
"Bunyodkor"ni rozi qilib ketaman, Slutskiy bilan gaplashdim, ammo..." - Umarali Rahmonaliev "Rubin"ga o‘tish tafsilotlari haqida gapirdi
“Bunyodkor” klubi a’zosi Umarali Rahmonaliev Rossiyaning “Rubin” klubi bilan kelishuvga erishgani haqida xabar berildi. Iqtidorli o‘yinchiga Evropadan turli qiziqishlar mavjud edi va ularning orasidan “Rubin” tanlandi. Lekin hozircha Rahmonaliev hamon “Bunyodkor”ga tegishli.
Yangi mavsumdan e’tiboran “Rubin” jamoasiga ko‘chib o‘tadi. Ammo hozirning o‘zidayoq futbolchimizning transfer masalasi hal bo‘lib qolishi ham hech gap emas. Umarali bu borada Sports.uz muxbirining savollariga javob qaytardi.
- Umarali, faoliyatingizda yangi sahifa ochilayotgani e’tiborga molik. “Rubin” taklifi qachon paydo bo‘ldi?
- Bundan oldin ham menga boshqa klublardan takliflar bo‘lgandi. Lekin bu haqida aytish shart emas. Faqat shuni ta’kidlashim mumkinki, qiziqishlar Evropa klublaridan bo‘ldi. Agentlarimning taklifiga ko‘ra, “Rubin” varianti paydo bo‘ldi. Klub bosh murabbiyi Leonid Slutskiyning o‘zi o‘yinlarimni ko‘rib yoqtirib qolgan ekan. Shuning uchun “Rubin” tomonidan jiddiy qiziqish bo‘layotganligi sababli o‘zimga ham bu taklif har tomonlama qulay bo‘lib ko‘rindi. Bilasiz, murabbiyni o‘zi ishonch bildirsa, hammasi yaxshi bo‘ladi. “Rubin”dagi sharoitlar Rossiyada top-3 talikda turadi. Birdaniga Rossiya premer-ligasiga borib o‘ynash biroz qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Shunday bo‘lmasligi uchun “Rubin” yaxshi variant. Chunki klub birinchi divizionda qatnashyapti. Bu men uchun yanada tramplin bo‘lishi sababli ham “Rubin”ni tanladim. Xabaringiz bo‘lsa, agentim Raul Abdurahmonov. U orqali “Rubin”ga o‘tish ishlari hal bo‘ldi. Hujjat ishlarini o‘zi hal qildi. Faqat “Bunyodkor”ni rozi qilib ketish kerakligini aytdim. Chunki klubim men uchun shunchalik jon kuydirdi. Shu sababdan ketar chog‘imda jamoamga biroz bo‘lsa ham nafim tegishini istayman. Birinchi aytgan gapim: men orqali “Bunyodkor” klubi foyda olishi kerakligini tushuntirdim. Transfer ham bozordagi kabi oldi-sotdi narsa ekan. “Rubin” klubi boshlang‘ich narx sifatida 50 ming evro bilan chiqdi. “Bunyodkor” esa bunga javob ham yozib o‘tirmadi. “Rubin” yana qiziqish bildirishda davom etdi. “Bunyodkor” “Rubin”ga 1 million dollarga sotamiz, degan javobni bildirdi. “Rubin” bo‘lsa, hozirgi yozdayoq 130 ming dollarga sotib olish taklifini o‘rtaga tashladi. Hozircha shunaqa gaplar. Shartnoma bo‘yicha men keyingi yil boshidan rasman “Rubin” futbolchisiman. Shartnoma muddati 2,5+1.
- Darhaqiqat, “Rubin” sizni hozirni o‘zidayoq o‘z safida ko‘rmoqchi bo‘lyapti. O‘zingizga qolsa, qaysi variant ma’qul?
- Birinchi o‘rinda hammasi Xudodan. Qaysi biri bo‘lsa ham men tayyorman. “Bunyodkor”da qoladigan bo‘lsam ham bu erda bor salohiyatimni ishga solib yordam ko‘rsatishga tayyorman. Agar “Rubin” masalasi hal bo‘ladigan bo‘lsa, kelajakdagi orzular sari yo‘l olmoqchiman.
- Voqealar rivoji ko‘proq qaysi tomonga siljishi mumkin deb o‘ylaysiz?
- To‘g‘risi, aniq xabarim yo‘q. Bu “Bunyodkor”ni zimmasidagi narsa. Klub nimani istasa, shuni qiladi. Ayni paytda shu yilning 31 dekabr sanasigacha men “Bunyodkor” klubi o‘yinchisiman. Klubim nimani istasa, shu bo‘ladi. Ularning aytganiga rozi bo‘lishga majburmiz. Chunki amalda shartnomam bor.
- “Rubin” siz uchun yangi chaqiruv. Lekin hali yoshsiz va bu balki katta tavakkalchilik bo‘lishi ham mumkin. Barcha qiyinchiliklarga tayyormisiz?
- Ko‘pchilik yana o‘ynashing kerak, O‘zbekiston chempionatida endi “yorilib” chiqyapsan, yana biroz tajriba to‘plashing kerak degan fikrlarni ftubolchilar ham, mutaxassislar ham aytishyapti. Yana ko‘pni ko‘rgan insonlardan ham eshityapmanki, bunday chaqiruv boshqa bo‘ladimi-yo‘qmi, masalaning shu tomonini ham o‘ylab ko‘rgin deb aytishdi. Ertaga nima bo‘lishini faqat Xudo biladi. Maqsadim bor va bunga mehnatim orqali erishaman, degan shior ostida faqatgina oldinga qadam bosaman. Yo‘limda uchraydigan turli qiyinchiliklarni engib o‘tish uchun o‘zimda kuch topa olaman, ishlashdan to‘xtamayman. Albatta, Superligada asta-sekin o‘ynashni boshladim va yana tajriba kerakligi aniq. Qabul qilingan qaror qanchalik o‘zini oqlaydi yoki yo‘q, bu kelasi yili “Rubin”dagi faoliyatim jarayonida ma’lum bo‘ladi.
- “Rubin” bosh murabbiyi Slutskiy bilan gaplashishga ulgurgandirsiz?
- Albatta.
- Ilk suhbat qanday kechdi?
- Hozirdan bu haqida ommaga tarqatish noto‘g‘ri deb o‘ylayman. Chunki men hali “Bunyodkor” o‘yinchisi hisoblanaman. Shuning uchun “Rubin” bosh murabbiyi bilan suhbatimiz qanday kechganini aytishim to‘g‘ri kelmaydi. Odamlar eshitadigan bo‘lsa, odamlar bu futbolchini o‘y-hayoli faqat “Rubin”da ekan, “Bunyodkor”ni esdan chiqaribdi, deb o‘ylashlari mumkin. Qachonki, rasman “Rubin”ga ko‘chib o‘tganimda shu savolingizga javob beraman.
- “Bunyodkor”dan Jasur Jaloliddinov “Lokomotiv”ga ketib, keyin nimalar bo‘lganini hamma biladi. Oston O‘runov ham hozirda Rossiyada o‘z o‘rniga ega bo‘la olmay yuribdi. Siz bilan ham yana shunga o‘xshash holatlar takrorlanib qolmasligini istaymiz. Bu voqealardan qanday xulosa chiqaryapsiz?
- Taqdir birinchi navbatda Alloh tomonidan belgilanadi. Biz sababini qilishga harakat qilamiz. Mehnatimiz orqali ro‘yobga chiqishi mumkin. Bu yo‘lda qattiq mehnat kerak va oddiylikni ham yo‘qotmaslik darkor. Ularni manmanlikka berilgan yoki ishlashdan to‘xtagan demoqchi emasman. Faqat ishlashda davom etish kerak. Bu ishlar bizga motivatsiya bo‘lishi lozim. Rossiya tomonga intilyapmizmi, maqsad shunga yarasha kattaroq bo‘lishi lozim. Yuqoridagi ishlar bo‘yicha uning yomon tomonlarini o‘ylashlar xayolimizga ham kelmasligi kerak. Bunday chaqiruv biz uchun tramplin vazifasini o‘tab berishi lozim.
- Oldingizga qo‘ygan maqsadingiz fonida ko‘proq qaysi futbolchini o‘zingizga namuna qilgansiz?
- O‘zbek futbolchilaridan ko‘plarini aytishim mumkin. Masalan, Ngolo Kantening hayotini ham kuzatib boraman. Uning hayoti oddiylikdan iborat. Ishiga bo‘lgan hurmat, intilish va mehnat yuqori. Shu darajaga mehnati orqali erishgan. Kante, Modrich kabi o‘yinchilarga qarab intilishga harakat qilaman.
- “Bunyodkor”ga barqarorlik etishmayapti. U erdagi ishlaringiz qanday? Masalan, klubning natijalari o‘xshamayotgani kayfiyatingizga ham ta’sir ko‘rsatyaptimi?
- To‘g‘risi, biroz omad etishmayapti. Shu sababli natijalar ham ko‘ngildagidek bo‘lmayapti. Bunday vaziyatdan jamoamiz birlashgan holda, qo‘rqmasdan ishlashda davom etadigan bo‘lsak, vaziyatni o‘zgartira olamiz. Faqat mana shunday qiyinchilik paytida barchamiz birlashishimiz kerak. Futbolda natija muhim rol o‘ynaydi.
- “Rubin” klubi dastlabki o‘yinlarda g‘alaba qozonishga erishdi. Kuzatishni boshladingizmi?
- Jamoani kuzatishni boshladim. Oldindan Rossiya chempionatiga qiziqardim. Bu mening maqsadimdagi jamoa bo‘lib, quyi ligada bo‘lsa ham o‘yin shakli o‘xshab ketishi bois Rossiya klublarini o‘yinlarini kuzatib borardim.
Fikrlar