
Bunday natija faqat "Andijon"da bor, xolos yoxud jamoa bir oyog‘i bilan Superligadami?
“Andijon” uchun sentyabr oyi qanday o‘tdi? Viktor Kumikov jamoasi ortda qolgan oyda 4 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Mazkur bahslarda jamoa g‘alaba, durang va mag‘lubiyatni boshidan kechirdi.
Yodingizda bo‘lsa, “Burgutlar” sentyabr oyini O‘zbekiston Kubogi chorak finaldagi o‘yin bilan boshlagan bo‘lib, 3-sanada “Bobur Arena”da AGMKni qabul qilgan jamoamiz 0:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Keyingi ikkita o‘yin 7 va 10 sentyabrga to‘g‘ri kelganini yaxshi bilasiz. Safarda “Mash’al” va “Buxoro” maydonida kechgan bahslarda “Andijon” bir xil – 1:2 hisoblaridagi g‘alaba bilan qaytishga muvaffaq bo‘ldi.
Shuningdek, sentyabr oyidagi oxirgi uchrashuv yana “Mash’al”ga qarshi o‘tkazilganidan xabaringiz bor. Pro ligada jamoalar ikkiga ajralganidan keyin tashlangan qur’aga ko‘ra, “Burgutlar” Muborakdagi maydonda to‘p surdi va bu safar 0:0 hisobi qayd etildi. Statistika shuni ko‘rsatyaptiki, “Andijon” sentyabrda raqiblar darvozasiga 4 ta gol urdi va o‘z darvozasidan 4 ta to‘p olib chiqdi. Aynan jamoaning o‘sha bir hafta ichida 3 ta muhim o‘yinni o‘tkazgani va ayniqsa pro liga doirasida ketma-ket safardagi ikkita bahsdan 100 foizli natija bilan qaytgani e’tiborga molik.
Ayni chog‘da “Andijon” musobaqa jadvalida 44 ochko bilan yakka peshqadamlikni o‘z qo‘liga olgan. Yaqin ta’qibchisi hisoblangan “Turon” 2-o‘rinda va ushbu jamoadan 5 ochkoga oldinda, 3-pog‘onadagi “Buxoro”dan esa naqd 10 ochko ilgarilab ketgan.
4 ta o‘yinda jamoa tarkibida kimlar to‘liq o‘yin o‘tkazdi? Bu borada gap ketganda shuni aytish joizki, bir qancha futbolchilar sentyabr oyida “Andijon” safidagi bahslarni boshidan oxirigacha o‘tkazishdi. Bular – Abduvohid G‘ulomov, Muhammadkarim Toirov, Vladimir Bubanya, Goron Miloyko va Ildar Mamatkazin.
Yuqorida aytganimizdek, “Andijon” o‘tgan oyda 4 ta gol urdi. Shulardan ikkitasi Suhrob Berdievning hisobiga yozildi. U “Mash’al” va “Buxoro”ga qarshi safar uchrashuvlarida muhim gollarni urib jamoaning g‘alabasiga munosib hissa qo‘shdi. Bundan tashqari, Ildar Mamatkazin va Shahboz Erkinov ham o‘z hisobiga bittadan gol yozib qo‘ydi. Yana bir gap: kiritilgan 4 ta golning ikkitasi birinchi bo‘limda, yana ikkitasi ikkinchi bo‘limda urilgani e’tiborga molik.
Yana bir fakt: sentyabrdagi uchrashuvlarda "Andijon" darvozasiga 3 ta penalti belgilandi. “Mash’al” – “Andijon” qarama-qarshiligida muborakliklar a’zosi Nikita Pavlenko ikkinchi bo‘lim boshida hakam tomonidan belgilangan penaltini golga aylantirgandi. “Buxoro” maydonidagi uchrashuvda esa hakam birdaniga ikki marta darvozamiz tomon 11 metrli jarima nuqtasini ko‘rsatdi. Biroq “Buxoro” futbolchilari – Obid Jo‘raboev bilan Humoyunmirzo Iminov penaltilardan foydalana olishmagan. Jo‘raboevning zarbasi to‘singa tegib qaytgan bo‘lsa, Iminovning zarbasini darvozabon Eldor Adhamov qaytarib qolgan. “Andijon” foydasiga esa faqat bir bor penalti belgilangan. Yana o‘sha “Mash’al”ga qarshi uchrashuvdagi penaltini Shahboz Erkinov bexato amalga oshirdi.
O‘tgan oy mobaynida "Burgutlar"dan 10 nafar futbolchiga sariq kartochka ko‘rsatildi. Ildar Mamatkazin, Muhammadkarim Toirov, Shahboz Erkinov, Xurshid Xodjaev, Ahmadjon Anvarov, Suhrob Berdiev, Vladimir Bubanya, Abduvohid G‘ulomov, Farhod Sohibjonov va Abdurahmon Komilov bir martadan hakam tomonidan rasman ogohlantirilgan.
Sentyabrda "Andijon" klubi o‘z maydonida bitta va safarda uch marta o‘ynadi. O‘sha Kubok doirasida AGMKga qarshi uchrashuvni stadionga 6821 nafar muxlis kuzatgan. Albatta, safardagi uchrashuvlarda ham futbolchilarni ishqibozlar yolg‘izlatib qo‘yishgani yo‘q
Yana bir fakt shundan iboratki, “Andijon” pro ligada hozircha eng kam mag‘lubiyatga uchragan jamoa bo‘lib turibdi – 1 ta. Ya’ni, 6 oydan beri mag‘lubiyatsiz seriyasini qayd etib kelmoqda. Bunday natija faqat “Andijon”da bor xolos. Shu bois ham jamoa bugungi kunga kelib haqli ravishda peshqadam. Oldinda 7 ta tur qoldi.
Oktyabr oyida pro liga peshqadamini qanday o‘yinlar kutmoqda? 10 oktyabr sanasida “Bobur Arena”da “Buxoro” mehmon bo‘ladi. Oradan 6 kun o‘tib, Kumikov jamoasi safarda “Xorazm”ga qarshi maydonga tushadi. Oyning 24-sanasida esa “Turon”ni qabul qilishadi va 28 oktyabrda “Mash’al” bilan ham "Bobur arena"da bellashadi.
Fikrlar