
"Buxoro" murabbiyi: "Ishonchli g‘alaba, ammo o‘yindan unchalik qoniqmadim"
”Buxoro” klubi pro-liganing navbatdagi turida “Sho‘rtan”ni qabul qilib, javobsiz uchta gol urgan holda uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Buxoroliklar murabbiyi Mirislom Hasanov mazkur g‘alaba va keyingi bellashuv haqida shunday dedi:
- Ko‘rdingiz, havo issiqligiga qaramay, yigitlar borlarini berib, ishonchli g‘alabaga erishishdi. Futbolchilarga katta rahmat, uyaltirishmadi.
Boshida ozgina qiyin bo‘ldi. Baribir havoning issiqligi xohlasangiz ham, xohlamasangiz ham ta’sir qiladi. Ozgina charchoq ham sezildi. Ikkinchi bo‘limda zaxiradan maydonga tushgan o‘yinchilar shubhasiz o‘yinimizni kuchaytirdilar.
Bu o‘yindan unchalik qoniqmagan bo‘lsam-da, shukurki, barchasi biz uchun ijobiy yakunlandi. Keyingi turda “Olimpik” jamoasiga qarshi to‘p suramiz. Hozir bu klub bilan ochkolarimiz bir xil bo‘lib turibdi. Shunga yarasha bo‘lajak uchrashuvning ahamiyati yuqori. Xudo xohlasa, ishqibozlarimizni g‘alaba bilan xursand qilishga tayyormiz.
"Buxoro" matbuot xizmati.
Fikrlar