holat bilan bog‘liq. Baribir pul bo‘lmasa juda ham qiyin. Odamlar chetdan turib baho berishlari mumkin. Biroq pulsiz hech nima qila olmaysiz. Futbolchilarning ovqatlanishi, bordi-keldilari ham katta xarajat. Oddiygina Buxorodan Toshkentga 40-45 ta odamni olib kelsangiz bunga qancha pul ketadi? Bazamiz bor va uning ishchilariga ham maosh to‘lash kerak. Futbolda hammaning hissasi bo‘ladi, o‘sha oshpaz yoki qorovulni ham. Agar pul bo‘lsa, yigitlarda ham motivatsiya yanada kuchayadi. Ammo futbolchilarimizda, yoshlarimizda ishtiyoq bor. Ko‘rayotgan bo‘lsangiz, yoshlarimiz Superligada o‘ynashni boshlashdi. Ularni o‘rinbosarlar jamoasidan olganmiz.
- Jamoa etakchilari nega ko‘rinishmayapti?
- Aziz Ibragimov, Maksimilian Fomin, Jasur Hasanov singari futbolchilarimiz jarohat olishgandi. Ular asta-sekin sog‘ayishyapti.
- Superligada qolish uchun kurash “Buxoro”, “Andijon” va “Surxon” o‘rtasida kechyapti. Bu turda esa “Andijon” ham, “Surxon” ham oltitadan gol o‘tkazib yutqazishdi. Yaqin ta’qibchilaringizni diqqat bilan kuzatayotgandirsiz-a?
- Albatta, ko‘rib turibman. Ular yutqazsa biz uchun ham yaxshi (kuladi). Chunki jamoamizdan uzoqlashib ketishmaydi. Futbolda bu normal vaziyat. To‘g‘ri, bundan xursand bo‘lmayman, biroq “Andijon”ning va “Surxon”ning g‘alaba qozonmagani biz uchun yaxshi-da. Chunki jamoamizning asosiy ta’qibchilari o‘shalar.
- Superligada qolish uchun kurash oxirgi turda hal bo‘ladimi yoki ungacha aniqlanishi mumkinmi?
- Bilmadim. Balki hammasi oxirida hal bo‘lar. Chempionat tugashiga oltita tur qoldi. O‘ylaymanki, kurash so‘nggi turgacha kechsa kerak.
- Oxirgi to‘rtta tur yana markazlashgan holda o‘tishi mumkinligi aytilmoqda. Bunga qanday qaraysiz?
- Bizga farqi yo‘q. Axir shundoq ham o‘z uyimizdagi o‘yinlarimizni “Mash’al”ning maydonida o‘tkazib kelyapmiz. Xuddi hamma uchrashuvlarni safarda o‘tkazayotgandekmiz. Faqat bitta tomoni borki, bu moliyaviy holat bilan bog‘liq. Markazlashtirilgan holda o‘yinlarning o‘tkazilishi qo‘shimcha chiqimlarga sabab bo‘ladi.
- Buxorolik sifatida viloyat futbolini yaxshi bilasiz. Oxirgi paytlarda Buxoroda futbol pasayib ketayotgandek. Buning asosiy muammosi nimada deb o‘ylaysiz?
- Muammolar ko‘p. Lekin hozir bu haqda ayta olmayman, bunga hali vaqt bor. Men kutib o‘tiribman. Xudo xohlasa, vazifamizni bajara olsak, sizga bitta intervyu beraman.
- “Buxoro” uchta turdan beri durang o‘ynayapti. Agar Superligada qolish uchun ushbu duranglar etarli bo‘lsa, chempionat oxirigacha o‘yinlarning durang bilan tugashiga rozi bo‘larmidingiz?
- (Kuladi) Hammasi bilan durang o‘ynasak olti ochko va jami 16 ochkoimiz bo‘ladi. Menimcha, bu ochkolar qolish uchun etmaydi. Yana bilmadim. Chempionatda nima bo‘lishini bilib bo‘lmaydi. Balki yaqin ta’qibchilar yana yutqazishsa 15 ochko ham qolish uchun etarli bo‘lishi mumkin. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.
Fikrlar